AQSh musulmon dunyosidagi to’polon va o’zgarishlarga qanday yondashgani ma’qul? Yaqin Sharqdagi azaliy ittifoqchilar nima deydi?
Tarozining bir pallasida demokratiya, ikkinchi pallasida esa mintaqa barqarorligi.
Yaqin Sharq AQSh tashqi siyosatida hamisha muhim rol o’ynab kelgan. Mintaqa tabiiy boyliklar, xususan neft va gazga boy ekani uchun.
Ekspertlar nazarida Amerika u yerdagi ta’sirini saqlash maqsadida o’ziga ittifoqdosh, ammo avtokratik rahbarlar bilan ish qilib kelgan. Region hozir g’alayonlar domida ekan, AQSh siyosatini ushbu o’zgarishlarga qarab moslashtirish kerak degan fikrlar yangramoqda.
Davlat kotibasi Xillari Klinton yaqinda AQSh-Islom forumida nutq so’zlab, shunday dedi.
“Qayerda imkon bo’lsa, avvalambor xalq bilan munosabatlarni kuchaytirish lozim. Fuqaro jamiyati, tadbirkorlar, diniy jamoalar, ayol yetakchilar va ozchilikdagi guruhlar. Siyosatni qayta ko’rib chiqib, ustuvor yo’nalishlarni mintaqa fuqarolarining o’zi belgilashi tarafdorimiz”, - deydi Klinton.
Davlat kotibi har bir mamlakatdagi o’zgarishlarga alohida yondashmoq lozim deydi. Jarayonlar qanday tus olyapti, natijasi qanday, AQSh strategik manfaatlariga javob beradimi-yo’qmi – siyosatni mana shu faktorlar belgilaydi.
Klintonning sobiq yordamchisi Martin Indik bu xulosaga qo’shiladi.
“Misr xalqi o’z faraoniga qarshi bosh ko’targanida Qo’shma Shtatlar xalq tarafida turgani to’g’ri qaror. Tarix bizga ijobiy baho beradi degan umiddaman”, - deydi u.
Ammo, deydi Indik, Saudiya Arabistoniga nisbatan bunday siyosat teskari natija beradi.
“Saudiya Arabistoni beqarorlikka yuz tutgudek bo’lsa, neft bahosi osmonga chiqadi. Krizisdan o’zini hali to’liq o’nglay olmagan jahon, jumladan AQSh iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qiladi”, - deydi sobiq rasmiy.
Tahlilchi nazarida, Vashington Saudiya Arabistoni va boshqa hukumatlar bilan gaplashib, siyosiy va konstitutsion islohotlarga da’vat etishi zarur, toki Misr va Tunisdagi voqealar ularning ham boshiga tushmasin.
AQSh davlat xavfsizligi sobiq maslahatchisi Zbignev Bjezinskiyning aytishicha, Qo’shma Shtatlar mintaqada nufuzini oshirmoqchi bo’lsa, Isroil va Falastinni yarashtirish harakatlarini susaytirmaslik kerak.
Biroq bu harakatlar samara bermasa, oqibati yaxshi bo’lmaydi, deydi taniqli arbob.
“Shu paytgacha erishilgan kelishuvlar ijobiy, biroq ularni amalga oshirish mexanizmi oqsamoqda. Buni tuzatmasak, boshimiz muammodan chiqmaydi”, - deydi Bjezinskiy.
Siyosatdonlar deydiki, AQSh diplomatiyasi Yaqin Sharqda demokratik kuchlarni qo’llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratishi kerak.
Shibli Telxami, Merilend universiteti professorining aytishicha, joriy oy o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning 57 foizi arab dunyosida demokratik jarayonlarni qo’llab-quvvatlaydi.
“So’ralganlarning katta qismi arab dunyosidagi voqealarni islomiy kuchlarga bog’lamaydi. Bu erkinlik va demokratiyaga intilayotgan oddiy xalq chiqishlari deyishadi. Ular arab demokratiyasi tarafdorlari. Shu sabab AQSh hukumati ularni qo’llab-quvvatlasin deydi”.
Vashington, deydi tahlilchilar, mintaqada repressiv hukumatlar emas, xalqlar bilan ish qila olsa, radikalizm va terrorizmga qarshi kurash ham osonlashadi.