Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyishlar Belarusda millatchilik kayfiyatini uyg’otish bilan birga ona tiliga ham e’tiborni oshirmoqda.
Yozuvchi Vladimir Neklyayev – Belarus muxolifati namoyandalaridan biri. Qamalgan, quvg’inda ham yashagan. U Prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyishlar natija berishiga, belarus tili va madaniyati tiklanishiga ishonch bildiradi.
“Lukashenko davrida ruslashtirish siyosati Sovet Ittifoqi davriga qaraganda ikki karra kuchaydi. Sovet paytida hech bo’lmaganda institutlar bo’lardi, Belarus madaniyati va adabiyoti rivojlangan. Amaldagi rejim bularni yo’q qildi”, - deydi Neklyayev, Belarus prezidentligiga sobiq nomzod.
Belarusda davlat tili ikkita – belarus va rus tillari. Ammo belarus tili kam qo’llanadi.
Mamlakatda belarus tilida chop etiladigan kundalik gazeta ham atigi bitta. U ham tekshiruv ostida ekan, nashrning kelajagi mavhum.
“Hozircha har hafta chiqayapti. Qancha davom etishini bilmaymiz. Har hafta yuqoridagilar majlis qilib, gazetamiz kelajagini muhokama qilishadi. Bizni ahamiyatsiz deb bilishsa kerak. Buning ustiga belarus tilidagi gazeta. Hozircha yopishmadi”, - deydi “Novy Chas” gazetasi direktori Oksana Kolb.
Til saqlab qolinishi an’anaviy belarus qo’shiqlarini ijro etuvchi mana bu kabi folklor musiqiy guruhlar faoliyatiga ham bog’liq.
“Oxirgi paytlar do’konga kirsangiz, odamlar ko’proq belarus tilida gapirayotgani quloqqa chalinadi. Ko’chada belarus tilida so’zlashganlar, hoynahoy, oliy ma’lumotli bo’lsa kerak”, - deydi “Tuteyshaya shlyaxta” ansambli direktori Olga Maxnach.
Ona tilidan foydalanish istagi “Mutnayevoka” nomli rok gruppani o’z ichiga olgan yangi madaniy yo’nalishlarga ham yo’l ochmoqda.
“Belarus davlat televideniyesi nuqul Rossiya kanallarini namoyish etadi. Lekin yoshlar va aql-idrokli kattalar hozir hamma narsani internetda, YouTube da topayapti”, - deydi vokalist Yevgeniy Zmushko.
Belarus o’zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Lukashenkoning tanqidchilari deydiki, madaniy uyg’onish ham 26 yildan beri davom etayotgan siyosiy repressiyalarga nuqta qo’yishning bir qismi bo’ladi.