Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari ishdan ketdi

  • Amerika Ovozi

General Deyvid Petreus

AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari Deyvid Petreus (David Petraeus) oilali bo'la turib o'zga ayol bilan ishqiy aloqada bo'lganini tan olib, ishdan bo'shagan. Lavozimga u o'tgan yili tayinlangan edi.

Prezident Barak Obamaga yozgan arizasida Petreus oqibatini o'ylamay ish tutganini aytib, unga javob berishni so'ragan.

"Yengiltaklik mendek rahbarga, yetakchiga yarashmaydi", - deydi u maktubida.

Obama Petreusning iste'fosini qabul qilgan.

Kutilmagan yangilik mamlakat xavfsizlik va razvedka tizimlarini larzaga soldi.

Deyvid Petreus, to'rt yulduzli general, Iroq va Afg'onistondagi urushlarda bosh qo'mondonlik qilgan. Urushlarni tugatishda asosiy rol o'ynagan.

Harbiy strukturalarda 37 yillik xizmatidan so'ng Petreus 2011-yilda harbiy xizmatdan iste'foga chiqib, Markaziy Razvedka Boshqarmasiga rahbar etib tayinlangan edi.

1947-yilda asos solingan agentlik dunyodagi eng yirik va kuchli maxfiy xizmat organi hisoblanadi. Yashirin operatsiyalari bilan nom qozongan. 20 ming xodimi bor. Byudjeti sir tutiladi. Biror vazirlikka qaramaydi va to'g'ridan-to'g'ri AQSh rahbariga javob beradi.

Petreus arizasini prezident Obama 8-noyabr kuni olgan va uni qabul qilish-qilmaslik ustida bir kun bosh qotirgan. Chunki, deya tushuntiradi Oq Uy rasmiylari, afsusga to'la prezidentning Petreusga ishonchi va hurmati baland. Obama o'z bayonotida generalni vatan tinchligi va qudrati uchun sidqidildan xizmat qilgan, davlat xavfsizligi uchun ulkan hissa qo'shgan shaxs deb atagan.

Amerika matbuotining yoritishicha, Federal Qidiruv Byurosi bir oz avval tekshiruv boshlagan. Bunga generalning tadqiqotchi jurnalist va yozuvchi Pola Brodvell (Paula Broadwell) bilan juda chuqur munosabatda ekani sabab bo'lgan.

Brodvell Petreusning biografiyasini yozgan va u generaldan juda maxfiy va nozik ma'lumotlar olishga uringani gumon qilinmoqda.

Petreus bilan Afg'onistonda juda ko'p vaqt o'tkazgan jurnalist "cheksiz dopuskka ega bo'lgan" deyiladi ayrim ma'lumotlarda.

Lekin Federal Qidiruv Byurosi Brodvell generalning ma'shuqasi deya bayon qilmagan. Petreusning o'zi ham bu borada og'iz ochmagan.

Xolli Petreus, generalning rafiqasi, ko'zga ko'ringan moliyaviy mutaxassis. Harbiylarga iqtisodiy yordam ko'rsatuvchi tashkilotni yuritadi. Ularning ikki farzandlari bor. O'g'li Stiven Afg'onistonda xizmat qilgan.

60 yoshli general nufuzli Vest Poynt (West Point) harbiy akademiyasini bitirgan.

Keyinroq yana bir taniqli oliygoh, Prinston Universitetida magistrlik va doktorlik unvonlarini olgan.

Petreus rostgo'ylik, kamtarlik, tartib-intizomni hamma narsadan ustun qo'yadigan lider sifatida tanilgan edi. Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktori sifatida axborot vositalarida deyarli ko'rinmas edi.

Shu yilning 11-sentabrida Liviyada AQSh elchisi Kristofer Stivens va yana uch amerikalik, jumladan ikki razvedkachi o'ldirilgani yuzasidan tekshiruv davom etarkan, kelasi hafta Petreus bu borada Kongress huzurida hisobot berishi kutilgan edi.

AQSh rasmiylarining bildirishicha, uning ishdan ketishining Liviyadagi fojiaga umuman aloqasi yo'q. Bo'shashga uni o'z qilmishlari, aynan ishqiy aloqa, majbur qilgan.

Petreusning o'rnini vaqtincha Maykl Morell egallagan. Morell bugungacha direktor o'rinbosari edi.

Prezident Obama yaqin kunlarda boshqarma rahbari lavozimiga o'z nomzodlarini ko'rsatadi.