15 iyul butun dunyo, shu jumladan O’zbekistonda ham ko’plab odam hayotini tubdan o’zgartirdi desak mubolag’a bo’lmaydi.
Chunki aynan shu kuni “grin karta” nomi ostida tanilgan va AQShda yashash va ishlash huquqini beradigan maxsus viza lotereyasining 2012 yilgi g’oliblari aniqlandi.
Agar dasturda qatnashgan bo’lsangiz, sizga berilgan maxsus raqamni kiritib, mana bu yerdan javob olishingiz mumkin: http://www.dvlottery.state.gov/ Tekshirish muddati bu yilning yilning 15 iyulidan kelasi yilning 30 iyunigacha.
1994 yildan buyon har yili o’ynaladigan lotereya go’liblarining nomlari odatda bundan vaqtliroq, may oyida e’lon qilinar edi. Bu yili esa kompyuter systemasidagi muammolar sabab lotereya qayta o’ynaldi va natija kechroq ma’lum qilinmoqda.
Ko’plar birinchi “grin karta” yutgani haqida ma’lumot olgan-u, lekin ko’p o’tmay ularga bu xato ekani aytilgach, tarvuzi qo’ltig’idan tushgan.
Dasturdan norozi odamlarning bir guruhi, aniqrog’i 20 mamlakatda yashovchi qariyb 22 000 kishi advokat yollab, lotereya o’yini uchun mas’ul AQSh Davlat departamentini sudga berdi.
15 iyul kuni bu ish bo’yicha Vashingtondagi sud hukm chiqardi.
Unga ko’ra, AQSh Davlat departamentida ayb yo’q. Muammo kompyuterdagi nosozlikda bo’lgan.
Jabrlanuvchilarning advokatlari deydiki, AQSh hukumati sudda yutdi, lekin bu davlatga nisbatan minglab odamlarning ishonchi yo’qoldi, ularning umidlari puchga chiqdi.
“Grin karta” yutdim, endi Amerikaga ketaman” deganlarning ko’pchiligi ishidan bo’shab, uy-joyini sotib ulgurgan. Endi esa 15 iyul kuni ularning ismlari lotereya g’oliblari orasiga kiritilmagan bo’lsa, ular o’z mamlakatlarida qolib, yangi ish qidirishi, yana uy-joy sotib olishi va hayotini eski tarzda davom ettirishi kerak.
Jabrlanuvchilar uchun 15 iyul xush xabar olib kelmagan bo’lsa-da, ko’plab xonadonlarda bayram. Chunki ular internetga kirib, maxsus saytdan “grin karta” lotereyasi g’olibi ekanini aniqlagan.
Har yili AQSh Davlat departamenti bu mamlakatda doimiy yashash va ishlash huquqini beradigan maxsus viza uchun o’rtacha 90 000 ariza qabul qiladi. Ulardan qariyb 50 000 nafari yutadi va Amerikaga ko’chib kelish va mehnat qilish imkoniga ega bo’ladi.
So’nggi yillarda O’zbekistondan ham “grin karta” qo’lga kiritganlar juda ko’p. Masalan, 2010 yil natijalariga ko’ra, 4500 ga yaqin o’zbekistonlik bu hujjat sohibi bo’lgan.
Sobiq Sovet respublikalarini oladigan bo’lsak, O’zbekiston fuqarolari “grin karta” yutish bobida ikkinchi o’rinda turadi. Ukraina - birinchi.
Aholi jihatidan O’zbekistondan ancha katta Rossiya “grin karta” yutganlar soni bo’yicha ancha orqada, 2000 ga ham yetmaydi.
2010 yilda Qozog’istondan 343, Qirg’izstondan 203, Tojikistondan 178, Turkmanistondan esa 108 AQShda yashash va ishlash huquqini beradigan lotereya g’olibi bo’lgan.