Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog’an Iroq va Suriyadagi kurd jangarilariga qarshi urush boshlashga tayyor ekanini aytmoqda. Anqara ularni terrorchi deb hisoblaydi va o’z tinchligiga eng katta tahdid sifatida ko’radi.
Erdog’an deydiki, kurd jangarilari AQSh homiyligi ostida haddidan oshmoqda. Amerika ularni “Islomiy davlat” va boshqa terrorchi to’dalarga qarshi janglarda quvvatlab keladi. Vashington uchun ular nafaqat Suriya balki Iroqda ham eng samarador kurashchilar.
Gap YPG (Xalq himoyasi bo'limlari) va PKK (Kurdiston Ishchilar Partiyasi) deya qisqa nom tanilgan kurd kuchlar haqida ketmoqda. O’tgan oy Turkiya ularni Iroqning Singal hududida havodan nishonga oldi.
YPG, deydi turk rasmiylari, PKKning bir qismi. Bu harakat esa azaldan Turkiya hukumatidan kurdlar uchun muxtoriyat talab qilib keladi. PKK AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terror tashkilot deb tamg’alangan. Vashington u yordam berayotgan kurdlarni bu guruhga aloqador deb bilmaydi.
Biroq YPG, Amerika nigohida, terrorchi emas va “Islomiy davlat”ga qattiq zarba berayotgan muhim kuch.
Bu kurd jangarilarning nufuzi va harbiy qudrati oshib borayotgani Turkiyada chuqur xavotir uyg’otmoqda, deydi siyosiy tahlilchi Atilla Yeshilada.
“PKK yangi davlat barpo etayotgandek. Suriya kurdlari o’z davlatiga ega bo’lishni xohlaydi. Lekin hozir Suriyada PKK infratuzilma va mahalliy hokimiyatlarni egallamoqda. Mayda guruhlarga non yo’q. PKK hammasining boshida. Turkiya bunga yo’l qo’ya olmaydi”, - deydi Yeshilada.
Turkiya kurdlarga qarshi urush boshlash taraddudida ekan, AQSh va Rossiya o’z manfaatlarini himoya qilish uchun o’z quvvatlovidagi kuchlarni Turkiya bilan chegaraga safarbar etgan.
Turkiya hukumati bundan g’azabda va o’ta salbiy oqibatlar haqida ogohlantirmoqda.
Iste’fodagi general Haldun Solmazturk fikricha, yirik davlatlar shayton bilan o’ynashmoqda. U Turkiya hukumatini ehtiyot bo’lishga, qizishmay qaror qilishga undamoqda. Kuchlarni bir-biriga yaqinlashtirish faqat qon to’kadi, hech kimning tinchligi uchun xizmat qilmaydi, deydi bu sobiq turk qo’mondoni.
“Ortiqcha muammo hozir hech kimga kerak emas. Turkiyaning o’zida muammo yetarli. Suriyada allaqachon ancha kuchga egamiz. Amerika, Rossiya, Suriya, arab davlatlari va Eron bilan to’qnashishdan nima naf ko’ramiz? Kurd muammosi bu bilan hal bo’lmaydi. Turkiya hozir shundoq ham yakkalanib qolgan”, - deydi keksa general Solmazturk.
Ayrim tahlilchilar esa Erdog’an faqat do’q qilmoqda, Vashington va Moskva e’tiborini o’ziga qaratmoqchi, degan fikrda.
Sobiq turk diplomati Aydin Seljen tahlilicha, Anqara kutilmagan harakat qilib, o’z qudratini ko’rsatib turishni ma’qul ko’radi. Bu qaltis qadam, lekin Erdog’anni to’xtatish qiyin, deydi u, chunki prezident nazarida kurdlar hozir eng kuchaygan payt.
“Suriyadagi urushda Turkiya mag’lub bo’lishni istamaydi. Turli davlatlar o’z foydasini ko’zlar ekan, Anqara jim tura olmaydi. Erdog’an shunday fikrlaydi. U ham o’z imkoniyatlariga ega ekanini bildirib qo’ymoqchi”, - deydi Seljen.
Har safar Turkiya Suriyada biror amaliyot qilganida omma orasida bu keng olqishlanadi. Erdog’an, lider sifatida, bundan yutadi. Kurd masalasi serqirra yechim talab etishini u biladi lekin bu elatning biror jihatdan oldinga siljishi Anqara uchun muammoni yanada og’irlashtirishi ham tabiiy.
Vashington terrorizmga qarshi kurashda kurdlarga tayanadi va ishonadi. Lekin, deydi AQSh diplomatlari, Vashington mintaqada suverenitetni buzuvchi har qanday qadamga qarshi. Kurd aholi dardini tinglash, u bilan murosa qilish Anqaraning ishi, deydi Amerika tomon.