Markaziy Osiyo chegaralari yopiq, fuqarolar uyiga qaytishga qiynalmoqda

Koronavirus bois Markaziy Osiyo davlatlari chegaralari yopilishi sababli ikkinchi yoki uchinchi davlatdan uyiga qaytayotganlar chegara nuqtalarida ushlanib qolmoqda. Ayni kunlarda bunday holat karantin eʼlon qilingan Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va hatto koronavirus aniqlanmagan Tojikiston chegara oʻtish nuqtalarida ham kuzatiladi.

Ayniqsa, Rossiyadan Qozogʻiston orqali uyiga qaytayotgan minglab oʻzbekistonliklar va tojikistonliklar qozoq-oʻzbek orasidagi “Jibek-joli” chegara oʻtish nuqtasida sutkalab qolib ketmoqda.

“Kecha 22-mart kuni tungi 12 da chegara yopilgan ekan. Shundan odamlar yigʻila boshladi. Bularning koʻpchiligi oʻzbekistonlik, ozrogʻi Tojikiston fuqarolari. Biz saxovatli insonlar koʻmagi bilan ularga oziq-ovqat tarqatib chiqdik. Ammo tunda qolishi ham muammo. Imkon qadar maktabgami yoki boshqa biror binoga joylashga harakat qilyapmiz. Oʻzbekiston bosh konsuli bilan, elchi bilan ham gaplashib turibmiz. Ular Tashqi ishlar vazirligi orqali Oʻzbekiston hukumatiga chiqib, yigʻilganlarni tezroq oʻtkazib yuborishga harakat qilishmoqda. Tojikistonliklarga ham koridor ochib berilishi muhokama qilinmoqda”, - dedi Qozogʻiston oʻzbeklari doʻstlik jamiyati Raisi Ikrom Hoshimjonov “Amerika Ovozi“ bilan suhbatda.

Uning aytishicha, ular Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchixonasi masʼullari bilan bogʻlanib, bu fuqarolarning tezroq uyiga yetib olishiga koʻmaklashmoqda. Ammo chegaraga kelganlar roʻyxatga olinib, mamlakat ichkarisida ularga karantin uchun joy ajratilishi va shundan soʻng ularga oʻtish uchun ijozat berilguniga qadar baʼzilar bir-ikki kungacha chegarada qolib ketmoqda.

Tashqi ishlar vazirliklari nima deydi?

20-martdan boshlab Tojikiston dunyoning barcha davlatlari bilan aviaqatnovlarni 1-mayga qadar toʻxtatdi. Shuningdek, toʻrt tomondagi qoʻshni davlatlar Xitoy, Afgʻoniston, Oʻzbekiston va Qirgʻizistonda ham karantin eʼlon qilinib, har qanday qatnovlar toʻxtatilgani sababli tojikistonliklar vataniga qayta olmay qolgan edi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi masʼullarining aytishicha, oʻzbek va qozoq tomonlari bilan muzokaralar olib borilib, natijada 1100 nafar chegarada ushlanib qolingan Tojikiston fuqarolariga avtomobil yoʻlagi ochib berildi va ular vatanga qaytdi.

26-mart kuni Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining axborot xizmati rahbari Avazbek Hojimatovning onlayn brifingda aytishicha, “23-martdan qoʻshni davlatlar bilan chegara oʻtkazish punktlari yopilishi munosabati bilan Oʻzbekistonning Qozogʻiston va Qirgʻiziston bilan chegaralarida koʻplab Oʻzbekiston fuqarolari toʻplanishi kuzatilgan. 25-mart soat 19:00 gacha Qozogʻistondan 1 450 nafar va Qirgʻizistondan 550 nafardan ortiq fuqarolar uyushgan holda chegaradan oʻtkazilgan“.

Biz Qozogʻistondagi oʻzbeklar yetakchisi Ikrom Hoshimjonov bilan 26-mart kuni qayta bogʻlanganimizda, u yoʻlovchilar muammosi biroz yengillashganini taʼkidladi.

“Chegarada har kuni odamlarni toʻplab-toʻplab oʻtkazyapti. 23-mart kuni 619 kishi, 24-kuni 750 nafar, 25-mart kuni 800 nafar, bugun 290-300 nafar odam oʻtkazildi. Hozir endi koʻp odam yigʻilayotgani yoʻq. Oʻzbekistoning konsulxonasidan ikki nafar mutasaddilar shu yerda yurishibdi. Ular kelganlarni roʻyxatga olib, imkon qadar tezroq oʻtkazib yuborishga harakat qilishmoqda“, - deydi suhbatdosh.

Tojikistonda ham ushlanib qolayotgan oʻzbekistonliklar bor

Oʻz uyiga qaytolmay ushlanib qolayotganlar koronavirus tarqalishi ortidan karantin eʼlon qilingan Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Qirgʻizistondagina emas, Tojikistonda ham bor. Mamlakat Sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoyalash vazirligidan aytishlaricha, Tojikistonda koronavirus qayd etilmagan.

Tojikistonda Navroʻz bayramiga bagʻishlangan tantanali tadbirlar davom etmoqda. Prezidentning mamlakat shimolidagi shahar va tumanlar boʻylab safari davom etmoqda. Ayni paytda shu Sugʻd viloyatiga kelgan Oʻzbekiston fuqarolari oʻz uyiga qaytolmay qolib ketmoqda.

Oʻzbekistonning Dushanbe shahridagi elchixonasi Bosh konsuli Rustam Rahimovning “Amerika Ovozi“ga aytishicha, 26-mart kuni elchixonaga 24 nafar Tojikistondan ketolmay qolayotgan Oʻzbekiston fuqarolari murojaat qilgan.

“Biz murojaat qilganlarning roʻyxatini tuzib, Tashqi ishlar vazirligiga yubordik. Toshkentdan javob berilishini kutyapmiz. U yerda bu fuqarolarni vatanga qaytarish uchun maxsus tayyorgarlik koʻriladi. Ijozat boʻlishi bilan bu fuqarolar uyushgan holda Oʻzbekistonga qaytariladi. Xorijiy yurtlardan Oʻzbekistonga qaytgan fuqarolarning barchasi karantinga olinmoqda“, - deydi Oʻzbekiston elchixonasi masʼuli.

Tojikistonda ushlanib qolayotgan Oʻzbekiston fuqarolaridan birining 26-mart kuni “Amerika Ovozi“ga aytishicha, ularning aksariyati Qashqadaryo va Buxoro viloyatlaridan boʻlib, 14-15-mart kunlari kelgan. Ular Tojikistonga ishlagani kelib, har 10 kunda kirib-chiqib turishgan. Ammo 23-mart kuni chegaraga borganida oʻtkazishmagan.

Qulnazar Chumilov

“Biz 21 kishi Oʻzbekistondan Tojikistonga kelgan edik. Bolalarni ishga olib kelgan edim. Chegaralar berkilishidan bexabar qolibmiz. Bu yerda qolib ketdik. Ikki marta chegaraga bordik, Zafarobodda ham, Oybek postida ham yoʻl yopiq deb oʻtkazishmadi. Biz qidirib Xoʻjand shahridagi oʻzbeklar markaziga keldik. Bular orqali Dushanbedagi Oʻzbekiston elchixonasiga murojaat qildik. Bizni pasportlarimizdan nusxa olib Toshkentga yuborishdi. Ijozat berishlarini kutyapmiz. Niyatimiz tezroq uyga qaytsak“, - deydi Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida yashovchi 74 yoshli Qulnazar Chumilov.

Tojikistonda 18-mart kuni prezident qarori bilan koronavirus kirib kelishini oldini olish va taʼsirini kamaytirish, umuman, bu kasallikka qarshi kurash maqsadida jumhuriyaviy shtab tuzildi. Unga Bosh vazir Qohir Rasulzoda rais etib tayinlandi.

Shtab masʼullarining aytishicha, xorijiy davlatlardan qaytganlarning barchasi ikki haftalik karantinga olinmoqda. Ayni paytda zarur boʻlganida foydalanish uchun Dushanbe shahridagi Istiqlol tibbiy kompleksi ham tayyorlangan. Shuningdek, har bir shahar va tumanda karantin nuqtalari tashkil etilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligidan aytilishicha, Tojikistonda 25-martga qadar 5460 nafar karantinga jalb etilgan boʻlib, ulardan 107 nafari xorijiy fuqarolardir. Karantinga olinganlardan 2002 nafariga uyga javob berilgan. 3458 nafari hozir karantin muddatini oʻtamoqda.