Ramzan Qodirov va uning komandasi: "Chechenistonda hammayoq tinch"

  • Amerika Ovozi

Ramzan Qodirov (o'ngda)

Chechenistonda qotilliklar va terror xurujlari davom etib turgan bir paytda Rossiyaning Kavkazdagi bu hududi rahbari Ramzan Qodirov 2002-yilda futbol bo'yicha jahon chempioni bo'lgan Braziliya terma jamoasi va 50 nafar xorijiy jurnalistni poytaxt Grozniyga taklif etdi.

Braziliyaliklar Checheniston tugul Rossiyaning qayerdaligini bilmasligi mumkin. Ayniqsa butun umrini sportga bag'ishlab, siyosat bilan qiziqishga vaqti va imkoni yo'q futbolchilar. Shuning uchun bir necha hafta burun Ramzan Qodirov Chechenistonga jahon chempionlari keladi deganida, hech kim ishonmagan edi. Ammo 8-mart, Xalqaro xotin-qizlar kuni Grozniy shahrida Checheniston-Braziliya terma jamoalari o'rtasida o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazildi.

Maydonga Kafu, Bebeto, Roberto Karlos, Dunga, Romario kabi charm to'p ustalari tushdi.

Respublikaning 34 yoshli rahbariga ko'ra, hududda terrorga qarshi kurash yakunlanmoqda, Chechenistonda hayot normallashib, xorijiy sarmoyaga ehtiyoj bor.

"Chechenlar ekstremizm zulm ekanini, taraqqiyotga g'ov bo'lishini anglab yetdilar", - deydi u.

Inson huquqlari faollariga ko'ra, islomiy jangarilar faoliyatiga chek qo'yishda Qodirov qiynoqlar va sudsiz qatllardan foydalanadi.

Ayni damda 68 nafar jangari qolgan xolos, deydi Qodirov Amerika Ovozi muxbiri savoliga javob berar ekan. Ammo Kreml rasmiylari hisobicha, Kavkazning tog'li hududlarida mingga yaqin jangari izg'ib yuribdi. Chechenistondan tashqari ular qo'shni Ingushetiya, Dog'iston va Kabarda-Balkariyada ham xuruj uyushtirib turadi.

Ramzan Qodirov 2004-yil 9-mayida stadionda jangarilar xurujida o'lgan rahbar Ahmat Qodirovning o'g'li. Joriy hafta aynan shu o'yingohda Ramzan Braziliyaga qarshi matchda Checheniston termasiga sardorlik qildi.

Ramzan respublika sardori hamdir. Ba'zilar nazarida hududda tartibni saqlashda uning hissasi katta. O'tgan hafta Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev uni bu yutuqlari uchun ikkinchi muddatga tayinladi. Chechen parlamenti esa qarorni bir ovozdan ma'qulladi.

Braziliya termasi bilan o'yindan oldin o'tkazilgan matbuot anjumanida xorijiy jurnalistlar Qodirovdan Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida so'raganida, chechenlar sardori "menga Xitoy va Saudiya Arabistonidagi kabi avtoritar hukumatlar yoqadi" deb javob berdi.

"Saudiya qirolligida tartib bor, hukumat qattiq, hech kim chegaradan chiqmaydi", - deydi Qodirov.

Grozniy ko'chalarida Qodirovning ko'plab portretlariga ishora qilar ekan, jurnalistlar respublikada shaxsga sig'inish kuchli ekanini ta'kidlaydi.

"Odamlar kelishgan, yosh yigit suratiga tikilishni yaxshi ko'radi", - deydi Qodirov hazillashib.

Respublikada spirtli ichimliklar savdosi cheklangan.

"Fohishalik, aroq va narkotiklardan tushgan pul harom. Bizga kerakmas", - deydi prezident.

Kavkazda jangarilarni kim qo'llab-quvvatlayapti, degan savolga Qodirov an'anaviy "Eron" yoki "Saudiya Arabistoni" javoblaridan qochib, Qo'shma Shtatlarga ishora qiladi.

"Qayerga qaramasang, hamma joyda Amerika. Xoh Iroq bo'lsin, xoh Afg'oniston, xoh Liviya. Kavkazda Amerikaning eng yaqin ittifoqchisi Gruziyaku. Gruziyaliklarga Amerika nega kerak? Axir ulardan ancha uzoqku!"

Qodirov nazarida chechen jangarilari Gruziyada tayyorgarlikdan o'tib, Yevropa yoki Ozarbayjon orqali Rossiyaga yuboriladi.

Braziliya bilan futbol matchiga kelsak, Qodirov o'zini haqiqiy sardor sifatida namoyish qilib, ikkita gol ura oldi. O'yin 6:4 hisobida mehmonlar foydasiga hal bo'ldi. Aytib o'tish joizki, Qodirov uchta penaltidan ikkitasini urolmadi.

Xorijiy jurnalistlarning "braziliyaliklarga qancha to'ladingiz" degan savoliga Qodirov "ularga pul to'lamadik, Chechen xalqini hurmat qilib kelishdi" deb javob berdi.