2001-yil 11-sentabr voqealaridan keyin Amerikada xavfsizlik tushunchasi o’zgardi. Bir vaqtlar mamlakatini qudratli va yengilmas deb bilgan amerikaliklar endi xavotirda. Lekin terrorizmga qarshi ko’rilgan hammaga ham ma’qul emas.
So’nggi 10 yil ichidda mamlakat aeroportlarida xavfsizlik choralari kuchayib, yo’lovchilar samolyotga chiqqunicha izchil tekshiruvdan o’tadi. Noqulay, lekin bu tekshiruv juda zarur, deydi yo’lovchilardan biri, Bob Dubua.
"Bu – zamon talabi. Iqtisodiyot uchun ham muhim. Ertaga nima bo’lishini bilmaymiz. Atrofdagi o’zgarishlarga moslashish kerak deb hisoblayman."
Oskar Del Kastilyo ham xavfsizlik choralarini ma’qullaydi, ammo ba’zilari oshirib yuborilgan, deydi.
"Ayrimlari kerak, albatta. Ammo odamni rentgendan o’tkazishni ortiqcha deb hisoblayman",- deydi u.
Amina Mirza Qozi Los-Anjelesda Amerika-Islom Aloqalari Kengashida yurist bo’lib ishlaydi. Uning aytishicha, yangi qonun-qoidalar asosan musulmonlar uchun ko’p qiyinchilik uyg’otmoqda.
"Qachon safarga chiqib, aeroport nazoratidan o’tsam, doim meni chetga chiqarishadi. Hijobim tufayli meni qo’shimcha tekshirishlari kerakmish",- deydi u.
AQSh Transport xavfsizligi boshqarmasi hammani birday tekshirishini aytadi. Ammo musulmonlar bunga qo’shilmaydi.
“Bizni shu tariqa kamsitishadi”, - deydi ular.
San-Diyego shahri yaqinidagi mana bu masjid kengaymoqchi bo’lganida musulmon bo’lmagan aholi qarshilik bildirgan edi.
Yil boshida esa huquq himoyachilari Federal Qidiruv Byurosini musulmonlarni nazorat etish uchun ayg’oqchilarni yollayotganlikda ayblab, sudga berdi. Byuro o’zini shubhali tutgan odamlarni nazorat etishini aytib, agentlar qattiq qoidalar doirasida ish yuritishini ta’kidlaydi.
Amerika Fuqaro Erkinliklari Ittifoqi vakili Axilan Arulananxamning aytishicha, qoidalar mujmal bo’lib, hukumat shaxsiy hayotga aralashmoqda. Bu davlat asoschilari fuqarolarning uzviy huquqlari poymol etilmasin deb, buni konstitutsiyada qayd etgan, deydi u.
"Fuqarolik urushidan endi chiqqan arbob edi ular. O’sha paytda yaratilgan qonunlar bizni himoya qilishga, og’ir kunlarda ham muvozanatni saqlashga qaratilgan edi."
Federal Qidiruv Byurosining Los-Anjeles bo’limi xodimi Stiven Martinezning aytishicha, Qo’shma Shtatlar hali ham erkin jamiyat, ammo terrorizm tahdidini unutmaslik kerak.
"Erkinlik juda muhim, lekin odamlar gavjum joylarda – istirohat bog’lari, kinoteatr, savdo markazlarida xavfsizlikni kuchaytirishga majburmiz. Chunki dushmanlarimiz aynan shunday joylarni nishonga olishga harakat qiladi. Ularni himoya qilish esa oson emas",- deydi agent.
Xavfsizlik bo’yicha ekspert Erroll Sautersning aytishicha, amerikaliklar yangi tahdidlarga ko’nikishi kerak.
"Odamlar ehtiyot choralari haqida bilsin. Tabiiy ofatlar – zilzila, yong’in, suv toshqinlari, dovul… Ammo bunisi tabiiy emas, inson yaratgan ofat. Lekin baribir odamlarga haqiqiy tahdidlar haqida ma’lumot berish kerak. Ular ham yordam berishi lozim".
Sauters deydiki, terror xurujlarining oldini olish uchun jamoatchilik huquq-tartibot organlarini shubhali odamlar va harakatlar haqida xabardor qilib turishi kerak. Shu bilan birga inson huquqlariga ham ko’z yummaslik lozim. O’rtadagi muvozanatni topish esa oson emas.