Tojikiston poytaxti Dushanbeda Afg'oniston bo'yicha ikki kunlik anjuman ish boshladi. Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi nomi bilan o'tayotgan tadbirda AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha yordamchisi Robert Bleyk ham ishtirok etmoqda.
Uning aytishicha, Afg'oniston farovonligi va barqarorligi zaminida uning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi yotibdi. Xususan, xususiy sektor taraqqiyoti va o'zaro savdoga urg'u berish kerak. Binobarin, Janubiy va Markaziy Osiyoda regional iqtisodiy munosabatlar umumiy savdoning 15 foizini tashkil etadi xolos, deydi Robert Bleyk.
Anjumanda Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod ham so'z olib, mintaqa beqarorligiga AQSh va NATO sabab, dedi. Ularning dunyoga o'z so'zini, o'z siyosatini o'tkazadigan vaqt o'tdi, dedi Eron prezidenti. Shu payt Robert Bleyk boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi norozilik ramzi sifatida xonani tark etdi.
Anjumanda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Lamberto Zanniyer ham ishtirok etmoqda. Yevropa rasmiysi mintaqa rahbarlari bilan tashkilotning Afg'oniston xavfsizligi yo'lidagi hissasi va loyihalari haqida gaplashadi.
Bu o'rtada Afg'onistonda mahalliy armiya formasini kiygan bir odam janubda koalitsiya askarlarini o'qqa tutib, ikkisini o'ldirgan. So'ng o'zini ham o'ldirishgan. Uning kimligi hozircha noma'lum. Halok bo'lgan askarlar britaniyalik ekani aytilmoqda. Voqea Hilmand viloyatidagi Lashkar-Goh shahrida ro'y bergan.
AQSh rasmiylari hisobiga ko'ra, 2007-yildan beri afg'on harbiylari xalqaro qo'shinlarga 42 bor hujum qilgan.
Ikki hafta burun esa amerikalik zobit afg'onlarni o'qqa tutib, 17 nafarini o'ldirganlikda ayblanmoqda.