Tramp yo Bayden? Poyga natijasini bir necha shtat hal qiladi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Tashqaridan qaraganda, AQShda prezidentlik saylovlari ikki nomzoddan birini tanlash bo’yicha umumxalq referendumga o’xshaydi. Aslida esa bu 50 shtatning barchasida o’tkaziladigan saylovlar yig’indisidir. Shtatda qancha ko’p aholi bo’lsa, Saylovchilar kollegiyasi deb atalmish kengashda shuncha ko’p ovozga ega.

Yetti shtat kollegiyada eng kam o’ringa ega, ya’ni uchta. Prezidentni saylashga vakil qilingan odamlar har bir shtatdan Kongressga saylangan qonunchilar soniga teng. Kolumbiya okrugining ham kengashda uch delegati bor.

Kaliforniya, Texas, Nyu-York va Floridaning delegatlari eng ko’p.

Umumiy ovozlar soni bo’yicha g’olib odatda o’sha shtatning barcha ovozlarini qo’lga kiritadi. Agar kollegiyadagi har bir vakilning ovozini bir ochkoga tenglashtirsak, g’olib bo’lish uchun nomzod kamida 270 ochko to’plashi kerak.

2016-yilda Hillari Klinton mamlakat miqyosida raqibidan qariyb uch million ko’proq ovoz yig’gan edi.

Lekin Donald Tramp Saylovchilar kollegiyasida ustunlikni qo’lga olgani uchun g’olib deb topilgan. Klinton 2012-yilda demokratlarga ovoz bergan Viskonsin, Michigan va Pensilvaniyada Trampdan qariyb 80 ming kamroq ovoz olgan edi. Bu yilgi saylovda ham mana shu shtatlar muhim.

“Florida, Visksonsin, Pensilvaniya va Michigan ustida qizg’in kurash ketmoqda. Bu shtatlar ikki bor Barak Obamaga ovoz bergan. Shimoliy Karolinada Obama bir marta g’olib bo’ldi, 2008-yilda. Arizonani esa demokratlar 1990-yillardan buyon qo’lga kirita olgani yo’q. Lekin hozir Arizona va Shimoliy Karolina kabi shtatlarda raqobat kuchli, chunki o’qimishli oq tanli qatlam Trampning ikkinchi muddatga saylanishini istamaydi. Xullas, olti shtat natijani hal qilishi mumkin”, - deydi saylovlar bo’yicha mutaxassis Kayl Kondik.

U mamlakat bo’ylab poygalar natijasini bashorat qiluvchi veb saytni yuritadi. Kondik demokrat Jo Baydenning katta farq bilan g’alaba qilishini ko’rsatuvchi ommaviy so’rovlarga shubha bilan qaraydi.

“Bu asrda Qo’shma Shtatlarda o’tkazilgan prezidentlik saylovlarida raqobat kuchli bo’ldi. Istisno sifatida Obamaning 2008-yilda 7 foizli farq bilan g’alaba qilganini sanab o’tish mumkin. Boshqa saylovlarda natija yaqin bo’ldi. Shuning uchun Jo Baydenning yirik g’alabasini ko’rsatayotgan ommaviy so’rovlar haqiqat bo’lib chiqishiga shubha bilan qarayman. Yutishi mumkin, ammo katta farq bilan emas”, - deydi Kondik.

Saylovga bir necha oy vaqt bor. Prezident Tramp noyabrgacha reytingini oshirish imkoniyatiga ega.

“Raqamlar yaxshilansa, reytinglarda Baydenga yetib olsa, yutish ehtimoli bor. 2016-yilda mamlakat miqyosida kamroq ovoz olgan bo’lsa ham g’olib bo’lgan edi. Saylov kuniga qadar oradagi farq 3-5 foizga tushsa, kim g’alaba qozonishi haqiqiy tomosha bo’ladi”, - deydi suhbatdosh.

"Vashington choyxonasi" dasturimizda Donald Trampning qayta saylanish imkoniyatlarini muhokama qildik: