Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi – ASEANga a’zo 10 davlat rahbarlari Kambodjada ikki kunlik sammitga yig’ilgan. Talash dengiz hududlari va Shimoliy Koreya rejalagan raketa sinovi kun tartibidagi asosiy mavzulardan.
Kambodja prezidenti Xun Sen poytaxt Pnompendagi majlisni ochar ekan, iqtisodiy muammolarga e’tibor qaratdi va kambag’al-boy davlatlar orasidagi tafovutni kamaytirishga undadi. „Birlashib, Xitoy va Hindiston kabi gigantlar bilan bellasha olishimiz kerak“, - deydi u.
ASEANga a’zo davlatlar kelasi uch yilda Yevropa singari yagona savdo zonasini yaratishni rejalamoqda. Lekin qator mamlakatlar oldin xavfsizlik, potensial mojarolar masalasini yechaylik, deydi.
Filippin, Vyetnam, Malayziya va Bruney kabi davlatlar tabiiy zaxiralarga boy Janubiy Osiyo dengiziga da’vogar. Lekin mintaqada kuch-qudrati ustun Xitoy hududning katta qismini o’ziniki hisoblaydi. Filippin va Vyetnam Xitoy kemalarini dengiz sarhadlarini buzib, qo’shnilarning savdosiga to’sqinlik qilayotganlikda ayblaydi.
Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari yakshanba kuni safdosh nochor Birmada o’tgan parlament saylovlarini olqishladi. Muxolifat yetakchisi Ang San Su Chining partiyasi qonunchilik organida 40 o’rinni qo’lga kiritgani o’zgarishlarga yuz tutgan bu yopiq jamiyat uchun yutuq, deydi qo’shnilar. ASEANga Bruney, Kambodja, Indoneziya, Laos, malayziya, Birma, Filippin, Singapur, Tailand va Vyetnam a’zo.