Arab mojarosi Xitoyning Ipak yo'li loyihasi uchun sinov

  • Amerika Ovozi

Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad al-Taniy

Qatar va qo'shni davlatlar orasidagi diplomatik mojaro Xitoy Yaqin Sharqda qanchalik siyosiy ta'sir kuchiga ega ekanini sinovdan o'tkazadi. Saudiya Arabistoni va Qatar Xitoy uchun neft va gaz manbai bo'libgina qolmay, ular yangi Ipak yo'li loyihasida faol ishtirok etishi rejalangan edi.

Pekin 64 davlatni bog'lovchi qariyb trillion dollarlik tijoriy tizim barpo etmoqchi. Yaqin Sharqda erkin savdo zonalarini barpo etish ham bu rejaning bir qismi. Ammo, deydi tahlilchilar, bular hammasi hozircha qog'ozda. Shu bois iqtisodiy qudrat bo'yicha ikkinchi o'rindagi mamlakatning regiondagi voqealarga ta'sir eta olish imkoniyati cheklangan.

Buning ustiga, deydi ekspertlar, Xitoyning boshqalar ichki ishiga aralashmaslik siyosati ham unga pand bermoqda.

Shu hafta Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn va Misr Qatarni terrorizmni moliyalashda ayblab, u bilan diplomatik aloqani uzdi. O'rtada savdo-sotiq ham to'xtashi mumkin.

AQSh va Quvaytning vositachilik urinishlariga qaramasdan, mojaro avj olayapti. Birlashgan Arab Amirliklari Qatarni iqtisodiy embargo haqida ogohlantirgan. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Xitoy mintaqada faolroq rol o'ynamas ekan, Ipak yo'li loyihasi to'liq amalga oshmaydi.

Tadqiqotchi Li Shuofuning aytishicha, Pekin Yaqin Sharqda vositachilik qilishga shoshmayapti.

"Biz taklif etgan yangi xalqaro tijorat tizimi arab davlatlari birga ishlashi uchun, o'z iqtisodlarini ko'tarish uchun zo'r imkoniyat. Shu jihatdan Xitoy regionda faol", - deydi u.

Vu Sayk Xitoyning Yaqin Sharq masalalari bo'yicha maxsus elchisi bo'lib ishlagan. Unga ko'ra, mintaqa bilan hamkorlik chuqurlashib borayapti. Quvayt, masalan, Ipak yo'li tashabbusi doirasida Yevropa va Osiyoni bog'lovchi shahar qurish uchun 130 milliard dollar ajratishini e'lon qilgan.

Hozirgacha energetika diqqat markazida edi, endi savdo va ishlab chiqarish sektorlariga Pekin ko'proq sarmoya qiladi, deydi sobiq elchi.

Taypey milliy universiteti professori Vang Tofar izohicha, Xitoy uchun siyosiy emas, iqtisodiy manfaatlar ustun. "Bir kamar, bir yo'l" tashabbusining strategik ahamiyati shundaki, u AQSh bilan raqobatda Xitoyning iqtisodiy qudratini namoyish etadi, deydi u.

Ammo iqtisodchi Chang Liuga ko'ra, Pekinning Yaqin Sharqdagi jarayonlarga ta'sir eta olish kuchi bo'rttirib ko'rsatilmoqda. "Ipak yo'li loyihasini oling. Undagi maqsad va g'oyalar buyuk, lekin amalda qanday bo'lishini bilmaymiz", - deydi u.

Quvayt va'da qilgan Ipak yo'li shaharchasi qachon qurib bitkazilishi, uning uchun moliya qayerdan kelishi ham noma'lum, deydi Chang Liu.

So'nggi raqamlarga ko'ra, Xitoyning Quvaytga sarmoyasi 2014-yilda 162 million dollardan 2015-yilda 144 million dollarga pasaygan. Quvayt, Oman va Saudiya Arabistoniga esa 2015-yilda Xitoy jami 560 million dollar investitsiyaga qilgan. Qiyos uchun, bu raqam Xitoy Singapurga yotqizgan sarmoyaning atigi 5 foizini tashkil etadi.

Suhbatdoshlarga ko'ra, Xitoy Ipak yo'li proyektini 2014-yilda e'lon qilganidan buyon unda ishtirok etishi mo'ljallangan mamlakatlarga ko'proq sarmoya qilayotgani ham sezilmaydi.