2000-yillarda ijtimoiy tarmoqlar ommalasha boshlaganida bu platformalar insonga fikr bildirish va kechinmalarini ulashish uchun misli ko'rilmagan imkoniyat deya ko'rilgan edi. Biroq bugunga kelib, deydi ruhshunos olim Jonatan Het, ijtimoiy tarmoqlar kutilgan umidni oqlamadi.
“Ulardan naf ko'rgan to'rt guruh bor: mutaassib o'ngchiIar, mutaassib so'lchilar, trollar va Rossiya razvedkasi", - deydi Het.
Tadqiqotchi Nyu-York universitetida dars beradi va izlanadi.
Buni ham ko'ring Internet va ijtimoiy tarmoqlar Markaziy Osiyoni qanchalik oldinga yetakladi?“2009-yildan beri muntazam kuzataman va o'rganaman: bu guruhlar uchun "Twitter", 'Facebook" va boshqa platformalar ayni muddao. Amerikada foydalanuvchilarning 80 foizi bu tarmoqlarda qo'rquv, umidsizlik, g'azab va nafratni his qiladi. Ular fikr bildirsa-da, dinamikaga, siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga ijobiy ta'sir qilolmaydi", - deydi professor.
Het deydiki, demokratiya samarasi kuchli va ishonchli institutlar, fikrlar xilma-xilligi, erkinlik va adolatga bog'liq.
Ijtimoiy tarmoqlar bunga qanchalik hissa qo'shmoqda, shu haqda o'ylang, deydi olim.
Uning tahlilicha, onlayn platformalar jamiyatda hamjihatlik va haqgo'ylikni targ'ib qilmayapti.
“Hamma narsa oq va qora. Hamma narsa ziddiyatli. Demokratiyani buzadigan holat bu", - deya tasvirlaydi Het.
“Muhokama maydoni bunday bo'lmaydi. Muhokamasiz esa demokratiya bo'lmaydi. Liberal demokratiyada mutaassib o'ngchilar va mutaassib so'lchilar hukmronlik qilmaydi, jamiyat a'zolari orasidagi muloqotga ular yetakchilik qilmaydi".
Nyu-Yorkning Sara Lorens kolleji professori Samuel Abrams xulosa qilishicha ham ijtimoiy tarmoqlar demokratiya uchun foydali emas, zararli.
“O'ta xavfli, degan bo'lardim. Amerikada so'z erkinligi va g'oyalarni erkin yoyish borasida qulaylik yaratmadi, aksincha, ijtimoiy muloqotni va demokratik normalarni buzdi. Muomala va odob me'yorlarini izdan chiqardi", - deydi Abrams.
"Natijada qutblashish, qobiqlahish kuchaydi. Turfa xil yondashuvlar, rang-barang fikrlar qadrlanmay qoldi. Yo mening xohlaganim yo hech kimniki, degan yondashuv hukmron. Odamlar o'zidan boshqa odamni tinglamaydi, o'zi yoqtirgan va ma'qullagan fikrlarni to'g'ri deb hisoblaydi. Boshqalarni eshitishga, o'qishga ularda toqat yo'q. Bu esa demokratiya emas".
Professor Het Amerikani nima kutayotganidan xavotirlanadi: Lotin Amerika mamlakatlariga xos beqaror demokratiya. Zaif institutlar, xalq ishonmaydigan va hurmat qilmaydigan tuzum, tafovutlar hukmron jamiyat.
“Konstitutsion inqirozlar ichida qolishimiz mumkin. Hukumat va xalq orasidagi ishonch yanada pasayib, zo'ravonliklar va samarasizlik kengayadi. Bularning oldini olish uchun darhol konkret choralar ko'rishimiz kerak", - deydi Het.
Professor fikricha, Amerika saylov tizimida fundamental o'zgarishlar zarur. Partiyaviy saylovlar xalqchil emas, deydi u, ya'ni g'olib fuqaro tanloviga asoslanmaydi. Har ikki partiyada eng ekstremist tomonga ma'qul odamlar yutadi. Saralash partiyaviy emas, bir butun jarayon bo'lsin, deydi u. Boshqa siyosatdonlar nazarida esa bunday o'zgarishning o'zi demokratiyani buzishi mumkin, ya'ni partiyaviy mafkura, farqlar va plyuralizm shart emas, degan xulosaga yetaklaydi.
Hetning ikkinchi taklifi shuki, ijtimoiy tarmoqlar shaxsiy guvohnoma talab qilsin, toki soxta ism-shariflar bilan post qilishga aslo ruxsat berilmasin. Shaxs qayerda yashayotgani, kimligi, yuzini yashira olmasin.
“Hozirda bir odam yuzlab akkaunt yaratib, tarmoqlarda xohlaganini yozib, odamlarning miyasini bemalol zaharlashi mumkin. Aqlsizlik emasmi bu? ”
Het deydiki, ayni damda platformalar soxta akkauntlarga to'la va ular har kuni dunyo ahli ruhiyati va hayotiga misli ko'rilmagan darajada zarar keltirmoqda.
"Twitter" bunga qarshi kurashayotganini da'vo qiladi. Platforma rahbari Parag Agraval qayd etishicha, har kuni bu tarmoqdan yarim millionga yaqin "spam akkaunlar" ni yo'q qiladi. "Facebook" 2022-yilning birinchi uch oyida 1,6 milliard soxta akkauntni tarmoqdan chiqargan. Har ikki kompaniya uchun xavfsizlik birlamchi vazifa. Ishonchsiz ma'lumot, uydirma va tuhmatlarga toqat qilinmaydi, deydi uni yurituvchilar.
Professor Abrams esa kelajakdan u qadar tashvishda emas. 15 yil oldin, deydi u, dunyo hozirgidan ko'proq qutblashgan va tarqoq edi. Bugun hatto talabalar ham jamiyat muammolari va dunyo ishlariga ko'proq qiziqadi va ular haqida yaxshiroq biladi.
“Yoshlar faqat ziddiyatlarni kuzatayotgani yo'q. Ular oldingiga qaraganda ogohroq", - deya qo'shadi olim.
“Yoshlar partiyaboz emas, bu ham ravshan, ya'ni mutaassiblikdan yiroq. Siyosiy jihatdan ular ko'proq sentristlardir. Ular juda pragmatik, o'zlikka asoslangan siyosatdan ham yiroqroq. Ular o'zaro manfaatlarga ko'proq e'tibor beradi. Hozirgi yoshlarga odamlarni bo'ladigan emas, birlashtiradigan arboblar yoqadi".
Het nigohida esa bugungi avlod, ya'ni 25 yoshgacha bo'lgan amerikaliklar, depressiyada, sarosima ichida yashaydi va zaif. Ular tuzalgan va kuchaygan taqdirda ham amaldagi tizim yoshlarning imkoniyatlarini cheklaydi, deydi professor.
“Oz sonli odamlar katta sondagi odamlarning ruhiyati bilan o'ynashib, ularni o'ziga qaratib, qo'rqinch va vahimani targ'ib qilishda davom etsa, mo'tadillikdan yiroqlashaveramiz", - deydi Het.
“Ijtimoiy tarmoqlar hozirgi holida qolaversa, mamlakatimiz ham ziaflashaveradi".