Nyu-York sudining hay’ati tomonidan kompaniyasi hujjatlarini qalbakilashtirishda aybdor topilgan Donald Tramp saylov kampaniyasiga qaytdi.
Your browser doesn’t support HTML5
U saylov tashviqoti bilan Arizona shtatida bo’lib, Prezident Jo Bayden AQSh-Meksika chegarasidagi vaziyatni nazorat qilishga ojiz ekanini aytdi.
“Vaziyat izdan chiqqan. Baydenni deb muhojirlar mamlakatni bosyapti. Bu suverenitetimizni, chegaralarimizni ataylab poymol qilishga qaratilgan siyosat. Nega bunday bo’layotganini kimdir bizga tushuntirib berishi kerak. Nazarimda, ovozlar uchun qilinayotgan ish bu”, - deydi Tramp.
Sobiq rahbar fuqaro bo’lmagan odamlar demokratlarga ovoz berayotganini da’vo qiladi. Tramp prezidentlikka saylansa, noqonuniy migratsiyaga chek qo’yishini aytadi.
"Agar Xitoy yoki boshqa bir mamlakat o’zini yaxshi tutmasa, jazo tariqasida tariflarni ishga solishimiz mumkin”, - deydi u.
Bayden Meksika bilan chegaradan noqonuniy o’tish hollari kuniga 2500 ga yetsa, siyosiy boshpanaga da’vogarlarni ortga qaytarishni buyurdi.
Prezident immigratsiya tizimini isloh qilishda Trampning migrantlarga qarshi izohlari ortiqcha ekanini aytadi.
"Biz keng qamrovli immigratsiya islohoti uchun kurashayotgan bir paytda Tramp muhojirlarni zo’ravonlar va qotillar deb atayapti. Tramp ularni odam sifatida qabul qilmaydi, muhojirlarni mamlakatimiz qonini zaharlayotganlikda ayblaydi. Sobiq rahbar mamlakatda ba’zilarni boshqalardan ustun qo’ymoqchi. Biz esa mamlakat hamma uchun bo’lishini istaymiz”, - deydi Bayden.
Unga ko’ra, Trampning muhojirlarga qarshi izohlari Amerikaga asos solgan tamoyillarga ziddir.
"Biz muhojirlar yurtimiz, orzumandlar, erkinlik yurtimiz. Mana shunday Amerika uchun kurashyapmiz”, - deydi Bayden.
Tramp Nevada shtatida ham saylovchilar bilan uchrashib, unga qarshi sud jarayonlari ortida Bayden turganini, prezident sud tizimidan qurol sifatida foydalanayotganini aytdi, Baydenni chegarada xavfsizlikni ta’minlay olmayotganlikda aybladi.
“Bu dunyo tarixida eng yomon chegaradir. Hech bir rivojlanayotgan mamlakat chegarasi ham bunchalik emas. Ularda bizda bo’lgani kabi siyosiy nomzodlarni ta’qib qilish uchun adliya tizimini qurolga aylantirishmaydi”, - dedi Tramp.
Mart oyida o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, amerikalik saylovchilarning salkam uchdan biri immigrantlarni tahdid, jinoyatlarga qo’l urishga moyil deb biladi. 2017-yilda bundaylar 19 foiz atrofida edi.