Davlat sirlarini fosh etganlikda ayblangan askar taqdiri

  • Amerika Ovozi

Oddiy askar Bredli Menning (Bradley Manning) Merilend shtati Fort Mid harbiy bazasidagi sud idorasidan olib ketilmoqda, 21-dekabr 2011

AQSh tarixidagi eng katta jinoyatlardan birini sodir etganlikda ayblanayotgan harbiy tahlilchi Bredli Menning tribunalda javobgarlikka tortilishi kutilmoqda.

Hukumat nazarida uning qilmishi faqat harbiy sudda hal etilishi lozim. Oddiy askar Menning davlat sirlarini “Wikileaks” saytiga uzatib, butun tuzum va millionlab insonlar hayotini xavf ostiga qo’ygan, deya bildiradi AQSh Adliya vazirligi. Gap yuzlab ming diplomatik maktub va hujjatlar haqida ketmoqda.

"Wikileaks" - maxfiy ma'lumotlarni fosh etib tanilgan sayt

“Wikileaks” ularni ayon etishda davom etmoqda va hali qo’lida minglab yangilari borligi haqida ogohlantirgan.

Bu ma’lumotlar AQSh hukumati a’zolari, diplomatlar va boshqa rasmiylar eng nozik masalalar yuzasidan qanday fikrlagani va xulosa qilganini aks ettiradi. Elchixonalardan Vashingtonga uzatilgan hisobot va maktublar Amerikaning turli davlatlar bilan aloqalaridagi chigalliklar va oldi-berdilar bilan tanishtiradi. Hukumat nazarida, ularning fosh etilgani – jinoyat.

24 yoshli Bredli Menningga 22 modda bo’yicha ayblovlar qo’yilgan, jumladan AQSh dushmanlariga ko’maklashganlik. Suddagi dastlabki tinglov olti kun davom etdi.

Xavfsizlik va razvedka masalalari bo’yicha tahlilchi Maykl Oxanlon fikricha, harbiy prokurorlar Bredli Menning ishini juda bo’rttirib ko’rsatmoqda.

“U uzatgan ma’lumotlar davlat sirlari bo’lgan, buni tan olish kerak. Lekin bu sirlarning ham o’z darajalari bor. Bredli Menningning qo’lida eng nozik, eng yuqori darajadagi sirlar bo’lmagan”,- deydi “Wikileaks” saytidagi ma’lumotlarni tekshirgan mutaxassis.

U yerdagi hujjatlarda asosan diplomatlarning chet el rahbarlari haqida fikrlari, oradagi munosabatlar va ko’proq shaxsiy qarashlar haqida gap ketadi. Shuning uchun, deydi Maykl Oxanlon, Amerika davlat sirlari oshkor bo’ldi deya dodvoy solishiga hojat yo’q.

Bredli Menning tarafdorlari nazarida bu oddiy askar haqiqiy qahramon. Hukumat xalqdan hech narsani yashirmasligi kerak, deydi ular.

Bredli Menning tarafdorlari

“Biz bilishimiz kerak bo’lgan narsalarni fosh etdi bu yigit. Unga rahmat aytish kerak”, - deydi Natan Fuller ismli amerikalik.

Bredli Menning “Wikileaks” bilan hamkorlik qilganini tan olgan, lekin bu ishga vijdonan qo’l urganini bildirgan. Uning himoyachilari Menningni ruhan nosog’lom shaxs sifatida tasvirlamoqda. Rahbarlari uning kasal ekanini bilib turib, harbiy tahlil bilan shug’ullanishdek og’ir mas’uliyatni unga yuklagan, deydi advokatlar.

Maykl Oxanlon Bredli Menning u qadar maxfiy ma’lumotlarni oshkor etmagan desa-da, bu askarning qilmishi AQSh nufuzi, unga nisbatan ishonch va diplomatik aloqalarga katta putur yetkazganini tan oladi. Diplomatlarning ishi yanada og’irlashdi, deydi u.

Harbiy tribunal sud qachon va qayerda boshlanishi haqida 16-yanvargacha ma’lum qilishi kerak. Aybdor deb topilgan taqdirda Bredli Menning bir umrga panjara ortiga tashlanishi mumkin.

http://www.youtube.com/embed/6JjWaP2ow_M

http://www.youtube.com/embed/ApwyvJ2WhOk

http://www.youtube.com/embed/wTNXk4ODsKc

http://www.youtube.com/embed/Tl7zdqctP5A