Tolibon AQShni Doxa kelishuvini buzganlikda tanqid qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh qo’shinlari Afg’onistonni sentabrda tark etishi haqidagi e’londan bir kun o’tib, Davlat kotibi Entoni Blinken Kobulga safar qildi va rahbarlar bilan uchrashdi. Uning ta’kidlashicha, harbiylarni vatanga qaytarish jarayoni yaqin orada boshlansa-da, Afg’onistonga ko'mak davom etadi.

“Sherikligimiz o’zgaryapti, lekin u uzoq muddatli”, - dedi Blinken Prezident Ashraf G’ani bilan uchrashuvda.

Kuni-kecha AQSh rahbari Jo Bayden Afg’onistondagi qo’shinlar 2021-yilning 11-sentabrigacha olib chiqilishini e’lon qildi.

“Bu qarorni hurmat qilamiz va prioritetlarni shunga qarab moslaymiz”, - deydi G’ani.

Davlat departamenti rasmiylaridan birining jurnalistlarga aytishicha, AQSh Afg’onistondagi harbiy bazalarini yopayotgan bo’lsa-da, har qanday tahdidga javob berishga qodir.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani bilan muloqotda, 15-aprel, 2021

Entoni Blinken AQSh elchixonasida amerikalik harbiylar bilan uchrashib, ularga minnatdorchilik bildirdi. Bosh diplomat afg’onistonlik fuqaro jamiyati faollari bilan ham ko’rishgan, biroq muxbirlar oldida hech qanday izoh bermagan.

Uchrashuvda ishtirok etgan Afg’oniston parlamenti a’zosi Nahid Farid mamlakat kelajagi haqida so’ralganda “qarashlarim juda pessimistik”, deya javob bergan.

Jo Bayden telemurojaatida qarorini e’lon qilar ekan, “Afg’onistondagi urush avloddan avlodga o’tadigan missiya bo’lmasligi kerak edi”, dedi. Unga ko’ra, Jahon savdo markazi va Pentagonga qilingan teraktlardan 20 yil o’tgach, bu mamlakatda qolishni asoslash qiyin.

Buni ham ko'ring AQSh Afg'onistondan chiqadi, eng uzoq urushini tugatadi

“Afg’onistonga 20 yil oldin sodir bo’lgan dahshatli hujum tufayli kirgan edik. Nima uchun 2021-yilda ham qolishimiz kerakligini tushuntirib bo’lmaydi, - deydi prezident. - Afg’onistondan chiqish uchun ideal sharoit yaratishga umid qilib va boshqacha natijani kutib, harbiy missiyamizni cho’zish va kengaytirishni davom ettira olmaymiz”.

Bayden urush borasida qaror qilayotgan to’rtinchi prezident ekanini, vazifani beshinchi prezidentga qoldirmasligini qayd etdi. Askarlarni chiqarish 1-mayda boshlanadi, diplomatik va gumanitar dasturlar esa davom etadi.

AQSh qarori Afg’onistonda fuqarolik urushi yanada kuchayishiga olib kelishi borasida xavotirlar mavjud. Baydenning aytishicha, AQSh va ittifoqchi davlatlar qariyb 300 ming sonli afg’on xavfsizlik kuchlarini treningdan o’tkazish va jihozlar bilan ta’minlashda yordamlashadi. Kobul va Tolibon o’rtasida muzokaralarni qo’llash ham davom etadi.

AQSh rahbari, shuningdek, Pokiston, Xitoy, Hindiston, Rossiya va Turkiyani Afg’onistonni qo’llab-quvvatlashga chaqirdi.

Prezident Ashraf G’ani Bayden bilan telefonda gaplashib, “AQSh qarorini hurmat qilamiz, o’tish davri silliq kechishini ta’minlaymiz”, degan.

Ga’ni deydiki, Afg’oniston qurolli kuchlari “xalq va mamlakatni himoya qilishga qodir, Afg’oniston xalqi ularga abadiy minnatdor”.

Hozirda AQShning Afg’onistonda taxminan 3000 askari bor. Donald Tramp davrida Tolibon bilan erishilgan kelishuvga ko’ra, ular 2021-yilning 1-mayigacha olib chiqilishi kerak edi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bayden qarorini olqishlamadi.

“Harbiy qarorlarga izoh bermaymiz. BMTning e’tibori Afg’oniston xalqiga naf keltiradigan siyosiy kelishuvga erishishda”, - deydi BMT bosh kotibi so’zlovchisi Stefan Dujarrik.

Tolibon munosabati

Tolibon guruhiga ko’ra, barcha xorijiy kuchlar “Doxa kelishuvida belgilangan sanada” Afg’onistondan chiqarilishi lozim va "agar kelishuvga rioya qilinsa, qolgan masalalarni hal qilish yo’li ham topiladi”.

“Agar kelishuv shartlari buzilsa va xorijiy kuchlar belgilangan muddatda bizning mamlakatdan chiqmasa, muammolar albatta chuqurlashadi va kelishuvni buzganlar javob beradi”, - deya yozdi Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohid “Twitter” sahifasida.

AQShning harbiy rejasiga oid xabarlar tufayli Tolibon allaqachon oy oxirida Turkiyada o’tadigan 10 kunlik tinchlik konferensiyasida ishtirokini bekor qilgan.

Prezident Baydenning ogohlantirishicha, “agar ular chiqish jarayonida bizga hujum qilsa, o’zimizni va ittifoqchilarimizni barcha vositalar bilan himoya qilamiz”.

Bu orada, AQSh razvedkasi Afg’onistonda kelasi bir yilda tinchlik kelishuviga erishib bo’lmasligini, Tolibon jang maydonida ko’proq yutuqlarni qo’lga kiritishini bashorat qilmoqda.

“Koalitsiya yordamini to’xtatsa, afg’on hukumati Tolibonga bas kelishi qiyin bo’ladi”, - deyiladi Milliy razvedka idorasi hisobotida.

Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari Vilyam Byorns deydiki:

“AQSh harbiy kuchlarining chiqish vaqti kelganida AQSh hukumatining ma’lumot to’plash va tahdidlarni bartaraf etish salohiyati pasayadi. Bu shunchaki fakt. Biroq yangi imkoniyatlar ochamiz”.

Qator respublikachi senatorlar Bayden qarorini tanqid qilmoqda.

“Aftidan, mamlakatni sovg’a sifatida o’rab, dushmanlarimizga topshirish orqali 11-sentabr voqealarini nishonlashga yordam beramiz”, - deydi Senatda respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonel.

“Iltimos, Prezident Bayden, buni qayta ko’rib chiqing. Qarorim yakuniy demang, chunki Afg’onistonda vaziyat bir zumda yomon tarafga o’zgarishi mumkin”, - deydi senator Lizi Grem.

AQSh bugun urushda g’alabaga 10 yil oldingiga qaraganda yaqinroq emas va bo’lmaydi ham, deb ishonganlar esa Bayden qarorini olqishlayapti.

“Prezident Bayden AQSh qurolli kuchlarini Afg’onistondan chiqarishni yakunlash bo’yicha to’g’ri qaror qabul qildi, - deydi sobiq prezident Barak Obama. – Oldinda Afg’oniston uchun mashaqqatli davr bo’ladi. AQSh afg’on xalqini, xususan, inson huquqlari yo’lida o’z hayotini xavf ostiga qo’yganlarni qo’llab-quvvatlash uchun diplomatik harakatlarni va yordam dasturlarini davom ettirishi kerak”.

Yetakchi demokrat kongressmen Steni Hoyer deydiki, “Afg’onistonda minglab harbiy xizmatchilarni saqlash bo’yicha avvalgi yondashuv samara bermagan, yondashuv o’zgarishi lozim”.

Ayrim tahlilchilar fikricha, Bayden bir qator yomon variantlardan eng yaxshisini tanladi.

“Zo’ravonlikni sezilarli darajada kamaytiradigan yo’l mavjud emas. AQSh urushga trillion dollar mablag’ sarflagan bo’lsa ham, Afg’oniston u istagan davlatga aylangani yo’q”, - deydi Chikago universiteti professori Ostin Rayt.