“Afg’onistonda yutuqlar bor, ammo ahvol hamon qaltis”

  • Amerika Ovozi

Ikki kunlik safari davomida Robert Geyts afg'on oqsoqollari bilan ko'rishdi

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts shu hafta Afg’oniston janubida bo’lib, mahalliy yetakchilar va askarlar bilan ko’rishdi.

Kelasi bir necha oy xalqaro koalitsiya va afg’on askarlari uchun hal qiluvchi davr bo’ladi, deydi u.

Ikki kunlik safari chog’ida Robert Geyts poytaxt Kobul, so’ng Hilmand viloyatiga bordi. Qandahorda ham bo’lib, oqsoqollar va politsiya xodimlari bilan gaplashdi.

AQSh Mudofaa vaziri fikricha, Afg’onistonda yutuqlar bor. “Lekin ahvol hali ham qaltis va bu yutuqlar boy berilishi mumkin”, - deydi u.

Uning aytishicha, bahor va yozda qattiq janglar kutilmoqda. Kunlar isigani sari Tolibon qo’shni Pokistondan qaytib, qo’ldan chiqargan viloyatlarni qaytarishga urinadi.

Shu yilning yozidan xavfsizlik mahalliy armiya zimmasiga o’ta boshlaydi.

“Ayniqsa, afg’on xavfsizlik kuchlari va hukumat idoralari ehtiyot bo’lishi kerak. Mana shu pallada turib bersak, marra bizniki”, -deydi Geyts.


BMT berayotgan raqamlarga ko’ra, Afg’onistonda fuqarolar orasida talofat ikki karra oshgan.

Jangarilar 2010 yilda 462 kishini o’ldirgan. Bu o’tgan yillarga qaraganda 105 foizga ko’p.

Talofalat g’oyat notinch janubiy viloyatlar hissasiga to’g’ri keladi.

“Toliblar maqsadi aholini ezish va siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyot yo’lini to’sish”, - deydi BMT rasmiysi Nodir Nodiriy.

Tashkilotning bildirishicha, xalqaro koalitsiya va jangarilar olishar ekan, o’rtada aholi jabr tortmoqdda. Talofat ko’lami o’tgan yili 15 foizga oshgan.

2700 afg’on Tolibon qo’lida o’lgan, yana o’nlab insonlar esa xalqaro koalitsiya o’qidan.