Hilmand va Hirotda xurujlar

  • Amerika Ovozi

Hirot

Afg’oniston g’arbi va janubidagi portlashlar kamida 15 odamni hayotdan olib ketgan.

Hirot viloyatida hukumat binosi yonida politsiyadan qochayotib jangarilar mashinasini portlatib, 11 fuqaroni o’ldirgan. Uch nafari politsiyachi. 23 kishi jarohatlangan. Jangarilar o’sha payt burqa kiyib olgani ma’lum.

Bir necha soat o’tib, Hilmand viloyatining Musa Qala tumanida uch jangari politsiya mahkamasiga bostirib kirgan. Ikkisi o’zini portlatib, to’rt ofitserning hayotiga zomin bo’lgan. Uchinchi jangari esa bombani ishga solmasidan otib o’ldirilgan.

Tolibon bu hujumlarni amalga oshirganini bildirmoqda.

Janubiy va sharqiy viloyatlarda jangarilar faol bo’lsa, Eron bilan chegaradosh, g’arbdagi Hirot nisbatan tinch viloyat sanaladi va mahalliy kuchlar zimmasiga deyarli o’tib bo’lgan.