Hamid Karzay yana bir muddatga qoladigan ko'rinadi

Afg’onistonda o’tgan prezident saylovlarida amaldagi prezident Hamid Karzay g’olib deb ko’rilmoqda, ammo ovoz berish jarayonida ko’plab qonunbuzarliklar aniqlangan.

BMT mutaxassislaridan iborat taftish komissiyasi ayrim ovozlarni qayta sanashni buyurgan. AQSh Markaziy Razvedka Agentligi, SRU rahbari Leon Panetta fikricha, Karzay hamon g’olib chiqishi mumkin.

“Saylov jarayonida qonun-qoidalar buzilgani, ovozlar soxtalashtirilganini bilamiz. Maxsus komissiya ularni tekshirmoqda. Ammo natija qisman bekor qilinsa ham Hamid Karzay g’olib bo’ladigan ko’rinadi”, - deydi Markaziy Razvedka Agentligi rahbari.

Dastlabki natijalarga qaraganda, Karzay va uning raqibi Abdulla Abdulla o’rtasida qayta bellashuvga hojat yo’q. Prezident fikricha, saylov adolatsiz o’tgani haqidagi da’volar axborot vositalarida bo’rttirib ko’rsatilmoqda.

“Ayni paytda Afg’onistonning katta hududlarini nazorat qilayotgan Tolibon harakati”, deydi Leon Panetta, “aslida qabilaviy tarkibiga qarab turli guruhlarga bo’linib ketgan. Har biri o’z manfaatidan kelib chiqib jang qilmoqda”.

AQSh va xalqaro koalitsiyaga qarshi jang qilayotgan to’dalar, tabiiyki, malakali, harbiy tayyorgarlikdan o’tgan, jangda pishgan jangchilar. “Bizni tashvishga solayotgani ham shu”, - deydi SRU rahbari. Uning aytishicha, Afg’onistondagi toliblar qo’shni Pokistondan yordam olishda davom etyapti.

AQSh Markaziy Razvedka Agentligi terrorizmda gumon qilingan shaxslarni, jumladan al-Qoida va Tolibon a’zolarini tahqirlaganlik, ularga nisbatan qo’pol so’roq qilish usullarini qo’llaganlikda tanqid qilingan. Bush ma’muriyati davrida bunga ruxsat berilgan edi. Prezident Obama o’tgan ishga salavot desada, Adliya vaziri Erik Xolder yaqinda tergov ochishga ko’rsatma berdi. Razvedka rahbari bu qarorni qoralagan.

“O’tmishga bog’lanib qolish razvedka tizimini zaiflashtiradi”, - deydi Leon Panetta. “Tergovchilar siyosatga aralashmasdan o’z ishini puxta bajarishda davom etsin”.

Adliya vazirligiga ko’ra, mahbuslarni so’roq qilishda razvedkachilar noqonuniy usullarni qo’llagan bo’lishi mumkin. Ammo qonundan chetga chiqmagan xodimlar jazolanmaydi. Markaziy Razvedka Agentligining amaldagi va sobiq rahbarlari Obama ma’muriyatidan tergovni bekor qilishni so’ramoqda.