2009 yilda, ko'plar kutganidek, Isroil va Falastin o'rtasida tinchlik muzokaralari jonlanmadi. Isroil G'arbiy Sohilda uy qurishda davom etdi, falastinlik jangarilar esa Isroilga qarshi raketa hujumlarini to'xtatmadi. Yaqin Sharq muammosi bobida yangi yilda nimalarga umid qilish mumkin?
2009 yil Isroilning G'azoda keng ko'lamli hujumlari bilan boshlandi. G'azoliklar esa qo'lbola raketa bilan Isroil janubini o'qqa tutdi.
Natijada mingdan ziyod falastinlik va 13 isroillik halok bo'ldi.
So'ng Isroilda parlament saylovlari bo'lib, konservativ ruhdagi siyosatchi Benyamin Netanyaxu bosh vazirlikka qaytdi. U arablar bilan tinchlikka muzokara emas, Falastin iqtisodiyotini yaxshilash orqali erishishga va'da berdi.
AQShda esa prezident saylovlarida g'alaba qozongan Barak Obama Yaqin Sharqda siyosat o'zgaradi deya, yangi tinchlik tashabbuslarini boshladi. Tajribali diplomat Jorj Mitchell Yaqin Sharq bo'yicha Oq uy vakili etib tayinlandi. Mintaqaga bir necha bor safar qilib, tomonlarni muzokaraga qaytishga da'vat etdi. Ammo haligacha natija yo'q.
Isroil va Falastin rahbarlari Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida uchrashganiga qaramay, hech bir tomon murosa qilishni istamadi.
Falastinliklar muzokaraga qaytishdan oldin Isroil G'arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda qurilishlarni to'xtatsin demoqda.
Falastin Bosh vaziri Salom Fayyodning Amerika Ovoziga aytishicha, arablar siyosiy jarayonning ochiq va ishonchli bo'lishini, Isroil okkupatsiyasiga chek qo'yishini istaydi.
Biroq falastinliklar nafaqat Isroil, balki bir-biri bilan ham kelisha olmayapti. Rahbariyat bir yarim yildan beri bo'linib, FATX guruhi G'arbiy Sohilni, XAMAS esa G'azo Sektorini boshqaradi. Isroil istilosidan toqatsiz bo'layotgan falastinliklarning FATXdan borgan-sari ko'ngli qolmoqda.
Prezident Obama iyun oyida Qohirada ma'ruza qilganida, Isroil qurilishlariga chek qo'yilishi kerak degan edi.
"Falastin xalqining ahvoli tobora og'irlashib bormoqda. Amerika Falastinning o'z davlatiga ega bo'lishdek qonuniy talabini qo'llab-quvvatlaydi", - degan edi o'shanda Barak Obama.
AQSh rahbari so'zlaridan ruhlangan falastinliklar muammo hal bo'lavermagach, bora-bora umidsizlandi.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Quddusga borib, Isroil siyosatini olqishlashi esa ularni g'azablantirdi.
Noyabr oyida Isroil Netanyaxu kutilmaganda qurilishlarni vaqtincha to'xtatishga ko'rsatma berdi.
"Vazirlar Mahkamasi kelasi 10 oy davomida qurilishga ruxsat berilmaslik haqida qaror qabul qildi" degan edi bosh vazir.
Biroq Netanyaxuga saylovlarda ovoz bergan va falastinliklar da'vo qilayotgan yerlarga o'rnashib olgan yahudiylar hukumat qarorini inkor etib, Netanyaxuga qarshi namoyish qildi. Dushanba kuni esa Isroil rahbari so'zidan qaytib, Sharqiy Quddusda qo'shimcha 700 xonadon qurilishini e'lon qildi.
Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Isroilning bu qarorini tanqid ostiga olib, Quddus maqomi xalqaro hamjamiyat homiyligidagi muzokaralar orqali hal etilishi kerak.
Isroil Quddusning sharqiy qismini 1967 yilda Yaqin Sharq urushi paytida Iordaniyadan tortib olgan edi. Arablar esa bu yerlarni kelajakdagi Falastin davlatining poytaxti deb biladi. Isroil okkupatsiyasi BMT rezolyutsiyalarida ko'p marotaba tanqid qilingan.
AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Ian Kellining aytishicha, AQShning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Jorj Mitchell Nyu-Yorkda Isroil rasmiylari bilan uchrashuvi chog'ida rasmiy Tel-Aviv qarorini o'rgangan. Mitchell bir necha kundan so'ng mintaqaga safar qiladi.
Biz Isroil rejasiga noroziligimizni bildirib, bunday harakatlar tinchlik jarayoniga zarar yetkazishini aytdik. Quddus maqomi va shunga o'xshash boshqa masalalarni muzokaralar orqali hal qilish muhim ekanini ta'kidlaymiz, deydi AQSh diplomati.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu noyabr oyida Iordan daryosining g'arbiy sohilida yangi uylar qurishni 10 oyga to'xtatishga ko'rsatma bergan edi. AQSh vakili Jorj Mitchell o'shanda qarorni olqishlab, bir yildan beri turg'un bo'lib qolgan muzokaralar uchun muhim ekanini bildirgan edi. Chunki Falastin prezidenti Mahmud Abbos G'arbiy Sohil va Quddusda yahudilar uchun yangi imoratlar qurilishi butunlay to'xtatilmaguncha muzokaralarga qaytilmasligini aytgan edi.
Falastin bosh muzokarachisi Soyib Erekat Isroil qarorini qoralab, uning ikki mustaqil davlat borasidagi rejalarga to'sqinlik qilishini aytgan. Isroil so'zlovchisi Mark Regev Sharqiy Quddusda qurilishlarni to'xtatishga hecham va'da bermaganmiz deydi.
AQSh hukumati Quddus masalasi muzokaralar orqali hal etilishiga umid bildirmoqda.
Tel-Avivdagi yirik "Xaarets" gazetasi siyosiy sharhlovchisi Akiva Eldarning aytishicha, agar Isroil haqiqatdan ham tinchlikni istasa, Falastinga nisbatan siyosati samimiy bo'lishi lozim.
"Isroil olg'a qadam tashlamaguncha, arablar ham javob qadamini qo'ymaydi", - deydi u.
So'nggi paytlarda Isroil G'arbiy Sohilda nazorat punktlarini olib tashlab, falastinliklar iqtisodiy ahvolini yaxshilamoqchi ekanini aytadi. Biroq arablar yolg'iz to'q hayot emas, o'z vatani, o'z yurtiga ega bo'lishni ham istaydi.