To'rt davlatdan jurnalistlar xalqaro mukofot sovrindori

  • Amerika Ovozi

"Jurnalist har qanday vaziyatda haqiqatni yoritishi kerak".

Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot - Jurnalistlarni Himoya Qilish Qo’mitasining bildirishicha, bu yili dunyo bo’ylab 39 jurnalist o’ldirilgan.

Qaltis mavzularni yoritgani uchun. Jurnalistlar ko’plab davlatlarda doimiy ta’qib ostida.

Jurnalistlarni Himoya Qilish Qo’mitasi yaqinda to’rt muxbir va muharrirni taqdirladi. Xalqaro matbuot erkinligi mukofoti 1991 yilda ta’sis etilgan.

Sovrindorlar - Efiyopiya, Venesuela, Eron va Rossiyadan.

Jurnalist Loreano Markez Venesuelada o’tkir siyosiy-hajviy maqola va sharhlari bilan tanilgan.

“Biz fuqarolarning ovozimiz. Shaxsan men haqiqatni hajviy usulda yoritaman. Shu orqali xalq bilan bog’lanaman”.

Venesuela hukumati Loreanoni sudga tortmoqchi. Jurnalist bundan xayron emas. Amaldorlar uning maqolalariga xavf sifatida qaraydi. Venesuelada so’z erkinligi tahdid ostida ekani hech kimga sir emas, deydi jurnalist.

“Hukumatni tanqid qilgan bir necha axborot vositalari yopib qoyilgan. Ba’zilari esa qo’rqqanidan o’zinio’zi senzura qiladi. Namoyish qilsangiz sizni jinoyatchiga chiqarishadi. Odamlar tanqid qilgani qo’rqib qolgan”,- deydi u.

Dog’istonlik jurnalist Nodira Isayeva ham Rossiya hukumati tomonidan ekstremizmda ayblanib, 8 yil panjara ortiga tashlanishi mumkin.

U Dog’istonda chop etiladigan haftalik gazeta bosh muharriri. Isayeva Rossiya harbiy kuchlarining Dog’istonda jangarilarga qarshi olib borayotgan amaliyotlari haqida yozgani uchun qo’ra ro’yxatga tushgan.

“Matbuot erkinligi mukofotiga loyiq deb topilganim - bu kabi ayblovlarga javob”, - deydi u.

“Eshitib ko’zimga yosh keldi. Chunki mening jurnalistik faoliyatim tan olinyapti”.

Efiopiyalik jurnalist Dovud Kebede vatanida 2005 yilgi saylovlarda yo’l qo’yilgan xato va amalga oshirilgan firibgarliklarni fosh etgani uchun ikki yil qamoqda o’tirgan. Hamkasblari ta’qib tufayli Efiopiyani tark etgan, lekin u mamlakatda qolib ishini davom ettirmoqda.

“Yoshligimdan jurnalist bo’lishni orzu qilganman. Boshqa kasb haqida o’ylab ham ko’rmaganman”,- deydi u.

“Maqolam norozilik uyg’otsa, demak ishimni to’g’ri qilayapman. Odamlar o’ylasin, fikrlasin”,- deydi sovrindor.

“Turli yo’llar bilan sizning ovozingizni o’chirishga harakat qilishyatimi, demak ishingizni professional tarzda ado etyapsiz. Ta’qib bilan muammo hal bo’larkanmi? Undan ko’ra muammolarni yeching”.

Eronlik jurnalist Muhammad Davariy sovrinni shaxsan qabul qilish uchun Nyu-Yorkka kela olmaydi. U amaldagi hukumatga qarshi harakatda ayblanib, besh yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Eron qamoqxonalaridagi ahvol, mahbuslarga bo’lgan munosabat haqida tanqidiy maqolalar yozgani uchun jazolanmoqda.

Joel Saymon - Jurnalistlarni Himoya Qilish Qo’mitasi rahbari.

“Davariy o’z kasbini sidqidildan bajargani uchun qamoqda o’tiribdi. U korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarni yotirgan.

Mukofot sovrindorlari hayoti har kuni, har soniya xavf ostida ekanini yaxshi tushunadi, lekin jurnalistik faoliyatini davom ettirib, haqiqatni fosh etishda davom etmoqchi.