AQSh va Xitoy - dunyoning yirik va qudratli davlatlari. Ularning bir-biri bilan qanday aloqada ekani, global siyosat va iqtisodga kuchli ta'sir ko'rsatadi.
Ular biznes hamkorlar, lekin erkinlik va huquq masalalariga kelganda, tomonlar pozitsiyasi tubdan farq qiladi.
Amerika nazarida Xitoy hukumati - repressiv tuzum. Inson huquqlari muntazam ravishda poymol etiladi.
Xitoy esa AQShdan uning ichki masalalariga umuman aralashmaslikni so'ramoqda.
Vashingtonda kecha AQSh - Xitoy strategik va iqtisodiy muloqoti yakunlandi.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton uchrashuvlar samimiy kechdi deydi.
“Deyarli barcha munozarali masalalarni, jumladan Xitoyda inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni muhakama qildik. Har ikkala tomon o’z pozitsiyasini tushuntirdi. Shimoliy Koreadan tortib, Eron va jahon iqtisodiyoti bilan bog’liq muammolar yuzasidan ham fikr almashdik”, - deydi AQSh Davlat kotibasi.
Xitoy matbuoti ham bu uchrashuvlarga ijobiy baho bergan. Rasmiy Sinxua agentligi Klintonning “AQSh-Xitoy o’rtasidagi muoammolarni bartaraf qilish kerak” degan bayonatiga urg’u beradi.
Lekin AQSh Xitoyda huquq va erkinlik og’ir masala ekanini qayd etmoqda.
Klinton kecha Amerika matbuotiga bergan intervyusida, demokratiya quloch ochmagan mamlakatlar Yaqin Sharqdagi voqealardan saboq olishi kerak degan.
Uning fikricha, Xitoy mana shunday namoyishlarning oldini olish uchun harakat qilmoqda.
Vashingtondagi ikki kunlik yig’inda asosan iqtisodiy muammolar muhokama qilindi. AQSh Moliya vaziri Timoti Gaytnerning ta’kidlashicha, Xitoy iqtisodiy siyosatida ba’zi ijobiy o’zgarishlar bor, lekin yuan qiymatiga doir kelishmovchilik yechilganicha yo’q.