Osiyo pul o'tkazmalari borasida dunyoda yetakchi, ammo...

  • Amerika Ovozi
2012-yilda chet o’lkalarda ishlagan osiyolik muhojirlar vataniga, oila a’zolari va yaqinlariga 260 milliard dollar jo’natgan. Pul o’tkazmalari miqdori xalqaro madad hajmidan besh baravar ko’proq. Ammo ekspertlarga ko’ra, pul jo’natish narxlari baland. Agar pul o’tkazish uchun olinadigan foizlar kamaytirilsa, mamlakatlar taraqqiyoti uchun ko’proq mablag’ sarflanishi va iqtisodiy o’sish yanada yaxshiroq ta’minlanishi mumkin, deydi ular.

Your browser doesn’t support HTML5

Pul o'tkazmalari, Behzod Muhammadiy


Dunyoning turli mamlakatlarida 60 million osiyolik migrant ishlaydi. Ular vataniga jo’natadigan pul miqdori Afrika, Lotin Amerikasi va sharqiy Yevropa muhojirlari birgalikda yuboradigan puldan ko’proq.

O’tgan yili dunyoning barcha mamlakatlarga 410 milliard dollar pul o’tkazilgan bo’lsa, uning 60 foizdan ortig’ini aynan osiyoliklar ulushi tashkil etdi.

Eng ko’p mablag’ Hindiston, Xitoy, Filippin, Pokiston, Bangladesh, Vyetnam va Shri-Lankaga o’tkazilgan.

BMTning dushanba kuni chiqarilgan hisobotiga ko’ra, Osiyoda kambag’allik ko’lamini kamaytirishda pul o’tkazmalari xalqaro madadga qaraganda kattaroq ahamiyatga ega bo’lyapti.

Ammo “Osiyo: uyga pul jo’natish” deb nomlangan hisobot xulosasiga ko’ra, pul o’tkazmalari uchun to’lanadigan haq qimmat, o’rta hisobda 9 foizga teng. Mahalliy aholida esa xorijda ishlayotgan qarindoshlaridan olingan pulni sarmoya qilish imkonlari cheklangan.

BMTning Qishloq xo’jaligi taraqqiyoti xalqaro jamg’armasi vitse-prezidenti
Kevin Kliverning bildirishcha, agar pul o’tkazish arzonlashsa, bevosita sarmoya kiritish uchun qo’shimcha imkoniyatlar paydo bo’ladi.

“Mana bu raqamlarga bir qarang-a. Osiyoga bir yil davomida 260 milliard dollar o’tkazilgan. Agar shu mablag’ning atigi 10 foizi sarmoya qilinsa, va shu 10 foizning yarmi aynan qishloq xo’jaligiga sarmoya sifatida kiritilsa, 13 milliard dollar sarmoya kiritilgan bo’lardi. Hozir qishloq xo’jaligi uchun xalqaro donorlar ajratayotgan yordam puli bundan kamroq”, - deydi u.

Kliverga ko’ra, Osiyoning ko’plab davlatlari pul o’tkazmalari tizimlari orasidagi raqobatni rag’batlantirmaydi, aksincha, cheklaydi. Natijada monopoliyalar vujudga kelgan. Ular o’rnatgan narxlar esa baland.

Markaziy Osiyoda pul o’tkazmasi uchun to’lanadigan haq 7 foizdan kamroq. Dunyo bo’ylab o’rtacha ko’rsatkich aynan 7 foizga teng. Xitoy va Osiyo-Tinch okeani mintaqasining boshqa mamlakatlarida esa 10 foiz va undan ko’proq.

Hisobotda ta’kidlanishicha, migrantlarga pul o’tkazmalari bilan bir qatorda boshqa moliyaviy xizmatlar ham ko’rsatilishi kerak.

BMT bilan birgalikda hisobotga mualliflik qilgan Jahon Banki rasmiysi Massimo Sirassinoning aytishicha, ko’plab migrantlar va ularning oila a’zolarida bank hisob raqamlari yo’q. O’tkazilgan pulning bor-yo’g’i chorak qismi banklarda saqlanadi yoki sarmoya qilinadi.

“Ular faqat pul olgandagina moliyaviy sektorga jalb etiladi. Odatda naqd pul olib, naqd pul sarflaydi. Bu odamlarga moliyaviy xizmatlar taklif etilishi kerak. Masalan, pulni jamlash, kredit, mikrokredit yoki mikro-sug’urta olish imkoniyatlari berilsin”, - deydi Jahon banki rasmiysi.

Ko’p hollarda muhojirlar qonuniy maqomga ega emas. Ular uchun turli trening va o’quv kurslari tashkil etilishi kerak, shunda ularning huquqlari toptalmaydi, deydi Massimo.

Hisobot Bangkokda bo’lib o’tayotgan Pul o’tkazmalari global forumida taqdim etildi. Uch kunlik anjumanda dunyoning eng badavlat davlatlari 2014-yilga borib pul o’tkazmalari uchun to’lanadigan narxni dunyo bo’ylab o’rta hisobda besh foizga kamaytirishga kelishib oldi.