Notinch Afg'oniston Tramp g'alabasini qanday kutib oldi?

  • Amerika Ovozi

Mozori Sharifda Germaniya vakolatxonasi portlatildi, 11-noyabr, 2016

Afg’on rahbarlari Donald Trampni g’alaba bilan tabrikladi. Afg’oniston sobiq rahbari Hamid Karzay fikricha respublikachi Donald Trampning AQSh prezidenti etib saylanishi terrorizmga qarshi kurashda burilish yasaydi. Tahlilchilar esa xulosa qilishga shoshmang, deydi.

Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla Trampni qutlar ekan, unga muvaffaqiyat tiladi.

Karzay Prezident Barak Obamaning Afg’onistonga nisbatan siyosatini tanqid qilib keladi. Uzoqni ko’zlamaydigan yondashuv, Amerika bu yerda uzoq qolmasligini ta’minlovchi strategiya, deya qayd etadi Karzay.

Tramp Kobul bilan aloqani yangilaydi. Afg’on hukumatiga ko’rsatilayotgan moliyaviy yordam kamayishi mumkin.

“Tramp Obama kabi Afg’onistonga yordam bermasligi mumkin. O’ylaymanki, bunday siyosat dunyo bo’ylab o’zgarishlar olib keladi. Afg’oniston ham yangi yo’llarni, variantlarni o’ylab qo’yishi kerak bo’ladi”, - deydi mahalliy tahlilchi Fardin Hoshimiy.

Tramp Afg’onistonga ko’mak to’xtaydi deya ogohlantirgan.

“Biz afg’onlarga moliy yordam berdik, maktablar qurdik lekin ular bizning yordamimiz bilan bunyod etilgan maktablarni vayron qilishdi. Biz maktablarni Afg’onistonda emas, balki Amerikada qurishimiz kerak”, - degan u o’z saylov kampaniyasida.

“Amerika Afg’onistonning yaqin hamkori bo’lib kelgan, ko’p yordam ko’rsatgan. Lekin bunday bir paytda biz o’z siyosatimizni qanday qilib moslashtiramiz, bu bizning ishimiz”,- deydi Hoshimiy.

Siyosatchilar Amerikadan afg’on xalqini yolg’iz qoldirmaslikni so’raydi.

“Amerika bilan, NATO bilan hamkorlik bu afg’onlar uchun albatta foydali. Mamlakatning omon qolishi ham shu hamkorlikka bog’liq. Afg’oniston dushmanlari shu hamkorlikka zarar yetkazmoqchi, ular payt poylab turibdi”,- deydi sobiq ichki ishlar vaziri Umar Dovudzay.

Tramp AQShning yangi rahbari, Amerika yangi siyosatni, yo’nalishni sinab ko’rishga haqli, deydi boshqa tahlilchilar.

Ekspert Malik Sitez o’zining “Facebook” sahifasida shunday yozadi: “Tramp yutdi lekin Amerika yutqazdi”.

U bu gapini shunday sharhlaydi:

“Bir tomonda Trampning saylovoldi targ’ibotlarida aytgan so’zlari va bergan va’dalari turibdi. Agar bu so’zlar Amerika tashqi siyosatini tashkil etadigan bo’lsa, AQSh chetda qolib ketadi. Shuning uchun aytamanki, Amerika shu so’zlar, gaplar va va’dalarga asoslangan holda mag’lubiyat bilan duch keladi”.