Amerikaliklar: Xorijda urush qilgandan ko’ra o’z uyimizni ta’mirlaylik

Amerikaliklar: Xorijda urush qilgandan ko’ra o’z uyimizni ta’mirlaylik

Urush qanday maqsadlar bilan boshlanmasin, uzoq muddatli, murakkab va moliyaviy jihatdan og’ir bir jarayon. Iroq va Afg’oniston bunga yaxshi misol.

So’nggi 10 yilda Afg’onistonda nimaga erishdingiz deb so’rasangiz, Amerika harbiylari va rasmiylardan aniq bir javob ololmaysiz.

Amerikaliklarning o’zi ham urushlardan bezigan. Erkin jamiyatda rahbar omma fikri bilan hisoblashishga majbur.

2008 yili prezident bo’laman deb maydonga chiqqan Barak Obama Iroqdan qo’shinlarni olib chiqib, ularni Afg’onistonga, Tolibon va al-Qoida bilan kurashga safarbar etishni va’da qilgan edi.

Amerikaliklar: Xorijda urush qilgandan ko’ra o’z uyimizni ta’mirlaylik

Oq uyga saylangach, 2009 yil oxirida shunday qaror qildi ham. Afg’onistonga 30 ming zobit yuborildi.

Bugun amerikaliklar, qolaversa qonunchilar va sobiq harbiylar orasida “bu urush ortiq qon to’kilishiga arzimaydi” degan gaplarni eshitasiz. Yaqinda o’tkazilgan ijtimoiy so’rovda 64 foiz odam shunday fikr bildirgan. Ikki yil oldingi davrga qiyoslaganda katta ko’rsatkich.

Obamaning safdoshi, demokrat kongressmen Denis Kusinich “Amerika o’zining nurab borayotgan uyini ta’mirlash o’rniga, nega xorijda o’z boshiga g’avg’o orttirib yuradi”, degan savolni o’rtaga tashlaydi.

Kelasi yili AQShda prezident saylovlari emasmi, muxolifat, Respublikachilar partiyasidan nomzodlik uchun kurashayotgan arboblarga tanqidni qo’yib bering.

Massachussets sobiq gubernatori Mitt Romni reytinglarda Obamaga tenglashib olgan.

“Amerika zobitlarini o’zga davlatlar mustaqilligi uchun kurashga yubormaylik. Afg’onlarning o’zi yurtini Tolibondan tozalasin”, - deydi Romni.

Amerikaliklar: Xorijda urush qilgandan ko’ra o’z uyimizni ta’mirlaylik

Jon Xantsman, yaqingacha Amerikaning Xitoydagi elchisi bo’lgan arbob, yaqinda poygaga qo’shildi. Imkon boricha ko’proq askarni uyga qaytarishni targ’ib qilmoqda.

“Avvalo o’z uyimizni tartibga keltiraylik. Davlatimiz fundamenti zaiflashib ketgan”, - deydi Xantsman.

Tadqiqotchi Piter Braun so’nggi ikki yil ichida o’tkazilgan so’rovlar natijasiga asoslanib, quyidagi xulosaga kelgan:

“Afg’oniston va Iroqdagi missiyani oxiriga yetkazmasdan, mana endi Liviyada ham urush ochdik. Amerikaliklar bunday siyosatning mazmun-mohiyatini tushunishni istaydi”.

“AQSh iqtisodiyoti oqsayotgan, byudjet kamomadi 15 trillion dollarga yetay deb turgan bir paytda, urushning hech kimga keragi yo’q”, - deya qo’shadi siyosatdon Stiven Xess.

Amerikaliklar: Xorijda urush qilgandan ko’ra o’z uyimizni ta’mirlaylik

Aksar amerikaliklar nazarida Amerikani bankrotlik yoqasiga olib kelgan - aynan Iroq va Afg’onistondagi urushlar. Byudjet masalasi prezident saylovlarida yuqori o’ringa chiqmoqda.

Tahlilchi Styuart Rozenberg deydiki, Afg’onistonda qilingan sa’y-harakatga yarasha natija bo’ladimi, yo’qmi, Oq uy uchun poygada qayta-qayta tilga olinadigan mavzu bu.

“Nafaqat muxolifat, prezidentning partiyadoshlari ham undan norozi. Chunki Iroqda missiyani yakunlab, Afg’onistonda ham uzoqqa qolmaymiz, deya tarafdorlariga va’da bergan Obama edi”, - deydi Rozenberg.

Al-Qoida rahbari Osama bin Laden o’ldirilgach, Barak Obamaning reytingi bir oz ko’tarilgan edi. Amerikadagi o’gir iqtisodiy ahvol buni ham yuvib ketdi. Ishsizlik 10 foizga yetay deb turganda, bin Laden bilan kimning ishi bor.