AQShda prezidentlikka asosiy da’vogarlar Jo Bayden va Donald Tramp qora tanli saylovchilar ko’nglini ovlashga zo’r bermoqda. Qora tanli saylovchi odatda demokrat nomzodlarga ovoz beradi. Bu esa Trampdan tashviqot ishlarini qattiqroq olib borishni talab qiladi.
Yaqinda Donald Tramp Nyu-Yorkda saylovchilar bilan uchrashib, saylansa, barcha amerikaliklarga birday xizmat qilishini aytdi.
"Qora tanli bo’lasizmi, jigar rang yoki oq bo’lasizmi, farqi yo’q. Hammamiz amerikalikmiz, amerikaliklar sifatida birlashamiz”, - dedi u.
Michiganda saylovchilar bilan uchrashgan Jo Bayden uning mahkamasida barcha irq vakillari borligini aytdi.
"Ma’muriyatimizda tarixdagi oldingi ma’muriyatlardan eng ko’p qora tanlilar, eng ko’p ayollar, eng ko’p ozchilikdagi guruhlar vakillari bor. Shuning uchun ham yaxshi ishlayapmiz”, - dedi Bayden.
Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, ayrim shtatlar ikkilanib turgan shtat maqomida bo’lib, Tramp ham, Bayden ham u yerda yashovchi qora tanli saylovchini o’z tomoniga og’dirishga zo’r bermoqda.
“Pyu” sotsiologik markazi ma’lumotidan ayon bo’lishicha, ta’lim imkoniyatlarini yaxshilash va iqtisodiyotni kuchaytirish 2024-yil saylov mavsumida qora tanli aholi uchun eng muhim mavzulardir.
"Maktablarimizni yanada muvaffaqiyatli qilamiz. Har bir mahalla, mamlakatimizdagi eng buyuk bu shaharning har bir rayoniga farovonlikni qaytaramiz”, - dedi Tramp nyu-yorkliklarga.
Bayden saylov shtabining Trampni tanqid qiluvchi siyosiy reklamasida sobiq prezident qora tanlilarni yomon ko’rishi, uylarni qora tanlilarga ijaraga berishdan bosh tortgani, begunoh qora tanli o’smirlarning besh nafarini qatl etishga chaqirgani aytiladi.
Bayden Trampni ichi qora, o’ch olishga moyil, ozchilikdagi guruhlarga qarshi nomzod deya ta’riflaydi.
“Tramp Amerikaga bosh bo’lish uchun saylovda qatnashayotgani yo’q. U o’ch olish uchun qatnashyapti. Qasos olish uchun. Bu bilan mamlakatni boshqarib bo’lmaydi. Kelajakni intiqom asosida qurib bo’lmaydi. Odamlar hayotini intiqom orqali yaxshilab bo’lmaydi. Shuning uchun men Amerikani kelajak sari yetaklash uchun saylovda qatnashyapman”, - deydi Bayden.
Noqonuniy immigratsiya Tramp saylov kampaniyasining markaziy mavzusi. Bronksdagi chiqishida u buni tilga oldi.
"Afro-amerikaliklar qirg’in qilinmoqda. Ispan zabon amerikaliklar qirg’in bo’lyapti. Mamlakatimizga kelayotgan millionlab odam qora tanli, ispan zabon aholimiz hayotiga salbiy ta’sir qilmoqda, ularni deb xalqimiz ishlaridan, uylaridan, bor-butidan ayrilyapti”, - deydi Tramp.
Bayden Trampni mag’lub etish uchun qora tanlilar ovozlariga muhtoj ekanini aytadi.
"Sizlarni deb Donald Tramp mag’lub sobiq prezident bo’ldi. Sizlarni deb Donald Tramp yana mag’lub bo’ladi”, - deydi u.
To’rt yil oldingi saylovda qora tanli saylovchilarning 92 foizi Baydenga ovoz bergan. So’nggi ijtimoiy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, qora tanli elektoratning 77 foizi bu safar Bayden tomon og’ishi, 18 foizi esa Trampga ovoz berishi mumkin.