Hamkasbimiz, "Amerika Ovozi"ga bir necha yillar davomida muxbirlik qilgan Alisher Soipov otib o'ldirilganiga olti yil to'ldi.
Alisher 2007-yilning 24-oktabr kuni kechqurun O'shdagi idorasi oldida otib ketilgan edi. 26 yoshda u tog'ni tolqon qilishga qodir mutaxassis edi. Faxrga to'la ota-onaning to'ng'ich farzandi, yosh bir kelinning eri, uch oylik qizaloqning otasi, ukalarining suyangan jigari edi.
Alisherning hayotiga kim nima uchun nuqta qo’ygani hamon noma’lum. Taxminlar, da'volar va mulohazalar cheksiz. Jinoiy ish yopilgan, ochilgan, yopilgan va yana ochilgan. Bir shaxs aybdor topilib qamalgan ham.
Marhum hamkasbimizning otasi Avaz Soipov "Amerika Ovozi" bilan 2009-yildagi suhbatda, qotillik yuzasidan xulosalarini, adolat va haqiqatdan umidini uzmagan holda o’z dil nolalarini bayon etgan edi.
“Mening o’g’lim Alisher haqiqat qurboni bo’ldi. 26 yoshida otilib vafot etdi. Alisher universtitetda 1-kursda o’qib yurgan mahaldayoq jurnalist sifatida shakllandi. Ilk maqolalari chiqishni boshladi. O’qishni bitirgan mahalda jurnalist sifatida shakllanib bo’lgan edi. U hayotdagi yomonlikka qarshi turdi. Insonlarning manfaatini ko’zladi, kim bo’lishidan qat’iy nazar. Qarab turmadi befarq. Haqiqatni yoritaman deb shu haqiqat yo’lida halok bo’ldi”.
Qirg’iziston rasmiylari mujmal bayonotlar bilan cheklanadi. Soipovlar oilasi nazarida Alisherning o’limi siyosiy buyurtma mahsuli va chegaraning ikki tomonidan turib uyushtirilgan jinoyat.
Avaz Soipov:
“Alisherning qotilligi O’zbekiston maxfiy xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan. Unga yordam bergan tomon esa Qirg’iziston kuch organlari bo’ladi. Ishning yopiq qolayotgani sababi shu. Ikki davlat organlari tomonidan amalga oshirilgan qotillik. Nega bunday deyapman? Ikki yil davomidagi tergov jarayonlari va boshqa faktlar asosida shu fikrga keldim”.
Ota fikricha Alisherning yonida yurgan ayrim shaxslar aslida o’zbek maxfiy xizmati odamlari bo’lgan. “Hatto o’g’limning otilishiga guvoh bo’lgan shaxs ham”, - deya shubhalanadi Avaz Soipov:
“Menga hech narsa ko’rsatishmadi. Yashirishdi mendan. Men sudda shunday savol qo’ydim: Qani o’ldirilganida uning yonida bo’lgan shaxs, Iqbol Mirsaidov? Nega sud u bilan gaplashmayapti? Nega uni yashirishyapti? U axir Qirg’izistonda, asosiy guvoh shu. Menga rad javobini berishmadi. “Bilmaymiz. Qayerda yurgani ma’lum emas” deyishdi. Uni sudga chaqirishmadi”.
Alisher yosh edi, ammo o’tkir qalami va faolligi bilan o’ziga yarasha dushmanlar orttirib bo’lgan edi, ham Qirg’izistonda, ham qo’shni O’zbekistonda.
Tanqidiy maqolalari faqat “Amerika Ovozi” va boshqa xalqaro vositalarda emas, uning o’zi asos solgan “Siyosat” gazetasida ham chop etilib, chegaraning har ikki tomonida tarqatilar edi. O’zbek davlat matbuotida chiqqan ayrim materiallarda Alisher Soipov bu yurt dushmaniga qiyoslangan edi.
Bu yosh yigit faqat maqola va reportajlari uchun o’ldirilganiga ishonmaydiganlar ham bor. Alisher nomaqbul to’dalarga qo’shilgan, ekstremist ruhdagi odamlarga yaqin edi degan mulohazalar ham o’rtaga tashlangan.
Alisherning otasi bu da’volarga shunday javob bergan:
“Avval shunday fikrlarga ko’nika olmadim. G’azabim keldi. Fikrni aytishdan burun uni isbotlash kerak. Alisher bunday narsalarga aralashgan emas, bunday xatti-harakat ham qilgan emas. Osmondan olib, kimningdir buyrug’i bilan odamlar bunday tuhmatlarni gapirgan deb tushundim. Ularni tuban bir insonlar deb tushundim. Mening o’g’lim haqida yomon gapirgan insonlar o’z homiylarining pulini oqladi, vijdonini sotdi. Vaqti kelib, bunga ishonaman, ular afsus chekadi. Afsus chekkanlari ham bor. Men ota sifatida aytaman: Mening o’g’lim qandaydir bir terrorist guruhlarga qo’shilmagan. Hizbut-Tahrirga taqashdi, go’yoki Tohir Yo’ldosh bilan uchrashgan deyishdi. Bular tuhmat-ku axir! Alisher bunday narsalardan jirkanardi axir. Ulardan yiroq edi u. Alisher Turkiya va Eronga nega bordi? O’sha aldangan, adashgan, yurtidan qochib ketgan, o’zga yurtda xor bo’lib yashayotgan odamlar taqdirini bilgani, ularning hayotini o’rgangani bordi. Nega bu insonlar quvg’inda degan savolga javob qidirdi? Nima bu yomon ishmi? Men undan so’rardim: “Alisher, qanday yashayapti ekan ular?” Alisher ko’zi namlanib gapirar edi, “Dada, hayoti juda og’ir, hech qanday huquqi yo’q, qiyin ahvolda yashashyapti”, - der edi. Alisher odamlar bu dunyoda befarq bo’lmay yaxshi hayot kechirishi kerak der edi”.
Alisher o’ta qiziquvchan jurnalist edi. Biror narsaning tagiga yetish uchun kim bilan bo’lsa-da gaplashishga, unga savol berishga tayyor edi. Undan g’azablangan odamlarga hazil bilan javob berar, haqiqatni tan olsangiz yengil tortasiz deya eslatib qo’yardi.
Alisher 2006-yilda uylangan, o’limidan uch oy oldin qizli bo’lgan edi. Zulayho bu yili maktabga bordi.
Alisherning qotilligi qachon fosh etiladi? Haqiqat, adolat qaror topadimi? Uning yaqinlari, do’stlari va hamkasblari qachon biroz bo’lsa-da malham topadi? Murakkab savollar, lekin ularga javob talab qilmasdan iloj yo’q.
Avaz Soipov:
"Bu narsa hech kimning boshiga tushmasin. Men dushmanimga ham ravo ko’rmayman bu holatni. Men Alisher o’lganidan keyin u haqida yomon narsalarni gapirgan odamlarga ham iymon tilayman. Axir insonmiz… Ota-bobolarim, buvilarim dunyodan o’tdi. Xudoga shukur, ayam hayot. Bola-chaqam bor. Ko’nikdim. Lekin Alisherning o’limiga ko’nika olmayapman. To’g’ri, Ollohdan sabr tilayapman. Kundan kunga yaramiz kattalashyapti. Bekorga aytmayapman men, dushmanimga ham ravo ko’rmayman buni. Farzandni yo’qotish, farzand dog’i boshqa dog’, boshqa armon bo’lar ekan”.
Jurnalistning hamkasblari esa uni chin inson deb atab, yopig’liq qozon shunday qolmasligiga, bir Alisherning ovozini o’chirsalar-da, yana minglab Alisherlar voyaga yetishiga ishonadi.
Alisherning ukasi Shohruh Soipov ham jurnalist. U bilan o'tgan yilgi suhbatimizni tomosha qiling: