Afg'oniston NATOni tinch aholi o'limida ayblamoqda; Pokiston Xitoy bilan aloqalarni kuchaytirmoqda

  • Amerika Ovozi
Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy Xitoyda.

Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy Xitoyda.

Afg'on rasmiylarining aytishicha, bugun NATO hujumiga qarshi norozilik chiqishlarida kamida 12 odam o'lgan, 80 kishi jarohat olgan. Taloqan shahrida namoyish qilgan 2000 dan ziyod odam politsiya bilan to'qnashgan. Ular Amerika va Afg'oniston hukumatiga qarshi shiorlar aytgan.

Mahalliy rasmiylarning aytishicha, NATO hujumida to'rt begunoh odam o'lgan. Biroq koalitsiya nazarida ular qurollangan jangarilar bo'lib, NATO askarlarini o'qqa tutishga harakat qilgan. Ikkisi ayol ekani ma'lum. Alyans qurol va portlovchi moddalar ta'minoti bilan shug'ullangan O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolaridan birining iziga tushib, reyd o'tkazayotgan bo'lgan.

Bugungi namoyishlarda politsiya olomonni tarqatish uchun quroldan foydalangan. Afg'onlar esa nemis harbiylari joylashgan bazaga tosh otib, ikki askarni yaralagan.

Qo'shni Pokistonda esa Tolibon yetakchilari al-Qoida rahbari Osama bin Ladenning o'limi uchun qasos olishini aytmoqda. Bugun ular bir necha axborot agentliklariga intervyu berib, xurujlarni kuchaytiramiz, degan. Shu kunning o'zida 70 tolib afg'on chegarasi yaqinida Pokistonga qarashli ikki nazorat punktiga hujum qilgan. Ikki politsiyachi o'lgan, besh nafari yaralangan. Jangarilar kamida 15 odamini yo'qotgan.

Xitoyga safar qilayotgan Pokiston hukumati rahbari Yusuf Rizo G'iloniy bugun bu davlat Bosh vaziri Ven Szyabao bilan uchrashgan. G'iloniyning aytishicha, ikki mamlakat munosabatlari mustahkam bo'lib, o'zaro ishonch va hamkorlikka asoslangan.

Xitoy hukumati aloqalarni yangi bosqichga ko'tarish va Pokistonni strategik hamkor sifatida hamisha qo'llab-quvvatlash tarafdori ekanini bildirgan. Tahlilchilar nazarida Pokistonda Osama bin Laden o'ldirilganidan so'ng AQSh bilan munosabatlar sovuqlashgach, Pokiston Xitoy bilan aloqalarini kuchaytirmoqda.