BMTning Jahon Oziq-ovqat tashkiloti moliyaviy qiyinchiliklarga ishora qilgan holda joriy oyda Afg’onistonda yana ikki million fuqaroga oziq-ovqat yordamini kesishga majbur bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Tashkilot donor davlatlardan pul tushmasa, qish mavsumi millionlab odam, ayniqsa chekka qishloqlarda yashovchi aholi uchun og’ir kechishi haqida ogohlantirmqoda.
Baba Karim ismli besh farzandning otasi Kobul bozorida aravakashlik qiladi. U Tolibongacha kuniga 5,5 dollar pul topganini, 2021-yilda toliblar hokimiyatga qaytganidan so’ng daromadi kuniga ikki dollarga tushib ketganini aytadi.
Baba Karim uch farzandining nogiron ekanini, BMTdan oziq-ovqat yoki yordam puli olib turganini ma’lum qiladi.
“Ulardan ikki marta yordam oldim. Har ikkisida 48 dollardan naqd pul berishdi. Shundan keyin pul kesilganini aytishdi. Kunu-tun bolalarim kelajagidan xavotirdaman”, - deydi aravakash.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti gumanitar ehtiyojlar uchun so’ralgan pulning atigi choragi olinganini bildiradi. Donorlar pul ajratmasa, oktabr oxiriga borib oziq-ovqat ham, yordam puli ham tugashi aytiladi.
“Afg’onistonda 15 million odam yegulikka muhtoj. Mart oyidan beri talabgorlar sonini qisqartirishga majbur bo’ldik. Qishda 13 million odamga yordam berishni ko’zlagan edik, ammo mayda 8 million, hozir esa yana 2 million odamni ro’yxatdan chiqarishga to’g’ri keldi. Ya’ni oldin bizdan yordam olgan 10 million kishi endi ochlikka yuz tutishi mumkin”, - deydi Jahon Oziq-ovqat tashkilotining Afg’onistondagi vakili Xsyao Vey Li.
Tolibon hukumati xalqaro sanksiyalarga yuz tutgan, jumladan Afg’oniston Markaziy bankining xorijdagi pullari muzlatilgan. Toliblar ayollarga qo’yilgan cheklovlarni bekor qilmas ekan, sanksiyalarning olib tashlanishi amri mahol.
“Agar donorlardan bir milliard dollar olsak, Afg’onistonda mart oyigacha yordam va xizmat ko’rsatishimiz mumkin”, - deydi Li.