Amerika urushlarni bas qilsin, deydi musulmonlar

  • Amerika Ovozi

Amerika urushlarni bas qilsin, deydi musulmonlar

Amerika va musulmon dunyosi orasidagi aloqalar yangi pallaga kirganiga 10 yil bo’ldi. 2001 yilning 11 sentabrida bu davlatga qarshi sodir etilgan terror xurujlari xalqaro siyosatda katta burilish yasagan, G’arb jamoatchiligini ogohlikka undagan edi.

Dunyo bo’ylab musulmonlar 11 sentabrdagi hujumlarni qoralagan, terrorchilarga la’natlar aytgan. Lekin ko’plab insonlar nazarida Amerika bu xurujlarga to’g’ri javob bermadi: Afg’oniston va Iroqdagi urushlar xato bo’ldi.

NATOning Liviyadagi ishlari ham shunday izohlanadi.

Yakkahokimlarni quvvatlab kelgan axir G’arbning o’zi, deydi ayrimlar.

2001 yilning 11 sentabri, Nyu-York

Terrorizmga qarshi kurash bayrog’i ostida xalqni ezayotgan ko’plab rahbarlar – Amerikaning yaqin ittifoqchilari, deydi siyosiy sharhlovchilar.

Merilend Universitetidan Stiven Kall:

“Amerikani aynan shu bois yomon ko’radigan, unga umuman ishonmaydigan odamlar juda ko’p. Uning siyosati, harbiy harakatlarini islom diniga qarshi harakat deb baholashadi. Xalqaro qonun va demokratiya chetga surilgan”.

Isam al-Eriyan - Misrda bugun rasmiy partiyaga aylangan Musulmon Birodarlar harakati rahbari. Husni Muborak davrida u man etilgan guruh edi.

AQSh Afg'onistonga kirganiga yaqinda 10 yil to'ladi

Al-Eriyan fikricha, AQSh harbiy harakatlarida terror xurujlariga qaraganda ko’proq odam halok bo’lmoqda, bu davlat musulmon dunyosiga barqarorlik va demokratiya olib kelmadi.

“Afg’onistonda yutqazishdi. Yangi davlat qura olmadi. Iroqda yutqazishdi. Demokratik jamiyat qani?”

Barak Obama prezidentlikka kelganidan beri musulmon olami bilan muloqotni yaxshilashga harakat qilmoqda.

Hozircha ijobiy o’zgarishlar faqat Indoneziyada ko’zga tashlanadi.

Bu xalq orasida Amerika va uning rahbarining nufuzi baland. Dunyoning eng yirik musulmon jamiyati demokratik tuzumga ega. Terrorizmdan ko’p talofat ko’rgan. Vashingtondan madad olib keladi.

Barak Obama

Lekin Indoneziyada ham Amerikaning ashaddiy tanqidchilarini topasiz. Ular nazarida, AQSh - ko’zbo’yamachi, Isroilni yoqlab, yahudiy davlatining shafqatsiz ishlariga ko’z yumib kelmoqda.

“Prezident Obama Isroilga bas qil deyishi, uni to’xtatishi kerak. Amerika Isroilni himoya qilib keladi”,- deydi Jakartada namoyishga chiqqan talabalardan biri.

Bu yil inqilob yuz bergan Tunisda demokratik kuchlar “AQSh bizni quvvatlamayapti” deya norozi. Ba’zilar esa siyosat o’zgarayapti deydi.

“Nazarimda, amerikaliklar Tunisda o’z manfaatlariga ega bo’lmoqchi. Shu bois bizga yordam bera boshlagan”,- deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan tunislik.

Jakarta

AQSh Iroq va Afg’onistondagi qo’shinlarini olib chiqa boshlagan. Mustaqil Falastin davlati tuzish g’oyasini ma’qullab kelmoqda.

Bunga erishilsa, deydi tahlilchilar, musulmon dunyosi bilan aloqalar ancha yaxshilanishi mumkin. Lekin boshqa masalalar ham bor.

“Amerika Musulmon Birodarlar singari islomiy guruhlar bilan muloqot qilishi kerak. Ular demokratik jarayon ishtirokchilari… AQSh ularga ishonmay, shubhalanishda davom etsa, vaziyat chigallashadi”.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Musulmon Birodarlar bilan gaplashishga tayyor ekanini, bu borada harakat boshlanganini aytmoqda. Lekin bu guruh vakillari hozircha o’zgarish yo’q deydi.

O’n yil oldin terrorizmga qarshi e’lon qilingan urush va uning oqibatlari har yerda namoyon, deydi musulmonlar, Amerika deganda shu xayolga keladi.