Osama bin Laden jihod uchun 29 million dollar vasiyat qilgan

  • Amerika Ovozi

Osama bin Laden 2011-yil may oyida AQSh maxsus kuchlari tomonidan Pokistonda o'ldirilgan

2001-yil 11-sentabr kuni AQShda qariyb 3000 odam hayotini olib ketgan xuruj ortida turgan Osama bin Laden 29 million dollarga teng boylikni tarafdorlariga vasiyat qilgan va bu mablag’ni “Alloh nomida jihodga sarflash” ni buyurgan.

1-mart kuni AQSh hukumati bin Ladenning bundan besh yil oldin Pokistonning Abbotobod shahrida qo’lga tushirilganiga oid 113 ta hujjatni oshkor etdi. Ular orasida al-Qoida rahbarining vasiyatnomasi ham bor.

AQShning maxsus SEAL otryadi bin Ladenni oila a’zolari bilan birga yashagan uyida operatsiya o'tkazganidan buyon arab tilida yozilgan hujjatlar vaqti-vaqti bilan keng jamoatchilikka taqdim etiladi. Shu yil oxirida qolgan hujjatlarning ham oshkor etilishi ko’zda tutilgan.

Bu safargi hujjatlar 2009-2011 yillarga tegishli. Ulardan ma’lum bo’lishicha, o’ldirilganida 54 yoshda bo’lgan bin Laden AQSh al-Qoidadagi josuslar yordamida uning qayerdaligini aniqlash mumkinligidan xavotirlangan.

Hujjatlarning birida bin Laden al-Qoida ixtiyorida bo’lgan afg’onistonlik asir evaziga berilgan va naqd pul solingan chamadonda kuzatish moslamasi (chip) o’rnatilganidan tashvish bildiradi.

“Pullar olib kelingan chamadonni yo’q qilish juda muhim. Chunki unda kuzatish chipi o’rnatilgan bo’lishi mumkin”, - deb yozadi bin Laden Shayx Mahmud ismli yordamchisiga.

AQSh dronlari al-Qoida faoliyatini kuzatayotganidan xavotirda bo’lgan bin Laden jangarilarga Pokistonning Peshavor shahridagi ijaraga olingan uyni faqat “nihoyatda bulutli kunda” tark etish mumkin deya ogohlantiradi.

Abu Abdulla taxallusi ostida yozilgan yana bir hujjatda bin Laden AQSh razvedka xizmati uning Eronda tish doktoriga borgan rafiqasini kuzatganidan va tishdagi plombaga chip o’rnatilgan, deya shubhalanadi.

"Bu chip bug'doy donasidan ham kichkinaroq" deb yozar ekan, u xatni o’qib bo’lgach darhol yo’q qilish kerakligini buyuradi.

Bin Laden 1996-yil may oyigacha besh yil davomida Sudanda yashagan va 29 million dollarni aynan o’sha yerda qoldirgani aytilmoqda. Bu mablag’ aynan qay maqsadda ishlatilishiga oid ma'lumot yo’q.

U pullarning bir foizini al-Qoida tashkiloti rahbarlaridan biri Mahfuz Uld al-Validga, yana bir foizini injener Abu Ibrohim al-Iroqiy Sa’adga Sudanda “Al Vadiy al-Aqiq” nomli birinchi biznesini ochishda yordamlashgani uchun vasiyat qilgan.

Katta qismi esa jihod uchun sarflanishi kerak, degan.

“Umid qilamanki, aka-ukalarim, opa-singillarim hamda xolalarim men Sudanda qoldirgan pulning barini Alloh nomida jihod uchun sarflaydi”, - deb yozgan u.

Shuningdek, onasi, o’g’li, qizi, tog’asi va tog’asining farzandlari hamda xolalariga aniq miqdorda meros qoldirgan.

2008-yil 15-avgustida yozilgan maktubda bin Laden otasidan umr yo’ldoshi va farzandlariga g’amxo’r bo’lishni so’ragan.

"Qadrli otam, ayolim va bolalarimni qaramog’ingizda qoldiraman. Ulardan hol-ahvol so’rab turing, qayerdaligi bilan qiziqing, turmushida va boshqa ehtiyojlarida yordamlashing”, - deya bitgan bin Laden.