Vashingtonda uyg'urlar namoyish o'tkazdi

Uyg'urlar Xitoydagi qonli voqealar va rasmiy Pekin zulmiga qarshi jahon bo'ylab namoyishlar uyushtirmoqda. Kecha Vashingtonda ham bir necha yuz kishilik namoyish bo'lgan. Ishtirokchilar xitoblari bilan shahar markazidan Xitoy elchixonasigacha yurish qilgan.

Namoyishga turli shtatlardan uyg'urlar keldi. Ular orasida bir vaqtlar O'zbekistonda yashagan uyg'urlar ham bor. Ko'p yoshlar to'plandi. Namoyish hissiyotlarga boy bo'ldi.

Jahon uyg'urlari yetakchisi Robiya Qodir namoyishga bosh bo'lib, ko'p sonli mahalliy jurnalistlar bilan muloqot qildi. Uning aytishicha, uyg'urlar Xitoy zulmidan to'yib namoyish qilmoqda.

Yoshu qari namoyishchilar Vashington ko'chalaridan yarim oy va yulduz bitilgan moviy rangli bayroqlar va "Xitoy, senga uyat!", "Sharqiy Turkistonga ozodlik, mustaqillik!" chaqiriqlari bilan o'tdi.

Yo'lda uchragan yo'lovchilarga uyg'urlarning nidosi bitilgan ingliz tilidagi varaqalar tarqatildi.

Uyg'ur yoshlaridan birining aytishicha, Xitoyda Internet va uyali aloqa o'chirilgan. Hukumat faqat o'ziga qulay axborotni uzatmoqda. Xorijdagi uyg'urlar Sharqiy Turkistondagi qarindoshlari va do'stlaridan voqealarni o'rganib, rasmlarni olib, jahonni haqiqatdan voqif qilishga harakat qilmoqda.

Namoyishchilarga ko'ra Urumchi va Guandon viloyatida pichoq, to'qmoq va metal predmetlar bilan qurollangan xitoylar mingga yaqin uyg'urni o'ldirgan. Xitoy matbuotida esa qurbonlar soni 156 nafar va aksariyati xitoylar deb ko'rsatilmoqda. Uyg'urlarning aytishicha, to'qnashuvlar paytida Xitoy shifokorlari yaralangan uyg'urlarga e'tibor bermay, tibbiy yordamni xitoylarga ko'rsatgan. Xavfsizlik kuchlari esa to'qnashuv joyiga ataylab kech borib, vaziyatga aralashmay uyg'urlar qatliomini chetdan kuzatgan.

Xitoy hukumatining repressiv siyosati uyg'urlarni ayanchli ahvolga solgan, deydi asli toshkentlik namoyishchilardan biri.

Ozodbek ismli yigitning aytishicha, uyg'urlar ham markaziy osiyolik qardoshlari kabi mustaqil bo'lishni istaydi.

Xitoydagi voqealarga barcha davlatlar ham munosabat bildirishga shoshilmayapti, chunki ma'lumki, Xitoy yirik iqtisodiy hamkor. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Urumchidagi voqealarni Xitoyning ichki ishi degan. Markaziy Osiyo davlatlari har doimgidek sukut saqlamoqda. Qo'shma Shtatlar Xitoy hukumatini xotirjamlikka chaqirmoqda.

Namoyishchilardan birining aytishicha, Qo'shma Shtatlar bundan ortiq yordam qila olmaydi.


Vashingtondagi namoyishda AQShda tahsil olayotgan va yashayotgan ko'p uyg'ur yoshlari ham faol ishtirok etdi.

Namoyish jami uch soat davom etdi. Uyg'urlar uning yarmini Xitoy elchixonasi yonida o'tkazdi. Elchixonadan hech kim chiqmadi.