Xorijiy qo'shinlar Afg'onistonni rasman tark eta boshladi

  • Amerika Ovozi

AQSh va NATO qo’shinlari Afg’onistondan rasman chiqishni boshlar ekan, mamlakat sharqida mashinaga o’rnatilgan bomba portlashidan 30 ga yaqin odam halok bo’ldi, 100 dan ziyodi yaralandi.

Afg’oniston Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Tariq Arian talafotlar oshishi kutilayotganini aytmoqda. Portlash Logar viloyati markazi Puli-Alamda, gavjum joyda ro’y bergan.

Buni ham ko'ring Makkenzi: Afg'oniston kuchlari Tolibonga mag'lub bo'lishi mumkin

Zo’ravonlik uchun javobgarlikni hech bir guruh o’z bo’yniga olgani yo’q, ammo rasmiylar Tolibonni ayblamoqda.

1-maydan boshlab Amerikaning taxminan 2500 askari va 7500 sonli ittifoqchi qo’shinlar Afg’onistonni tark etmoqda. Jarayon 11-sentabrgacha davom etadi. Amerika shu tariqa qariyb 20 yillik urushni yakunlamoqda.

Doxa uchrashuvi

Logardagi zo’ravonlikdan bir kun oldin AQSh, Rossiya, Pokiston va Xitoyning Afg’oniston bo’yicha vakillari Qatarda toliblar bilan uchrashib, guruhni tinchlik muzokaralarini davom ettirishga undagan.

Kobul va Tolibon tinchlik kelishuviga erishmasa, xorijiy kuchlar chiqishi bilan Afg’onistonda zo’ravonlik avj oladi degan xavotir bor.

Tolibon so’zlovchisi Muhammad Naimning aytishicha, Doxada besh tomonlama muhokamalar Tolibon rahbarlarini BMTning sanksiya ro’yxatidan olib tashlash, qamoqdagi toliblarni ozod etish masalalari atrofida kechgan.

“Barcha tomonlar ismlar ro’yxatdan o’chirilishi bo’yicha amaliy ishlarni boshlash kerakligi xususida hamfikr”, - deydi Naim.

Buni ham ko'ring AQSh Afg'onistondan askarlarni xavfsiz olib chiqish choralarini ko'rmoqda

Muhokamada Afg’oniston hukumati muzokarachilari ham qatnashgan.

Uchrashuvlar ketidan AQSh, Rossiya, Pokiston va Xitoyning qo’shma bayonotida Afg’onistonda o’tish davrida barqarorlik ta’minlanishi muhimligi ta’kidlangan.

“Chel el qo’shinlari chiqayotganda tinchlik jarayoni to’xtab qolmasligi, janglar va notinchlik yuz bermasligi, xalqaro qo’shin xavfsizligi ta’minlanishi kerak”, deyiladi bayonotda.

Unda, shuningdek, Afg’onistonda nizolashayotgan barcha guruhlar zo’ravonlik darajasini pasaytirishga, Tolibon “bahorgi hujumlarini” boshlamaslikka undalgan.

2020-yilda sobiq prezident Donald Tramp va Tolibon o’rtasida imzolangan kelishuvda xorijiy qo’shinlar Afg’onistonni 2021-yilning 1-mayigacha tark etishi belgilangan edi. Tolibon AQShni o'sha kelishuv qoidalarini buzganlikda ayblamoqda.