Tojikiston Ta’lim vazirligi qaroriga mufoviq, endilikda o’rta maktablarda “Islom ma’rifati” fani o’tilmoqda. Bu tashabbus haqida qarashlar turlicha. Shu paytgacha bolalar “Dinlar tarixi”dan saboq olib kelayotgan edi.
Tojikiston Islom Uyg’onish Partiyasi respublika boshqaruvi a’zosi Ubaydullaxo’ja Fayzulloyevning aytishicha, bu yangilikda ularning ham hissasi bor. Uning fikricha, maktablarda bu mavzuni islomshunoslar emas, mullalar o’rgatsa ma’qul bo’ladi.
“Islomiy darslarni musulmon odam berishi kerak, islomshunos emas. Musulmon odamni muammosini islomshunos bilan hal qilib bo’lmaydi. Musulmonni muammosini musulmon olimi bilan hal qilib bo’ladi”, - deydi Fayzulloyev.
Bu esa Tojikistonda ayrim inson huquqlari himoyachilari va tahlilchilarning tanqidiga sabab bo’layotir.
O’qituvchi Ahmadjon Murodov yangi fan tarafdori. “Chunki hozir turli xil oqimlarga kirib ketishlar bor. “Hizb ut-Tahrir”, “Vahhobiy” deyishadi… Albatta maktablarda o’tilishi kerak bo’lgan fan bu”, - deydi u.
Fayzulloyev maktablarda yangi fan o’qitilishiga madrasa ko’rgan mullalar jalb qilinishini maqsadga muvofiq sanaydi. Uning fikricha, madrasa ko’rgan bolalar 3-4 oy pedagogik kurslarni o’tsa yaxshi bo’ladi.
So’g’d viloyatidagi “Jigdalik ota” jome machiti imomi noibi Bahodirxo’ja Ismoilov “Islom ma’rifati” fanining o’rta maktablarda o’qitilishi yoshlarni ekstremizmdan saqlab, to’g’ri yo’lga soladi, deb hisoblaydi.
“Kim bo’lishidan qat’iy nazar, maorif bo’limidan tasdiqlangan programma orqali islomdan dars berishsa agar, xatarli joyi yo’q. Bunday islom ta’limini olguchilar ekstremizmga qarshi chiquvchilar bo’ladi”,- deydi Ismoilov.
Pedagogika fanlari nomzodi, tahlilchi jurnalist Ilhom Yusupov maktablarda islom darslari kiritilishiga qarshi. “Bu narsa respublika konstutusiyasining davlat dindan ajratilgani borasida moddasiga zid. Islom mamlakatlarining o’zida o’nlab o’qimlar bir-birlari bilan it-mushuk bo’lib, go’shtlarini g’ajib yurishibdi”, - deydi.
“Shunday ekan, biz qanday qilib yagona islom sistemasini bolalarga o’rgata olamiz? Tojikistonimizni o’zida shialar bor, boshqa oqimlar bor. Ularga bu qanday ta’sir etarkin? Bunda nafaqat huquq chegaralanib qoladi, bu Konstitusiyamizga mutloq zid. Taraqqiyotimizga zid narsani olib kirishmoqda bular. Men tushunmayapman, kelajakda etapma-etap islom davlatiga o’tkazib yubormoqchi bo’lishayaptimi, shuni boshlanishimi bu?” - deb savol beradi Yusupov.
Mulla Bahodirxo’ja “ har tashkilot, har xonadon, har kishining o’z shaxsiy fikri bor” deydi.
“Bizlar ularni qoralamaymiz. Kim islomni yaxshi ko’radimi, kim yomon ko’radimi - o’zlarini shaxsiy huquqlari. Alloh umrlariga baraka bersin, hech narsa demaymiz”, - deydi mulla Bahodirxo’ja.
“Islom ma’rifati” fani hozircha tojik maktablari yuqori sinflaridagina o’qitiladi. Kelajakda bu fan barcha o’rta maktablarga o’quvchilarning millati va diniy qarashlaridan qat’iy nazar doimiy saboq sifatida kiritilishi rejalangan.