Kobuldagi portlashda sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy o'lgan

  • Amerika Ovozi

1992-1996-yillarda prezidentlik qilgan arbob bugunda Afg'oniston tinchlik kengashiga raislik qilib, Tolibon bilan murosa izlayotgan edi

Afg’oniston poytaxti Kobulda ro’y bergan kuchli portlash sobiq prezident Burhoniddin Rabboniyni hayotdan olib ketgan.

Xuruj bugun kechqurun Rabboniyning uyida, toliblar bilan muloqot paytida sodir etilgan. Bu jangarilarning ishimi, yo'qmi, hali noma'lum.

Portlash yana to'rt odamni hayotdan olib ketgan. Amaldagi rahbar Hamid Karzayning maslahatchisi Ma'sum Stanakzoy jarohat olgan.

Asli tojik, 1992-1996-yillarda prezidentlik qilgan arbob bugunda Afg'oniston tinchlik kengashiga raislik qilib, Tolibon bilan murosa izlayotgan edi.

Rabboniy puxta himoyalangan hududda, hukumat binolari va AQSh elchixonasi yaqinida yashab kelgan.

Prezident Karzay bu xuruj munosabati bilan BMTning Nyu-Yorkdagi majlisidan erta qaytishini aytmoqda.

Bugun Amerika rahbari Barak Obama bilan suhbat qurgan Karzayning aytishicha, xavfsizlikni ta'minlash eng nozik masala bo'lib qolmoqda.

Obama ma'muriyati Rabboniyning o'ldirilganini qoralab, Tolibon va al-Qoidaga qarshi janglarga zo'r berishini bildirgan.

"Jangarilar xalqni bunday usullar bilan qo'rqitishga o'rgangan, lekin bu uzoq davom etmaydi",- deydi Xillari Klinton, AQSh Davlat kotibasi. "Afg'on xalqi tinchlik istaydi va bunga albatta erishadi".

AQSh o'z askarlarini 2014 yil oxirigacha olib chiqib ketish qarorida qat'iy, lekin bu davlatga yordamni to'xtatmaydi. Bugungi uchrashuvda Obama mana shu maqsadni yana bir bor ta'kidlagan.