Iroqda parlament saylovlarida g’alaba qilgan sobiq bosh vazir Ayad Allaviy xalqni birdamlikka da’vat etmoqda.
Allaviy boshliq dunyoviy koalitsiya saylovda Bosh vazir Nuri al-Malikiy koalitsiyasini kichik farq bilan mag’lub etgan.
Malikiy ovozlar qayta sanalsin deydi. Iroqdagi siyosiy partiyalar esa sekin-asta yangi hukumat tuzishga kirishmoqda.
Saylov xulosasi shuki, Allaviyning Iroqiya koalitsiyasi g’olib - parlamentda ko’proq o’rinni qo’lga kiritgan. Raqib Nuri al-Malikiy koalitsiyasi bor-yo’g’i ikki o’rin orqada.
Sobiq bosh vazir Ayad Allaviy endi yangi hukumat tuzishi kerak.
G’olib arbob Iroq ahlini yakdillikka chaqirmoqda. “Ahil bo’lib ishlamasak, tinchlik, farovon hayotga erishi qiyin. Kurd, arab, shia, sunniy, musulmon, nasroniy degan tafovut, bo’linishni unutish kerak”,- deydi Ayad Allaviy.
Bosh vazir Nuri al-Malikiy ham bu borada raqibini qo’llab-quvvatlamoqda.
Malikiy ham, Allaviy ham shia mazhabidan. Biroq Allaviyning Iroqiya koalitsiyasi sunniy saylovchilar orasida ko’proq ovoz olgan.
Vashingtondati Brukings tadqiqot institoti olimi, Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassis Kennet Pollak fikricha, sunniy aholi Ayad Allaviy davlatni adolatli boshqara oladi, turli mazhablar manfaatlarini birday himoya qiladi, degan umidda. “Iroq ahli diniy adovat, mazhablararo ziddiyatdan charchagan. Yangicha siyosat istab Allaviyga ovoz bergan”,-deydi olim.
Yangi hukumat tuzish, siyosiy partiyalarni koalitsiyaga birlashtirish oson emas. Allaviy buning uddasidan chiqmasa, vazifa yana Nuri al-Malikiy zimmasiga yuklanishi mumkin. Tahlilchilar nazarida Malikiy shia partiyalar va kurdlarning ko’ngliga yo’l topa oladi.
AQSh rasmiylari nazarida Iroqdagi saylovlar butun Yaqin Sharq uchun namuna bo’lsa arziydi. Biroq yangi hukumat tuzish jarayoni cho’zilishi, tomonlar uzoq tortishishi hech gapmas. Bu esa zo’ravonlik, xurujlarga turtki berishi mumkin.
Tahlilchi Kennet Pollak so’zlariga ko’ra, bu vaziyatda muvaqqat hukumat – Nuri al-Malikiy ma’muriyatiga qiyin bo’ladi. “Bosh vazirning har bir harakati, har bir so’zi siyosiy bosim sifatida talqin qilinishi mumkin”,- deydi olim.