Nyu-Yorkdagi o’zbek tadbirkorlar: Brayton-Bich mahallasi

Your browser doesn’t support HTML5

Bruklinda o’zbekistonliklar jamiyati safi kengayishi ortidan Nyu-Yorkning Brayton-Bich mahallasida o’zbek bizneslari ko’paymoqda. Bu bizneslar ingliz tilini bilmaydigan ko’plab immigrantlarni ish bilan ta’minlayapti. Brayton-Bich Amerikaga endi ko’chib kelgan va tilni bilmaydigan vatandoshlar uchun qulay mavze bo’lish qatori vatan haroratini eslatib turuvchi joy hamdir.

Yozuvlar ruscha, somsalar esa O’zbekistondagidek. Brayton-Bich ko’chasidamiz. Nyu-Yorkning bu qismi endilikda o’zbekistonlik vatandoshlar bilan gavjum mavzega aylangan.

O’zbekistonlik Sevara Xalilova oilasi uchun Amerikadagi hayot shu yerdan boshlangan. “Bilasizmi, birinchi marta kelganimizda bizni sinfdoshimiz, yaqin do’stimiz kutib olgan. Birinchi bo’lib bizni olib kelgan joyi Brayton-Bich bo’lgan. Nimaga desak, o’zi hali ham aytadi, aytmasa ham biz o’zimiz ham shuni anglaganmiz - tilni bilmasdik”.

“Eng oson va hammaning start oladigan markazi Brayton hisoblanadi. Lekin ko’p fikrlarni eshitamiz, Brayton bu Amerika emas deyishadi. Chunki bu eski SSSR desa ham bo’ladida bu yerni. SSSR, faqat do’kon va korxonalar ichkarisida hujjatlari sal boshqacha, cheklarni berish tartibini aytmasa, turgan bitgani SSSR deyishadi. Notariusdan xizmat kerakmi, bolalarning bog’chasi yoki maktabi masalasida yordam kerakmi, bu yerda ingliz tilini bilmasangiz ham rus tilini bilsangiz sizga, albatta, yordam berishadi. Demoqchimanki, yangi ko’chib kelganlar uchun juda qulay joy. O’zining yo’lini topib ketish, o’zining hujjatlarini to’g’rilash, shu tomonlama hamyurtlarimizga oson bo’lgan joy hisoblanadi”, - deydi Sevara Xalilova.

Toshkentlik Dildora Rustamova bu yerga yaqinda ko’chib o’tgan.

“O’zimizning eski davlatimizga tushib qolgandek his qilasiz. Sababi, men asli Toshkentdan, Toshkentda aholining ko’p qismini ruslar tashkil qilardi. Braytonda yurganingizda xuddi o’zingizning uyingizda yurgandek his qilasiz. Eng asosiysi til masalasi. Do’konlarga kirasizmi yoki ovqatlanish joyiga kirasizmi, hammasi rus tilida. Aylanib-aylanib taqdir taqozosi bilan o’zim ham Bruklinning Braytonidan ijaraga kvartira olishga qaror qildim. Xuddi o’zingizning uyingizda yurgandek, o’z vataningizning bir qismiga kelib qolgandek. Ayniqsa, Toshkent supermarketi Braytonga o’zgacha fayz bag’ishlaydi. Shuning uchun ham Braytonni yaxshi ko’raman. Braytonda o’zimiznikilar juda ham ko’p. O’zbek tilini eshitasiz, tojik tilini eshitasiz, rus tilini eshitasiz. O’zimizning odamlarimiz ko’pligidan Brayton bu Brayton”, - deya ta’riflaydi Dildora Rustamova.

“Brayton-Bich ko’chasidagi bizneslarda endi o’zbekzabonlar soni ham ortib boryapti” - deydi Sevara Xalilova.

U besh yil oldin grin kartani qo’lga kiritib, oilasi bilan Nyu-Yorkka ko’chib kelganida manzara bu yerda boshqacha bo’lgan.

“Besh yil oldin kelganimizda bu yerda o’zbeklarning biznesi 3-Brayton-Bichdagi ro’znoma tarqatadigan shoxobchadan iborat edi xolos, chamamda. Boshqa bizneslarni eslolmayman. Yaqin ikki yil ichida Toshkent supermarketi ochildi, aptekalarda ko’pchilikni ko’radigan bo’ldik. Demoqchimanki, Brayton-Bich o’zbeklarni tan oldi, qisqa qilib aytganda. O’zbeklar ham shu kungacha aholisi foizi ancha yuqori bo’lganligini tushunib yetdi”, - deydi Sevara.

Sevara O’zbekistonda marketing sohasida ishlagan. Bozor talablariga sezgir bu mutaxassisning aytishicha, Amerikada o’zbekistonliklar biznes boshlar ekan, avvalo, o’z jamiyati a’zolari ehtiyojlarini qamraydi.

“Tajribam davomida odamlarning qilayotgan ishi, biznesi taraqqiy etishini analiz qilishni yaxshi ko’raman. O’zbekistonda ham reklama va marketing bo’limi direktori bo’lib ishlaganman. Bu yerga 2015-yil kelgan bo’lsak, biz ham Brayton-Bichda yashaganmiz. Chetdan nazar solganda, har xil millat va xalqlar bo’lgani sababli har bir xalq o’zining millati bilan biznes aloqalarini o’rnatar ekan, chunki qanaqadir ishonch bor, bir-birini psixologik darajada biladi, tabiatini, nima xohlashini, nima to’g’ri kelishini. Shu tomonlarini yaxshi bilgani sababli o’zining hamyurtiga ko’proq murojaat qiladi yoki o’zining biror bir xizmati bo’lsa, xizmatini taklif qiladi. Shu tomonini ko’rib, analiz qilib, xulosa qildim”, - deydi Sevara Xalilova.

Kuzatishlariga tayanib, Sevara Bruklinda o’zbek tilida chiqayotgan “Makonim” gazetasi uchun o’quvchini ham, reklama beruvchini ham Brayton-Bichdan qidirish kerak degan fikrni olg’a surgan. Bunga gazeta muassisini ham ko’ndirgan. Sevara “Makonim” gazetasida marketing uchun javobgar.

“Braytonda, asosan, o’zimizning o’zbekistonliklarni ko’p uchratish mumkin. Juda ham ko’p aholi Braytonda joylashgan. Braytonda mashhur va ma’lum Toshkent supermarketi ham bor. Shu yerga ham biz o’z gazetamizni qo’yishga qaror qildik”, - deya tushuntiradi “Makonim” gazetasi muharriri va muassisi Dildora Rustamova.

Bruklinda chiqayotgan bu yangi gazeta musofir va muhojir o’zbekistonliklarning yangi jamiyatdagi va yangi sharoitdagi hayotini yoritadi.

“Musofirlarning dardi - deyarli hammasida vatan sog’inchi bor. Ikkinchi masala va u juda ham dolzarb mavzu, yangi kelganlar uchun Amerikadagi, musofirchilikdagi hayotda nimalarga e’tibor berish kerak? Mana shu mavzularni ko’tarib chiqishga harakat qilyapmiz. [Ular] juda ko’p qiyinchilikka duch kelishadi. Sababi, 90 foizi tilni bilmasligidan. Tilni bilmasligi, o’zining urf-odatidan uzoqdaligi, madaniyat, irq bularning hammasi unga begona bo’lganligidan qiynaladi musofir. To’g’ri yo’lni topib olishigacha ancha vaqti ketib qoladi. Shuning uchun u gazetamizda qaysidir savoliga javob topsa deb intilyapmiz”, - deydi Dildora Rustamova.

Bruklinda o’zbekistonliklar jamiyati safi kengayar ekan, Brayton-Bichda buni his qilish mumkin. Sevara Xalilova buni shunday tushuntiradi:

“O’zbeklarning do’koni yo’q edi. O’zbeklar xizmat ko’rsatadigan “kommyuniti servis”lar bo’limlari yo’q edi. Ular ham ochildi. Bundan tashqari, o’zbeklar ishlaydigan hisobchilar ofislari kam edi. Kam emas, deyarli yo’q edi. Hozir shunaqa bo’lib ketdiki, mana 5 yil ichida Braytonning aholisi, biznes bo’linmalari o’zbek tilida gapiradigan xodimlarni ishga olishni boshladi. Magazinlarda ham, hisobchilar ofislarida ham, aptekalarida ham o’zbekcha yoki tojikcha gapiradigan xodimlari bor. Shu narsa o’zgarganini bildim. Shu yaqin bir yil ichida ko’payishni boshladi bunday holatlar. Bundan tashqari kommyuniti ofislar, notariat va huquqiy masalalar yuzasidan maslahatlar beradigan ofislar ochilgan”, - deydi Sevara Xalilova.

Sohil bo’yidagi vatandoshlarning kundalik hayotida, shuningdek, Braytondagi yirik o’zbek biznesi - Toshkent supermarketi ham asqatib turibdi.

“Toshkent supermarketi - bu Braytondagi nodir va eng yirik o’zbek biznesi. Ko’rib turganingizdek, u izchil rivojlanmoqda. Bu do’kon har kuni mijozlarga to’la. Bizning xaridorlarimiz turli elatlar vakillari. Bu yerdan turli millat va din vakillari xarid qilishadi. Do’konga amerikaliklar ham, ruslar ham va albatta o’zbeklar ham kelishadi. Bizda har kuni tayyorlab sotiladigan 150 nomdagi taomlar aynan eng xaridorgir mahsulotimiz sanaladi. Albatta, ular orasida ko’proq va ozroq sotiladiganlarini ajratsa bo’ladi. Masalan, kuniga o’nlab patnis somsa sotiladi.

Taomlar ichida 3-4 patnisdan sotiladiganlari ham yo’q emas. Umuman olganda bizdagi aynan tayyor ovqatlar xaridorgir hisoblanadi”, - deydi do’kon menejeri Vladislav.

Brayton-Bich immigratsiyaning turli bosqichida boshqalar qatori o’zbekistonlik immigrantlar uchun ham o’zgacha rol oynaydi.

“Dorixonalari ham ko’p, o’zingizga kerakli dorilarni topib olish imkoniyati keng.

Boshqa joylar bilan solishtirganda oziq-ovqatlarining narxlari ham boshqa joylarga qaraganda ancha pastroq tuyuladi menga. Toshkent supermarketiga kirganingizda o’zingizning uyingizda yurgandek [his etasiz]. Do’konda o’zimizni Toshkentimizning havosi joylashgandek his etiladi. Rasmlar, sotuvchilarining hammasi o’zimizning O’zbekistondan, taomlarimizni ko’rib… xullas, men Braytonga Toshkentni havosini olgani kelaman”, - deydi ona shahrini sog’inganda Brayton-Bich atrofini kezishini aytadigan Dildora Rustamova.

Sevara esa allaqachon bu tomonlardan ko’chib ketgan. Lekin bu joylarga vaqti-vaqti bilan kelib turadi. Nafaqat xarid qilish uchun.

“Sevimli bo’lgan joy? Hozir mana besh yil o’tdi, Braytonni juda ham yaxshi ko’ramiz deyolmaymiz, lekin Braytonning eng tortadigan joyi bu okean. Chunki Amerikada oson emas, buni hamma biladi. Qaysi tomonlama oson emas - tinim yo’q. Bu davlat xohlasangiz ham, xohlamasangiz ham bir narsa qilib ishlab turishingizga turtkilab turadi. Doim harakatda bo’lganligingiz ortidan, asabiylashgan sari odam kelib biroz sohil bo’yida yurib, toza havodan nafas oladi, tinchib ketib qanaqadir ko’ngil yoziladi. Psixologik tomondan shunisi yaxshi. Bizlar ham charchab ketsak, farzandlarim va xo’jayinim bilan birga sohil bo’yiga chiqib aylanib kelamiz, ko’ngil yozib”, - deydi Sevara Xalilova.

Brayton-Bich ana shunday joy, odamlar gohida vatanining taftini topish, gohida shiddatli hayot sinovlari uchun yangi kuch to’plash uchun uning bag’riga talpinadi.