Oy oxirida Almatida Afg’oniston bo'yicha katta sammit o’tadi

Almati uchrashuvidan oldin Jon Xopkins Universitetida muhokama: (chapdan o'ngga) Ozarbayjon elchixonasidan Nargiz Gurbanova, AQSh rasmiysi Linn Treysi, Qozog'iston elchisi Qayrat Umarov, Jon Xopkins Universitetidan Brenda Shaffer, Turkiya elchixonasidan Timur Soylemez

26-aprelda Qozog’istonning Almati shahri Afg’oniston bo’yicha xalqaro majlisga mezbon bo’ladi. Tadbirda qo’shni davlatlar qatorida O’zbekiston delegatsiyasining ham ishtiroki kutilmoqda. Lekin Toshkent “Istanbul jarayoni” deb tanilgan jarayonda faol emas.

Your browser doesn’t support HTML5

Almatida Afg'oniston bo'yicha uchrashuv/Nasiba Tohir


“Harbiylar Afg’onistondan ketib mablag’ ham kamayishi kutilmoqda. Buning ta’siri sezilarli bo’lishi aniq”, - deydi Linn Treysi (Lynne Tracy), AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha yetakchi diplomatlaridan biri (Deputy Assistant Secretary of South and Central Asia, U.S. Department of State).

“Afg’onlar iqtisodiy taraqqiyot uchun harbiy madaddan boshqa manbalarni topishi kerak bo’ladi. “Istanbul jarayoni”ning asosiy maqsadi ham shu, yurtni iqtisodiy jihatdan oyoqqa turg’izish uchun zamin hozirlash, yordamchi tizim yaratish”, - deydi Treysi xonim, Vashingtonda, Jon Xopkins Universitetida o’tgan forumda

2011-yilning noyabrida Afg’oniston, uning bevosita va bilvosita qo’shnilari Turkiyada yig’ilib, afg’onlarga yordam qo’lini cho’zish haqida gaplashgan edi. “Istanbul jarayoni” deb yuritiluvchi loyihadan maqsad Afg’onistonda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotga hissa qo’shish.

Afg’onistonga eng ko’p yordami singgan mamlakatlardan biri – Qozog’iston, deydi bu davaltning AQShdagi elchisi Qayrat Umarov.

“Gumanitar yordam, don mahsulotlari va boshqa yegulik yetkazib, ko’priklar, kasalxona va maktablar bunyod etayapmiz, Talukan-Qunduz yo’lini barpo etilmoqda”, - deydi diplomat.

“50 million dollarlik ta’limiy dastur ishga tushib, hozir ming nafar afg’onistonlik talaba eng zo’r universitetlarimizda o’qiyapti. Afg’onistonning yuzlab bo’lg’usi liderlari qozoq ta’lim maskanlarida bilim olayapti va ular yangi do’stlar, madaniy tajriba orttirib, texnik va boshqaruvga doir yangi ko’nikma bilan vataniga qaytadi. Bundan tashqari, har yili 15 afg’on ofitseri Qozog’istonda malaka oshiradi. Afg’oniston milliy xavfsizlik xizmatini qo’llab-quvvatlash uchun 2015-yildan keyin 2 million dollar madad va’da qilganmiz”, - deydi Qayrat Umarov.

Mintaqa davlatlarini va qit’alarni bog’lovchi loyihalardan biri Qozog’iston orqali o’tuvchi G’arbiy Xitoy-G’arbiy Yevropa katta yo’lidir. Proyekt bitganida mahsulotni Xitoydan Yevropaga yetkazish uchun faqat 10-14 kun ketadi, hozir suv orqali mahsulot 40 kun tashiladi.

“Afg’on tovarlarini Xitoy va Yevropa bozorlariga olib chiqish uchun noyob imkoniyat bu. Qozog’iston-Turkmaniston-Afg’oniston temir yo’li ustida ham ishlar davom etmoqda”, - deydi elchi Umarov.

Uning aytishicha, Afg’oniston bugun xalqaro hamkorlik maydoniga aylangan. Lekin shu bilan birga, har bir davlatning mintaqaviy manfaatlari doim ham kesishavermaydi. Shu paytgacha har bir mamlakat afg’onlarga madad berishda o’zining manfaatlaridan kelib chiqdi. Qayrat Umarov nazarida “Istanbul jarayoni” mana shu manfaatlarni birlashtirish imkonini beradi.

"Istanbul jarayoni" da kimlar qatnashmoqda? Mohiyati nima?

“Istanbul jarayoni”ga Afg’oniston, Ozarbayjon, Xitoy, Hindiston, Eron, Qozog’iston, Qirg’iziston, Pokiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Birlashgan Arab Amirliklari va O’zbekiston kirgan. Loyihani BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islomiy hamkorlik tashkiloti, NATO, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqalar quvvatlamoqda. AQSh, Britaniya, Fransiya, Germaniya, Daniya, Avstraliya, Italiya, Norvegiya, Misr va Iroq ham ko’maklashib keladi.

Elchi Qayrat Umarov bu tashabbus doirasida belgilangan olti ustuvor yo’nalishni sanab o’tadi: ta’lim (Afg’onistonda yangi avlodni oyoqqa turg’izish uchun muhim poydevor – jarayonga Eron yetakchilik qilmoqda), kontr-terrorizm (barcha davlatlarni birlashtirgan muammo – bu sohaga Afg’oniston, Turkiya va Birlashgan Amirliklari bosh-qosh), qoradoriga qarshi kurash (terrorizm, korrupsiya, jinoyatchilikni moliyalab turgan bu muammo borasida hozircha hamkorlik zaif – soha uchun Ozarbayjon va Rossiya mas’ul), tabiiy ofatlarga qarshi kurash (jarayonga Qozog’iston va Pokiston javob bermoqda), infratuzilma (Turkmaniston va Afg’oniston jarayonga bosh) va savdo-sarmoya (mintaqadagi xususiy sektorni Afg’onistonga jalb qilishga qaratilgan bu loyihalarga Hindiston ko’z-quloq).

“Istanbul jarayoni”da O’zbekiston passiv. Kuzatuvchilar deydiki, respublika unda nomigagina qatnashmoqda. Holbuki, loyihada Afg’onistonning shimolini qo’shnilar va tashqi dunyo bilan bog’lashda gap ko’p.

O'zbekistonning roli

O’zbekiston ishtiroki borasida Toshkent rasmiylarning o’zi gapirgani ma’qul, deydi Linn Treysi, AQSh diplomati.

“O’zbekiston mintaqaviy-iqtisodiy zanjirning muhim bir bandidir”, - deydi u.

“Regionni dunyo bilan bog’lovchi muqobil yo’llar ko’payar ekan, O’zbekiston o’z ishtirokini qayta ko’rib chiqayotgan bo’lishi mumkin. Xulosa qilishga shoshmagan bo’lar edim. Shuni bilamizki, O’zbekiston Afg’onistonni qo’llab-quvvatlashga urinayapti… To’g’ri, boshqa davlatlar bilan qiyoslaganda ancha sust. Shu bilan birga, O’zbekiston uchun eshiklar ochiq va jarayonda bemalol qatnashishi mumkin”, - deydi rasmiy.

Turkiya elchisi Timur Soylemez fikricha, muammo negizida turgan davlatlar o’zi o’z muammolari bilan shug’ullanmasa, ularni hal qila olishiga ishonmasa, hamisha tashqi yordamga ko’z tikaveradi. Bu esa istalgan natijaga yetaklamaydi”.

“Afg’on hukumati terrorizm, ekstremizm va qoradori savdosining qurbonidir. Shu bilan birga Afg’oniston regionning yuragida joylashgan va bu davlatlarning iqtisodiy salohiyatini ochib yuborish uchun muhim bir manzildir”, - deydi Turkiya diplomati.

Rasmiylar Afg’oniston hamon urush domida ekani, Tolibon hamon katta xavf tug’dirayotganini e’tirof etadi.

“Lekin ularni yengish uchun nima qilish kerak? Yig’ilishimizdan maqsad ham aynan Afg’oniston yuzlashayotgan to’siqlarni chetga surish. Afg’onistonga muammo emas, balki unumli sherik sifatida qarashni odat qilmoqchimiz”, - deydi Qozog’iston elchisi Qayrat Umarov.