Kasod yoqasida turgan Belarusga yordam beradigan bormi?

  • Amerika Ovozi

Belarusdagi iqtisodiy vaziyat Sovet Ittifoqi parchalayotgan 1990-yillarni eslatadi. Valyuta qadrsizlanib, iqtisodiy tizimi parchalanayotgan Belarusga yordam havodek zarur

Avtoritar rahbar qo’li ostidagi Belarusda iqtisodiy ahvol ham nochor. Lekin bu davlatga na Yevropa Ittifoqi va na Rossiya ko’mak berishga ishtiyoqmand. Valyutasi qadrsizlanib borayotgan Belarus bankrot bo’lishi mumkin.

“Yevropaning so’nggi diktatori” hisoblanmish prezident Aleksandr Lukashenko kuni kecha vazirlar mahkamasidagi chiqishida Rossiya bizga 6 milliard dollar yordam ajratadi, deb ta’kidlagan edi.

Oradan bir soat o’tmay, “Interfaks” axborot agentligi Kremldagi manbalariga tayanib “Rossiya Belarusga bir tiyin ham qarz bermaydi” deya xabar tarqatdi.

Ismi oshkor qilinmagan rasmiylar deydiki, Bosh vazir Vladimir Putin ertaga Minskka tashrifi chog’ida bir milliard dollar kredit taklif etishi mumkin – evaziga Aleksandr Lukashenko gaz quvurlari va neftni qayta ishlash zavodlarini Rossiyaga sotishi kerak.

Yevropa Kengashining tashqi aloqalar qo’mitasi vakili Yana Kobzova yaqinda Moskvada bo’lib qaytdi. Belarusga nisbatan ishonch juda past, deya xulosa qiladi.

“Hamma shikoyat qiladi. Ular nazarida Belarus uzoq yillardan buyon Rossiya hisobiga yashab yuribdi”, - deydi Kobzova.

Haqiqatdan ham Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning aytishicha, Belarusga har yili 5 milliard dollar subsidya ajratiladi. Bu esa 9 million aholiga ega Belarus yillik milliy daromadining qariyb 10 foizini tashkil etadi. Ushbu bosim vositasidan foydalanayotgan Kreml, bir G’arb, bir Rossiya tomon og’gan Belarusni o’z ta’sir doirasiga butkul olib kirish payida.

“Belarusdagi iqtisodiy vaziyat Sovet Ittifoqi parchalayotgan 1990-yillarni eslatadi. Valyuta qadrsizlanib, iqtisodiy tizimi parchalanayotgan Belarusga yordam havodek zarur”, - deydi iqtisodchi Anton Struchenevskiy.

Gretsiya va Portugaliya kabi moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan mamlakatlarga yordam uzatayotgan Yevropa Ittifoqining Belarus singari yakkahokimlikka asoslangan davlatga ko’maklashishi amrimahol

Atigi ikki hafta oldin bir dollar uch ming Belarus rubliga teng edi. Hozir bir dollar 6500 rubl. Valyuta tanqisligidan import deyarli to’xtagan. Oqibatda fabrika-zavodlar ham ishdan to’xtab, minglab odam ishsiz. Belarusda fuqarolarning bir yillik daromadi qariyb uch ming dollar atrofida.

Gretsiya va Portugaliya kabi moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan mamlakatlarga yordam uzatayotgan Yevropa Ittifoqining Belarus singari yakkahokimlikka asoslangan davlatga ko’maklashishi amrimahol.

Belarusda demokratiyadan so’z ochish mumkin emas. Muxolifat qattiq bosim ostida. So’z va uyushish erkinligi qattiq cheklangan.

So’nggi prezidentlik saylovlarida nomzodini qo’ygan arboblar, muxolifat vakillaridan beshtasi sudga tortilgan. Aleksandr Lukashenkoga qarshi maydonga chiqqan Andrey Sannikov yaqinda besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Minsk turmasida qiynoqqa solingan yana bir muxolifatchi Chexiya Respublikasidan boshpana so’ragan. Shu kungacha siyosiy dissidentlardan jami 30 nafari ustidan sud o’tkazilgan, 22 nafari qamoqqa tashlangan.

AQSh va Yevropa bu jarayonlarni qoralab chiqdi. Kelasi haftaga mo’ljallangan anjumanda Yevropa Ittifoqi Lukashenko ma’muriyatiga nisbatan qattiq jazo choralari ko’rishi kutilmoqda.