Rossiya admirali Aleksandr Moiseyev mamlakat chegaralari yaqinida NATO harbiy harakatlari kuchayganidan shikoyat qilib, buni regional xavfsizlikka tahdid deya tanqid qilmoqda.
“So’nggi yillarda xorijiy davlatlarning, xususan, Barents dengizida faollashganini kuzatyapmiz. AQSh va NATO dengiz kuchlari harbiy kemalarining muntazam ekspeditsiyasini boshlagan. Bunday faollikni Ikkinchi jahon urushi davridan beri ko’rmagandik”, - deydi u.
“Pyotr Velikiy” kemasidan turib so’zlagan rus admiraliga ko’ra, NATO Rossiya chegaralariga tobora yaqinroq hududlarda harbiy mashg’ulotlar o’tkazmoqda. U, shuningdek, AQSh strategik bombardimonchi samolyotlarining parvozlarini ham tilga oldi.
“Bunday xatti-harakatlar provokatsion xarakterga ega va regional xavfsizlikka salbiy ta’sir ko’rsatadi”, - deydi Moiseyev.
Rossiya va NATO harbiy alyansi bir-birini chegara hududlarda beqarorlashtiruvchi mashqlar o’tkazishda ayblab keladi. O’tgan oy Rossiya Ukraina chegarasiga katta qo’shin tortgani G’arbda jiddiy xavotir uyg’otdi.
AQSh-Rossiya aloqalari
Ayni paytda Vashington-Kreml aloqalari eng quyi nuqtada. Aprelda Bayden ma’muriyati saylovga aralashuv va kiberxurujlar tufayli Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalarni joriy etdi. Har ikki mamlakat bir-birining 10 tagacha diplomatini haydab yubordi.
Moskva AQSh elchixonasi faoliyatiga cheklovlar qo’ygach, elchixona konsullik xizmati xodimlarini 75 foizga qisqartirgan.
Prezident Jo Baydenning ta’kidlashicha, AQShning ayrim shtatlarida benzin taqchilligiga olib kelgan so’nggi kiberxuruj ortida Rossiya hukumati turgani haqida dalillar yo’q, ammo uni amalga oshirganlar Rossiyada.
Bayden va Prezident Vladimir Putin iyun oyida Yevropada uchrashishi kutilmoqda. Oradagi kelishmovchiliklarni sammit oldidan hal qilish belgilanmagan, deya bildirmoqda Oq uy.
Facebook Forum