Bayden-Mun uchrashuvida Shimoliy Koreya bosh mavzu

  • Amerika Ovozi

Oq uyda Jo Bayden bilan uchrashgan Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In “Amerikaning xalqaro sahnaga qaytishini” olqishladi. Ikki rahbar Koreya yarimorolini yadrosizlantirish borasida yaqindan hamkorlik qilishga so’z bermoqda.

Shimoliy Koreya yuzasidan “chuqur xavotirda” ekanini ta’kidlagan Bayden mintaqaga yangi maxsus elchi tayinlaydi.

Seul nazarida Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturini cheklash uchun diplomatik sa’y-harakatlarni zudlik bilan yangilash lozim, ammo Oq uy uzoqni o’ylab, shoshmasdan ish tutishiga ishora qilmoqda.

Uchrashuv kun tartibidagi boshqa mavzular: vaksina taqsimoti bo’yicha hamkorlik, iqlim o’zgarishi va Xitoy bilan bog’liq regional xavfsizlik.

Bu Prezident Baydenning pandemiya sabab atigi ikkinchi bor xorijiy rahbar bilan yuzma-yuz ko'rishishidir.

Rasmiy muzokaralar belgilangan vaqtdan ham o’tib ketdi, deydi Bayden.

“Maroqli suhbat tufayli hamma narsani orqaga surdik”, - deydi AQSh rahbari.

Mun Jey In “dunyo Amerika qaytganini olqishlayapti”, deya Donald Tramp davrida diplomatiyadan chekinishga ishora qildi.

Oq uy yaqinda Shimoliy Koreya bo’yicha siyosatni qayta ko’rib chiqib, strategiya o’zgarishini ma’lum qilgan. Pxenyanni yadroviy maqsadlaridan qaytarish uchun aynan nimalar qilinishi borasida hozircha aniq ma’lumot yo'q.

Mun Jey In kunni Vitse-prezident Kamala Harris va Baydenning maslahatchilari bilan uchrashuvdan boshladi. 60 yil oldin Koreya urushida qatnashgan 94 yoshli Ralf Paketni jasorati uchun mukofotlash marosimida ham qatnashdi.

2022-yilda prezidentlik vakolati tugayotgan Mun Jey In Vashington va Pxenyan hamda Seul va Pxenyan o’rtasida to’xtab qolgan muloqotni jonlantirishga chaqirmoqda. Bayden ma’muriyati mart oyida Shimoliy Koreya bilan dialog boshlashga urinish samara bermaganini tasdiqlagan edi. Bevosita muzokara g’oyasi shundan buyon oldinga siljimagan.

Bayden Kim Chen Un bilan muzokaraga ochiqmi?

“Bu kun tartibidagi birinchi masala emas”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.

Safari oldidan Mun AQSh rahbarini diplomatik harakatlarni yangilashga undashini aytgan edi.

“Qolgan muddatim davomida shoshmasdan ish tutaman. Lekin Koreya yarimorolida tinchlik jarayonini qayta boshlash imkoniyati paydo bo’lsa, qo’ldan kelgancha harakat qilaman”, - deydi Janubiy Koreya prezidenti.

Oq uydagi muzokaralar haqida jurnalistlarga anonim tarzda ma’lumot ulashgan rasmiy Shimoliy Koreya yadroviy va ballistik raketa dasturlarini demontaj qilishga ko’nsa, AQSh sanksiyalarni qisman bekor qilishga tayyormi, degan savolga javob bermadi.

AQSh o’tmishdagi urinishlar natijasini yodda tutib, “moslashuvchan” yo’ldan borishga harakat qiladi, deydi u.

Bayden ittifoqchisidan iqlim o’zgarishiga qarshi dadilroq harakat qilish, Hind-Tinch okeani mintaqasida Xitoy ta’sirini cheklash uchun ko’proq choralar ko’rishga undashi kutilmoqda.

Mun, o’z navbatida, AQShdan vaksina ta’minotini oshirishda yordam so’rashi mumkin. Janubiy Koreya shu kungacha aholisining atigi 5 foizini emlagan.

Bayden Seuldan Xitoyning regiondagi provokatsion xatti-harakatlariga nisbatan qat’iyroq pozitsiyani egallashini istaydi. Shu maqsadda Tinch okean mintaqasidagi ittifoqchilarini ham birgalikda harakat qilishga undab kelmoqda.

Prezidentligining ilk kunlarida Bayden, shuningdek, Xitoyning savdo siyosati va bu mamlakatdagi inson huquqlari ahvolidan xavotir bildirgan edi.

Yaponiya Xitoy harbiy faolligi va hududiy da’volarini xavfsizlikka tahdid deb biladi va bu masala AQSh e’tiborida. Yaponiya o’ziniki deb bilgan Senkaku orollariga Xitoy ham da’vogar. Jo Bayden Xitoy bilan hudud talashayotgan yana bir davlat - Hindiston bilan ham aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda.

Biroq Seul Xitoyga nisbatan keskin tanqiddan chekinishi mumkin, deydi kuzatuvchilar. Chunki Xitoy nafaqat savdo hamkori, balki Shimoliy Koreyani muzokaraga ko’ndirishda ko’maklashishi mumkin.

Janubiy Koreya rahbari Arlington milliy qabristoniga tashrif buyurib, Koreya urushida halok bo’lgan amerikaliklarni xotirladi. Shuningdek, Kapitoliyda Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi bilan uchrashdi.