Qo’shma Shtatlar Xitoyning Tibet mintaqasidagi vaziyatdan xavotir bildirmoqda. Sichuan viloyatida yana bir buddist, 20 yoshli Lobsan Sherab o’ziga o’t qo’ygan. Xitoy siyosatidan norozilik ramzi sifatida joriy yilda jami 20 odam shu tariqa hayotdan ko’z yumgan.
AQSh Davlat departamenti vakili Viktoriya Nulandning ta’kidlashicha, Xitoy hukumati buddistlar rahnamosi Dalay Lamani tinmay qoralashi, uni terrorizm va boshqa jinoyatlarda ayblashi Tibetda ahvol yanada og’irlashishiga xizmat qiladi, xolos.
“Pekinni aholi huquqlarini hurmat qilishga, asl vaziyatni o’rganish uchun jurnalistlarga bu yerda ishlashga ruxsat berishini so’raymiz”, - deydi Viktoriya Nuland.
Yaqinda AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi Xitoyni tibetliklarga nistaban repressiv siyosatda ayblab, rezolyutsiya qabul qilgan. Hujjat qonun kuchiga ega bo’lmasa-da, Amerika tashqi ishlar vaziriga Pekinni huquq borasida savolga tutish vazifasini yuklaydi.