Qandahorning ayol politsiyachilari hayot uchun kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

Qandahor xotin-qizlar politsiya otryadi a'zolari

Afg’onistonning Qandahor shahrida faqat xotin-qizlardan tashkil topgan politsiya otryadi bor. Xavszilkni ta’minlash mamlakatdagi eng xatarli ishlardan. Ayniqsa toliblar hamon faol Qandahorda. Ayollar uchun esa tahdid yanada katta.

Uzun yo’lakdan kichik bir xonaga kirib boramiz. Bu yerda 15 nafarlik otryad a’zolari yig’ilgan… Tamaki va ovqat hidi… Ayollar choy ichib, gaplashyapti… Ba’zilarining qo’lida sigaret. Xonaning bir burchagida rang-barang burqalar. Boshqa tomonida esa yaqinda uyidagi zo’ravonliklarga chiday olmay bu yerga qochib kelgan qiz…

Parvona Farxodiy - otryad rahbari. Politsiyada ishlayotganiga sakkiz yil bo’lgan. Ikki farzandi bor.

“Oila boshlig’i menman, hamma mas’uliyat mening bo’ynimda. Taqdir taqozosi bilan politsiyaga ishga kirdim. Lekin kimgadir ishim yoqmasa, mayli, oilamni boqsin, men uyda o’tirishga roziman”, - deydi u.

Parvonadan oldin otryadni boshqargan Malalay Kakar ismli ayolni bundan uch yil oldin toliblar otib o’ldirgan, o’glini qattiq yaralagan.

Yana uch ayol politsiya qarorgohida halok bo’lgan. Bir nechtasini shaharda, ishini bajarayotganida otib o’ldirishgan. Otryad shu so’nggi oylarda sakkiz a’zosidan ayrildi.

Lekin Parvona ishidan voz kechmoqchi emas.

Parvona Farxodiy

”Men qo’rqmayman, chunki bu juda muhim ish. Xotin-qizlar hibsga olinganida, ularni faqat ayol zobit tintuv qilishi kerak”, - deydi u.

Terrorchilar ayol kiyimida xurujlar uyushtirib turadi. AQShning Kobuldagi elchixonasi va ayrim boshqa joylardagi terroristik hujumlarni burqaga o’rangan terrorchilar amaga oshirgan edi.

Tolibon hamon faol Qandahor shahrida ayollar uchun politsiyada xizmat qilish ayniqsa xavfli, deydi zobitlardan biri Nuriya Nuriy.

“Ishimiz erkaklarnikiga qaraganda xavfliroq”.

Bizlarga yordam kerak, himoya kerak, deya Nuriyaga jo’r bo’ladi xonadagi boshqa ayollar.

“Uylarimiz shahar chekkasida bo’lsa axir, kechqurunlari yetib olishga qiynalamiz. Xavfli, lekin bizga avtomashina ham ajratilmagan. Uyining oldida o’ldirib ketilgan odamlarni ham bilamiz-da”, - deyishadi ular.

”Ishimizda erkaklar duch kelmagan muammolarni ham hal etishga majbur bo’lamiz ba’zida, - deydi zobitlardan biri Muska Xamidiy, - ayollarga ham avtomobil haydashni o’rgatish kerak”.

Darhaqiqat, ayol va erkak politsiyachilar bajaradigan ish o’rtasida deyarli farq yo’q. Ular uylarda tintuv o’tkazadi, jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan ayollarni hibsga oladi. Tajribali zobitlarga to’pponcha olib yurish ruxsat etilgan. Politsiya saflariga endi qo’shilgan askarlarga esa qurol berilmaydi.

Zobit Pashtana Muhibiy xizmat paytida bir o’limdan qolganini eslaydi:

"Sherigim bilan ko’chalarni aylanib, vaziyatni nazorat qilayotganimizda, bir xonadonda yerto’la borligini payqadik. U yerga birinchi men kiraman, degandim, sherigim – yosh yigit - yo’l qo’ymadi. Kirishi bilanoq, toliblar o’t ochdi… Ikki askar halok bo’ldi”.

Shunday xavf-xatarlarga qaramay Parvona “ishim menga yoqadi”, deydi. “Chunki millionlab odamlar ishsiz yurgan bir paytda men har holda oylik olaman”, - deydi u.