COVID-19 pandemiyasini yengish, iqlim o’zgarishi bilan bog’liq inqirozni hal qilish hamda Xitoy va Rossiyaning ziyonli xatti-harakatlariga qarshi chora ko’rish haqida gap ketganda, Qo’shma Shtatlar dunyoga kuchli pozitsiyadan turib yetakchilik qilishi lozim, deydi Prezident Jo Bayden.
AQSh rahbari Katta Yettilik va NATO anjumanlarida ishtirok etish uchun 9-iyun kuni Yevropaga otlanmoqda. Safari davomida Jenevada Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashadi.
Buni ham ko'ring Bayden va Putin 16-iyunda Jenevada uchrashadiAyni paytda AQSh-Rossiya munosabatlari chuqur inqiroz holatida. Ikki tomon bir qancha masalalar, jumladan kiberhujumlar, inson huquqlari va saylovga aralashuv yuzasidan tortishib kelmoqda.
“Vashington Post” nashridagi maqolasida Bayden Moskva va Pekindan kelayotgan tahdidlar fonida demokratik davlatlar orasidagi ittifoqchilikni mustahkamlashga va’da berdi.
“Rossiyaning Yevropa xavfsizligiga qarshi tashlagan qadamlari, xususan, Ukrainaga nisbatan agressiyasiga javob berish masalasida hamjihatlikda harakat qilamiz. AQSh o’z manfaatlaridan ajratib bo’lmas demokratik qadriyatlar himoyasida sobit qolishiga hech kim shubha qilmasligi kerak”, - deydi Bayden.
“Prezident Putin kelajakda ziyonli xatti-harakatlarga javob berishdan tortinmasligimni biladi. Uchrashganmizda, AQSh, Yevropa va boshqa hamfikr demokratik davlatlar inson qadri va huquqlari uchun kurashishini eslatib o’taman”, - deydi prezident maqolada.
Buni ham ko'ring Bayden Putinni "qotil" deb atadiYanvarda ishga kirishganidan buyon Bayden Rossiyaga nisbatan bosimni kuchaytirmoqda. Putinni “qotil” deb atagani Kremlda keskin tanqidga uchragan edi. Ammo har ikki rahbar munosabatlar yaxshilanishiga umid bildirmoqda.
Baydenga ko’ra, Vashington “ixtilof va nizo yo’lidan borishni istamaydi”. Qurollarni kamaytirish bo’yicha “Yangi START” bitimi uzaytirilgani bunga misol, deydi u.
“Strategik barqarorlik va qurol nazorati kabi masalalarda Rossiya bilan hamkorlik qilishimiz mumkin bo’lgan barqaror munosabatlarni istaymiz”, - deya yozadi Bayden.
Bayden Rossiyani 2020-yilgi AQSh sayloviga aralashganlikda ayblagach, Kreml mart oyida Vashingtondagi elchisini chaqirib olgan edi.
“Bizda AQSh bilan hech qanday muammo yo’q, lekin ularning biz bilan muammolari bor”, - dedi Putin davlat televideniyesiga bergan intervyusida.
Putin AQShni Rossiya iqtisodiyotini izdan chiqarishga urinishda va ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblaydi. U Jenevadagi sammit pandemiya, iqlim o’zgarishi va terrorizmga qarshi kurash singari mavzular atrofida kechishi mumkinligini qayd etgan.