Afg'oniston va Pokiston o'rtasida o'zaro ishonchni tiklash va afg'on mojarosiga birgalikda yechim topishga qaratilgan muzokaralarning navbatdagi davrasi bo'lib o'tdi. Kobuldagi uchrashuv Afg'oniston-Pokiston tinchlik harakati deb nomlangan kelishuv doirasida o'tib, qo'shnilar orasida harbiy hamkorlikni oshirish, terrorizmga qarshi birgalikda kurashishni ko'zlaydi.
Afg'on delegatsiyasiga boshchilik qilgan Tashqi ishlar vaziri muovini Hikmat Halil Karzayga ko'ra, bir necha oylik dialog ish berayapti. Pokiston rasmiylari ham ikki mamlakat hamjihatlikda taraqqiy eta olishi, buning uchun tinchlik muhimligini ta'kidlamoqda.
Afg'oniston hukumatining da'vosi shuki, Tolibon rahbarlari urushni Pokiston tuprog'idan turib boshqaradi. Kobul va uni har tomonlama quvvatlab kelayotgan AQSh ularni hibsga olishni, mamlakatdan haydashni yoki muzokaraga ko'ndirishni so'rab kelmoqda.
Rasmiy Islomobod ushbu da'voni rad etadi. Armiyamiz, deydi rasmiylar, chegara hududlardagi terrorizmga aloqador infratuzilmalarni yo'q qilgan va xavfsizlik kuchaytirilgan.
Anjumanda so'zlagan Pokiston Tashqi ishlar vazirligi vakili Taxmina Janjua uning mamlakati Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'anining Tolibon bilan murosa qilish tashabbuslarini qo'llab-quvvalashini bildirdi. Ramazon oyida G'ani e'lon qilgan vaqtinchalik sulh tinchlikka umid bag'ishlaydi, deydi u.
Hayitda Tolibon ham janglarni to'xtatgan bo'lsa-da, sulhni cho'zdirish takliflaridan bosh tortdi va harbiy amaliyotlarni qayta boshlagan.
Islomobod toliblarga avvalgidek ta'sir ko'rsata olmasligi, ammo tinchlik yo'lida barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyorligini bildirgan.
AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligi rahbari general Jozef Votel Pokiston va Afg'oniston o'rtasida so'nggi payt harbiy hamkorlik yaxshilanganini qayd etadi.
"Hamkorlik darajasi oshgan, shunga yarasha qarama-qarshiliklar, keskinliklar, chegaradagi otishmalar sur'ati pasaygan. Bu ijobiy hol", - deydi Votel.
Ikki tomonlama dialog doirasida Pokistonda yashayotgan qariyb uch million afg'on qochqinlarni vataniga qaytarish ham muhokamada. Pokiston nazarida qochqinlar repatriatsiyasi tezlashtirilsa, jangarilar yashirinadigan joylar ham kamayadi.