Afg’on qonunchilar: Rossiya Tolibonni quvvatlashi sir emas

  • Amerika Ovozi

Rossiya razvedkasi Afg’onistonda AQSh va NATO askarlarini o’ldirish uchun Tolibon jangarilariga mukofot puli taklif etgani to’g’risidagi xabarlar yuzasidan Vashingtonda bahslar davom etmoqda. Afg’on qonunchilarga ko’ra, Rossiya Tolibon bilan yaqin aloqada ekani sir emas va zo'ravonlikni moliyalagan bo'lishi mumkin.

“Afg’onistondagi urush va AQShning unda ishtiroki davom etishi uchun Rossiya Tolibonni moliya bilan ta’minlaydi. Janglarni davom ettirish uchun Tolibonga mablag’ kerak. Pokiston va Eron ham ularga pul uzatadi”, - deydi Afg’oniston parlamentining quyi palatasi a’zosi Shinkay Karoxel.

Buni ham ko'ring Qonunchilar razvedka rahbarlarini Rossiya va Tolibon to'g'risida savolga tutdi

Senator Gulalay Sapi fikricha esa Rossiya va ba’zi boshqa mintaqaviy kuchlar Afg’onistondagi tinchlik jarayonida o’z manfaatini ko’rmaydi.

“Ayrim mamlakatlar tinchlik iloji boricha tezroq qaror topishini istamasligi mumkin, chunki ular urushdan manfaatdor”, - deydi u.

“Nyu-York Tayms” gazetasining anonim razvedka manbalariga tayanib yozishicha, Rossiya razvedkasi AQSh va NATO harbiylarini o’ldirish evaziga Tolibonga mukofot puli taklif etgan. Maqolaga ko’ra, Prezident Donald Tramp bu haqda xabardor qilingan.

AQSh razvedkasi rahbarlari o’tayotgan haftada Kongressda bu masala yuzasidan savolga tutildi.

Rossiya va Tolibon da’volarni inkor etmoqda. Afg’oniston hukumati, xususan, prezident idorasi va milliy xavfsizlik kengashi izoh bermayapti.

Rossiya-Tolibon aloqalari

“Stratfor” strategik tahlil markazida harbiy ekspert Sim Tekning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya razvedkasi “Tolibonni har qanday yo’llar bilan koalitsiya zobitlariga qarshi hujumlarga undashi” hech kimda taajjub uyg’otmasligi kerak. Rossiya Amerika harbiylari Afg’onistonni tark etganidan keyin bu mamlakatda o’z ta’sir kuchiga ega bo’lish uchun toliblar bilan aloqa o’rnatishdan manfaatdor, deydi u.

“Agar Rossiya hozirdan Tolibon bilan hamkorlik aloqalarini o’rnata olsa, bu kelajakda ularga Afg’onistonda kattaroq rol o’ynashga yordam beradi”, - deydi Tek.

Moskva toliblar bilan 2015-yildan beri muloqotda. Afg’oniston urushiga siyosiy yechim topish sa’y-harakatlari doirasida 2019-yilda afg’on guruhlari o’rtasida uchrashuvlarga ham mezbonlik qilgan.

“Virjiniyadagi “CNA” tadqiqot markazi muxatassisi Jonatan Shrodenning qayd etishicha, Afg’oniston kelajagi yuzasidan mavhumlik region mamlakatlari, jumladan, Rossiyaning Tolibon bilan aloqa o’rnatishiga olib kelgan.

Ular “Tolibon g’alaba qozonishi mumkinligini” hisobga olgan holda ish tutmoqda, deya qo’shadi u.

Rossiya afg’on guruhlari o’rtasida uchrashuvlarga mezbonlik qilgan, 2018-yil noyabr

“Bu mamlakatlar nafaqat Tolibon rahbariyati bilan, balki harakatning quyi pog’onadagi a’zolari bilan ham muloqot qiladi. Pul, qurol va trening bilan harakatga yordam berib turgan bo’lishlari ham mumkin”, - deydi Jonatan Shroden.

Aytish joiz, o’tmishda AQShning yuqori martabali harbiylari ham Rossiya-Tolibon aloqalarini tilga olgan. Markaziy qomondonlik sobiq rahbari general Jozef Votel 2017-yilda Kongressda so’zlar ekan, “ruslar Tolibonga qurol-aslaha yoki boshqa anjomlar bilan ko’mak berib turganini taxmin qilish o’rinli”, degan edi.

Asos

Iste’fodagi afg’on generali Atiqulla Amarxel fikricha, ruslar Sovet Ittifoqining 1980-yillarda Afg’onistondagi mag’lubiyati uchun AQShdan qasos olish payida bo’lishi mumkin.

“Ruslar Afg’onistonda bo’lgan davrda amerikaliklar mujohidlarga ruslarga qarshi jang qilish uchun pul to’lagan. Shunday ekan, ruslar Tolibon guruhlari yoki biror qo’mondon bilan aloqa o’rnatib, janglarni davom ettirishga undayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi general.

Buni ham ko'ring Rossiya va Tolibon Afg'onistonda tinchlik o'rnatish bo'yicha hamfikr

Siyosiy sharhlovchi Najib Nangyalning qayd etishicha, Rossiya Tolibonni quvvatlashini “Islomiy davlat”ga qarshi kurash strategiyasi bilan izohlaydi.

“Agar ruslar IShiDga qarshi kurashda Tolibonga yordam berayotgan bo’lsa, bu yordam boshqa amaliyotlarga ham ishlatilishi tabiiy”, - deydi harbiy ekspert Daniel Deyvis.

Afg’on parlamenti a’zosi Gul Rahmon Hamdard:

“Afg’onlar tushunishi kerakki, yirik davlatlar [Afg’onistondagi urushdan] manfaatdor. Imkoniyatni [tinchlik jarayonini] qo’ldan boy bermaslik lozim, bu ajnabiy urush ekanini xalqimiz bilsin”.

Rossiya va tinchlik jarayoni

Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov deydiki, Afg’oniston haqida gap ketdanda Rossiya AQSh bilan hamkordir. Rossiyaning “Tass” axborot agentligiga ko’ra, Antonov ikki mamlakat Afg’onistonda siyosiy yechim topish yo’lida kuch birlashtirgani haqida gapirgan.

Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov

AQSh Mudofaa vazirligi o’tgan oy Kongressga taqdim etgan hisobotda shunday deyiladi:

“Rossiya AQSh harbiylarining [Afg’onistonda] uzoq muddat qolishini bartaraf etish umidida AQSh-Tolibon muzokaralarini qo’llab-quvvatlashda davom etmoqda”.

Harbiy tadqiqotchi Jonatan Shrodenga ko’ra, Rossiya AQShning Afg’onistonni tark etishini istaydi.

“Rossiya uchun eng yaxshi ssenariy Moskva taklif etgan tinchlik jarayoni tiklanishidir. Ya’ni - bu jarayon Tolibon va Kobul o’rtasida tinchlikka yetaklashi va AQSh shu asosda Afg’onistonni tark etishi”, - deydi mutaxassis.

Ammo AQSh harbiylari nazarida Moskva olg’a surgan tinchlik rejasi aslida NATOga qarshi qaratilgan.