Harbiy mojarolar bo’ladimi, tabiiy ofatlarmi, barida yosh bolalar eng ko’p aziyat chekadi. Ammo ular himoyasiga nihoyatda kam mablag’ ajratiladi.
2010 yilda dunyo bo’ylab chorak million odam tabiiy ofatlardan jabr ko’rdi. Ularning yarmi – go’daklar.
Har yili minglab bolalar harbiy mojarolar oqibatida halok bo’ladi.
Ammo ular himoyasi uchun ajratilayotgan mablag’ nihoyatda kam, deyiladi “Bolalarni saqlang” deb nomlanuvchi xalqaro tashkilot hisobotida.
Unga ko’ra, 2008-2009 yillarda insonparvarlik maqsadlarida, ya’ni mojarolar-u halokatlarning jabrdiydalari uchun moliyaviy ko’mak oqimi oshgan.
Lekin bu mablag’dan bolalar uncha ko’p foyda ko’rmadi. Masalan, 2008 yilda berilgan yordamning 47 foizi ularga sarflangan bo’lsa, 2009 yilda atigi 32 fozi.
Rashid Xolikov BMTning Jenevada joylashgan Insonparvarlik ishlari bo’yicha idorasi rahbaridir.
Uning aytishicha, ayniqsa Afrika qit’asida bolalar ko’proq madadga muhtoj.
“Kongo Demokratik Respublikasida bolalar uchun mavjud mablag’ning 22 foizi, Somalida 9 foizi, Sudanda esa 12 foizi ajratilgan xolos. Liviyani oladigan bo’lsak, bolalarga bir tiyin ham ajratilmagan”.
UNICEF, BMT Bolalar Jamg’armasi rahbari muovini Dermot Karti esa bugungi vaziyatdan ajablanmaydi.
Uning fikricha, bolalar himoyasi donorlar, ya’ni mablag’ ajratuvchi taraflar uchun boshqa muammolar, masalan aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash yoki yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish kabi muhim tuyulmaydi.
BMT uchun berilyotgan mablag’ odatda muayyan bir maqsadlarni ko'zlaydi, deydi UNICEF vakili, har bir dollarning qayerga va nima uchun sarflanishi belgilangan.
“BMTga bir talay pul berilayapti-yu, bu tashkilot qo’lini shundoq cho’ntagiga solib, pulni shartta chiqara oladi va xohlagan narsaga sarflaydi degan noto’g'ri fikr mavjud. Lekin haqiqat bundan ancha yiroq. Biz unday qila omaymiz”,- deydi Dermot Karti.
“Bolalarni saqlang” xalqaro tashkiloti ma’limotlariga ko’ra, 2009 yilda bolalar manfaati uchun eng ko’p pulni AQSh bergan - 13 million dollar. Ikkinchi o’rinda esa 4,5 million dollar ajratgan Umumiy insonparvarlik jamg’armasi turibdi.
Donor-mamlakatlar aynan bolalar uchun ko’proq qayg’urishi kerak, deya undaydi “Bolalarni saqlang” tashkiloti.