Prezident Jo Bayden Isroil-XAMAS mojarosi mintaqaviy urushga aylanishini bartaraf etish, G’azoga gumanitar yordam olib kirishga chaqirish uchun bugun Isroilga tashrif buyurdi.
Tel-Avivda so’zlar ekan, AQSh rahbari G’azodagi kasalxonaga qilingan hujumdan “qayg’uda va g’azabda” ekanini aytdi.
“Ko’rgan-bilganlarim asosida aytishim mumkinki, bu ishni siz emas, narigi taraf qilganga o’xshaydi. Ammo ko’plab odamlarning ishonchi komil emas”, - dedi Bayden Isroil bosh vaziri bilan birga o’tkazilgan matbuot anjumanida.
Uning tashrifi oldidan G'azoda kasalxona portlatilgan. Yuzlab insonlarni o'ldirgan bu voqea Vashingtonning Isroilni shartsiz quvvatlashiga nisbatan qarshilikni kuchaytirgan.
“Al-Ahli” shifoxonasidagi portlash Yaqin Sharq bo’ylab ommaviy noroziliklarga sabab bo’ldi, arab yetakchilari Bayden bilan Iordaniyada rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilgan. Iordaniya hujumni “katta falokat va dahshatli urush jinoyati” deb atamoqda.
XAMASga ko'ra, kasalxonaga bombalarni Isroil tashlagan. Falastinliklar yahudiy davlatlarni ularni qirib tashlashga bel bog'laganlikda ayblamoqda. XAMAS Isroilni terrorist va fashist, deya qoralamoqda.
Falastin rahbariyatining bildirishicha, kamida 500 odam nobud bo'lgan, ko'pi bolalar, ayollar va keksalar.
Isroil qurolli kuchlariga ko'ra esa ularning portlashga aloqasi yo'q, Kasalxonaga Falastinning Islomiy Jihod guruhi raketalari tushgan, deya bildirmoqda Tev-Aviv. Islomiy Jihod buni inkor etmoqda.
Prezident Bayden Tel-Avivdan keyin Iordaniyaga o'tib, qirollik va Misr rahbarlari bilan gaplashishni rejalagan edi. Uchrashuvda Falastin lideri Mahmud Abbos ham kutilayotgan edi.
Falastinning BMTdagi vakili Riyod Mansur deydiki, Amerika prezidenti "sulh xabari bilan borsagina, u bilan muloqot qilishga arziydi".
Oq uyga ko'ra, Bayden Iordaniya qiroli Abdulla va Falastin rahbari Abbos bilan maslahatlashib, muzokarani qoldirgan. Misr tomon ham buni ma'qullagan.
“Prezident begunoh insonlar halok bo'lgani yuzasidan hamdardlik bildirib, jarohatlanlarga shifo tilaydi", - deyiladi AQSh bayonotida.
Prezident Bayden arab liderlar bilan muntazam aloqada ekanini aytib, vaziyat bag'oyat tang ekanini tan olgan.
Isroil G'azodagi portlash uning ishi emasligini ta'kidlar ekan, Vashington unga ishonishini bildirmoqda.
Oq uy yahudiy davlat G'azoni o'qqa tutayotgani xalqaro qonunlarni buzish emas, o'z himoyasi yo'lidagi harakat deb biladi.
Amerika nazarida XAMAS terrorist tashkilotdir va uni yer tishlatish kerak.
Bayden ma'muriyati Isroil G'azoga bostirib kirishiga qarshi va insonparvarlik yordami uchun yo'llarni ochishga undamoqda.
Yevropa Ittifoqi nazarida Isroil G'azoni suv, ovqat va energiyadan uzganini xalqaro qonunlarga ziddir.
Ramallohda Isroilga qarshi namoyishlar avjida. Aholi Prezident Abbosdan xalqi himoyasi uchun chora ko'rishni talab qilmoqda.
Livan, Eron, Turkiya va jahon bo'ylab ham norozilik chiqishlar tinmayapti.
XAMAS 7-oktabr kuni Isroilning 1400 fuqarosini o'ldirganidan beri Yaqin Sharqdagi azaliy bu mojaro keskinlashib, qariyb 3000 falastinlik halok bo'lgan, jarohatlanganlar 13 mingga yaqin.
BMT Xavfsizlik kengashi masala yuzasidan tarqoq, hanuz biror qarorga kela olmagan.
Prezident Bayden Isroilga safari chog'ida bu davlatning XAMASga qarshi choralari bilan yaqindan tanishib, begunoh va tinch aholi hayotini ehtiyot qilishga undaydi, shuningdek, gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun zarur qadamlar muhokama qilinadi, deydi Davlat kotibi Entoni Blinken.
Buni ham ko'ring Yaqin Sharq bo'yicha rezolyutsiya BMTda o'tmadiBlinken deydiki, Isroil xalqaro tashkilotlar G'azoga yordam bera olishi kerakligini tushunadi va sharoit yaratib berish ustida bosh qotirmoqda.
Biroq yahudiy davlat rahbariyati uning asosiy vazifasi o'z xalqini himoya qilish, XAMAS garovga olgan insonlarni ozod etish va bu guruhni yo'q qilish.
Isroil Falastin ahlini XAMAS yashiringan hududlardan chiqib ketishga chaqirib, aks holda nishonda qolishi haqida ogohlantirmoqda.
XAMAS ataylab aholi punktlariga joylashib olgan, odamlar uning uchun qalqon, deydi Isroil harbiylari.
G'azodan axborot uzatish ham qiyinlashgan, chunki quvvat cheklangan va aloqa tizimlari ishdan chiqqan.