Amerikada prezidentlikka da’vogar respublikachi Jeb Bush reytinglarda orqada qolayotgan bir paytda, uning otasi, sobiq prezident Jorj Bushning yangi kitobi nashrdan chiqdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bush kitobida katta o’g’li, yana bir prezident Jorj Bushning qo’lida ishlagan rasmiylarni qattiq tanqid qiladi.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ekspertlar nazarida Iroqqa urush ochishda birovlarni ayblab, Bush hech bir o’g’liga yordam qilmayapti.
Shu hafta ommaga havola qilingan tarjimai holida 41-prezident o’z o’g’lining qo’lida ishlagan vitse-prezident Dik Cheyni va mudofaa vaziri Donald Ramsfeldni qattiq so’kadi. Bu kekkaygan ikki siyosatchining avtoritar, murosasiz yondashuvi o’g’limga pand berdi, deya yozadi u.
Bush o’z o’g’lining ayrim qarorlaridan ranjigan, degan taxmin avval ham bor edi. Xo’sh, nima uchun u shuncha yil jim yurdi? Nima uchun hozir gapirishga qaror qildi? Yoshi bir joyga borib qoldi; o’g’li ham yordamga muhtoj, deya javob qiladi tahlilchi Klaus Larres.
“Iroq, umuman, Yaqin Sharqdagi ahvolni, parokandalikni u vahima bilan kuzatayapti. Odamlar bugungi vaziyatda sobiq prezident Bushni, uning 2003-yilda Iroqqa qo’shin tortish qarorini ayblaydi. Bush buni biladi va faqat o’g’li aybdor emasligini ko’rsatmoqchi”, - deydi u.
Larres nazarida aybni, asosan, Cheyni va Ramsfeldga to’nkash adolatdan emas, chunki prezidentlar o’z qarori uchun javobgar.
Na Cheyni va na Ramsfeld Iroqdagi urush xato bo’lganini tan oladi. Ikki oy oldin, masalan, Cheyni amaldagi Prezident Obama ma’muriyati Eron bilan yadro dasturi yuzasidan murosaga erishganini tanqid qilib chiqdi.
“Prezident bu bilan urushning oldini olmoqchi. Bema’ni gap”, - deydi Cheyni.
“Taqdir va qudrat: Jorj Herbert Voker Bushning hayoti” (Destiny and Power: The American Odyssey of George Herbert Walker Bush) sarlavhali kitob bosmadan chiqqan bir paytda uning kichik o’g’li Jeb prezident poygalarida orqada qolayapti. Larres nazarida kitob respublikachi nomzodga yordam berishi gumon.
“Jeb akasining qarorlari, xususan, 2003-yilda Iroqda urush boshlash qarori haqida jurnalistlarga tayinli gap aytolmayapti. Na bir tanqid qilayapti, na yoqlayapti. Chetda turib qutulib qolmoqchi. Endi esa otasi Iroqqa askar jo’natish qarorida Cheyni va Ramsfeldni ayblashga tushdi. Jeb bundan foyda ko’rishi gumon, chunki o’zidan hanuz sado chiqqani yo’q”, - deydi Larres.
Larresning aytishicha, yaqin kunlarda Jeb Bush Iroq urushi yanglish edi deb chiqishga majbur bo’lishi ehtimoli bor. Shunday bo’lsa-da, u akasini aybsiz qilib ko’rsatishga urinadi.