Eron fazoviy tadqiqotlar sohasida katta yutuqlarga erishganini tantana qilmoqda. Eksperiment uchun ilk bor jonivorlar fazoga uchirilgan.
Mamlakat olimlari, shuningdek, uch yangi sun’iy yo’ldosh va ularni fazoga olib chiqish uchun zamonaviy raketa bunyod etgan. Eronni yadro quroli yasashda gumon qilayotgan G’arb nazarida ushbu texnologiyalar harbiy maqsadda qo’llanishi mumkin.
Islomiy inqilobning 31 yilligini nisohonlash arafasida Eron “Kavoshgar” va “Semurg’’’ deya nomlangan raketalarini dunyoga ko’z-ko’z qilmoqda.
Prezident Mahmud Ahmadinejod “bu sohada erishilgan yutuqlar xudoning karomati bilan ro’y bergan bir mo’jiza” deydi. Mamlakat o’tgan yili ilk sun’iy yo’ldoshini samoga uchirgan edi.
G’arb davlatlarining ishonishicha Eron uzoq masofali yadro quroli texnologiyasini takomillashtirish ustida ish olib bormoqda - raketa sinovlari ana shu maxfiy loyihaning bir qismi.
Hozirga kelib rasmiy Tehron anchadan beri bahs-munozaraga sabab bo’layotgan masala – uranni xorijda boyitish taklifiga kutilmaganda rozilik bergan. Uranni ham yadroviy energiya olishda, ham qurol yasashda qo’llash mumkin. Rossiya va Fransiya mahsulotni kerakli darajada boyitib berishga tayyor edi, lekin Eron buni rad etib kelgan.
Muzokarada ishtirok etayotgan davlatlar, jumladan AQSh, Britaniya, Rossiya va Xitoy Eronning yangi bayonotiga uncha ishonmasada, tafsilotlarini bilishga hozir.